O‘zbekistonda tez yordam mashinalari uchun GPS yordamida sun’iy yo‘ldosh monitoringi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bugungi kunda tez yordamda bitta chaqiriqqa dori-darmon uchun ajratilayotgan mablag‘ 8000 so‘mni tashkil qilmoqda. Shuningdek, maxsus avtomashinalar parki 60-70 foizga yangilandi. Foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan avtotransport vositalarini zamonaviylariga almashtirish ishlari esa bosqichma-bosqich davom ettirilyapti. 7 yilda tez yordamda reanimobillar soni 24 tadan 500 taga ko‘paydi. Jumladan, 2023 yil Respublika tez tibbiy yordam markaziga Jizzakh Auto tomonidan ishlab chiqarilgan 337 ta Volkswagen Caddy mashinalari topshirildi.
Qayd etilishicha, aholiga yanada sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida tez yordam uchun yana 1000 dona A toifali zamonaviy avtomashina xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadda Osiyo taraqqiyot banki loyihasi asosida kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu orqali tizimdagi Damas avtomobillari to‘liq yangilanadi.
Shuningdek, olis va chekka hududlar, tog‘li va cho‘l mintaqalarida ushbu sohani rivojlantirish, tizim xodimlarining xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirish maqsadida maxsus yo‘ltanlamas avtomobillar olib kelinadi. 2023 yil 103 xizmatida yagona Call-markaz tashkil qilinadi. Sohada kompleks axborot tizimlarini joriy etish maqsadida ularda yagona intellektual chaqiruv platformasi yaratiladi. Shu bilan birga, xizmat avtotransportlari uchun GPS yordamida sun’iy yo‘ldosh monitoringi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.