Uy xizmatchiligidan top-institut talabaligiga – o‘zbek qizi buni qanday uddaladi?

O‘zbekiston 13:48 / 21.03.2023 33219

“Mikrofon qizlarda” loyihasining bu safargi qahramoni – Nigina Ortiqova. Bundan 8 yil oldin oilasi bilan grin-karta orqali AQShga ketgan samarqandlik Nigina, dastlab, ham o‘qib, ham uy xizmatchisi bo‘lib ishlaydi. Hozir esa dunyoning eng top universitetlaridan biri bo‘lgan Massachusets texnologiyalar instituti (yoki Massachusets texnologiyalar universiteti) magistraturasida tahsil olyapti. Niginaning muvaffaqiyat hikoyasi o‘ziga xos.

“Shaharga ketishni xohlaganman...”

Bundan 8 yil oldin men o‘qigan bir maqola hayotimni butunlay o‘zgartirib, oqibatda o‘zimning ham o‘zgarishimga sabab bo‘lgandi.

Ismim Nigina, Samarqand viloyati Toyloq tumanidanman. Oilada 5 nafar qiz farzandmiz. Bolaligimni eslasam, asosan, dalada mol boqqanim ko‘z oldimga keladi. Dashtda kartoshka, piyoz yetishtirardik. Lekin qishloq xo‘jaligida ishlashni yomon ko‘rardim va har doim shaharga ketishni orzu qilib, harakat qilardim. Zulfiya mukofoti tanlovida qatnashib, doim tumanda g‘olib bo‘lib viloyatdan qaytib kelardim. O‘sha paytlari o‘rinlar sotilishi haqida ko‘p gapirilardi. Men bu tanlovga grantda o‘qish imkonini qo‘lga kiritib, shaharga orzusida qatnashaverardim.

Grin-karta tarixi

2014 yili bizning oilamizga grin-karta chiqqan. Bu biz uchun hayron qolarli narsa edi. Chunki otam 4 yilcha oldin maxsus firma orqali grin-karta "o‘ynagan". Samarqandda odamlarga grin-karta o‘ynatadigan ofislar ko‘p. Lekin keyinchalik bu otamning esidan ham chiqib ketgan. Firma esa dadamning ma’lumotlari bilan har yili grin-karta uchun ariza to‘ldirib qo‘yavergan va 4 yilgan keyin yutuq chiqqan. Shunday qilib hujjatlarni tayyorladik va 2014 yili Amerikaga kirib keldik.

“Mashaqqatli yo‘lning boshlanishi...”

Opamdan qarz olib turgan qora kostyumimni kiyib, qishning sovug‘ida yupun kiyingan holda eshikma-eshik kirib butun Nyu-Yorkdan ish qidirganim esimda… O‘shanda mening orzum supermarketda oddiy hisobchi bo‘lib ishlash edi, lekin ingliz tilini bilmaganim sababli hech kim meni ishga olmasdi. Hayotim juda qorong‘u ko‘rinardi.

Birinchi ishimni Nyu-York shahrida rus va yaxudiylarning uylarini tozalashdan boshlaganman. Kuniga atigi 50 dollar to‘lashardi. Ishim og‘ir va mashaqqatli edi, ko‘pincha yahudiylar tomonidan irqchilikka ham duch kelganman. Nahot yosh bo‘la turib, bundan boshqa ish qila olmasam deb o‘ylardim. Lekin ko‘rganlarimning hammasi menga mehnatning qadrini o‘rgatdi.

Atrofimdagilar ham meni ta’sirlantirardi: o‘zbek xotin-qizlarining deyarli hammasi AQShga kelgach, yo turmushga chiqib ketadi yo kelganida boshlagan oddiy xizmatchilik rolida qolib ketaverishadi.

Hayotimni o‘zgartirgan maqola

2016 yilda “Amerika ovozi” nashrida chop etilgan “O‘zbeklar xizmatkorlar xalqimi?” maqolasini o‘qib qoldim. U payti men qariyalarni parvarishlash bilan shug‘ullanardim. Maqola AQShga O‘zbekistondan kelganlar o‘z ustida ishlab, rivojlanishga harakat qilmayotgani, oddiy ishlar bilan chegaralanib qolishayotgani haqida edi. Shu maqola menga qattiq ta’sir qilgan va o‘z ustimda ishlashim kerakligini tushunishimga yordam bergan.

Bu vaqtda O‘zbekistonda kollejni bitirmay kelganim uchun Amerikada yuqori maktabda o‘ninchi sinfni qayta o‘qiyotgandim ham. Ertalabki yettidan peshingi to‘rtgacha maktabga borardim, darslardan so‘ng ishga ketardim.

Ko‘p ishlaganim sababli darslarda uxlab qolardim. Maktabni juda ham past baho bilan tugatdim. Ammo ingliz tilim ancha yaxshilandi. Past baholarim sababli biror 4 yillik universitet meni qabul qilmadi. Faqat Nyu-Yorkdagi 2 yillik kollejga kira oldim, xolos. O‘zimni omadsiz his qilardim. Biroq mehnat qilishdan to‘xtamadim. Kollejni eng yuqori ball bilan tugatgan bitiruvchi bo‘ldim.

Mashaqqatlarim mamlakatdagi eng yaxshi liberal san’at maktablaridan biri bo‘lgan va AQShda yuqori o‘rinda turadigan Massachusets shahridagi Wellesley oliygohiga qabul qilinishimga sababchi buldi. Keyinroq Massachusets texnologiyalar institutiga (Massachusets Institute of Technology (MIT) magistraturaga o‘qishga qabul qilindim. Hozirda ham bakalavriatni, ham magistraturani birday olib boryapman.

Qanday qilib?

Men oson yo‘l borligiga ishonmayman. Dunyoda oson yo‘lning o‘zi yo‘q. Masalan, qariyalarni parvarishlash – juda og‘ir ish. O‘qib muvaffaqiyatga erishish ham oson emas. Men bu ikki tanlov ichidan o‘zimning qiyin yo‘limni tanlaganman.

Qolaversa, bolaligimdan ota-onam men bilan faxrlanishlarini xohlaganman. Ular besh qizni ulg‘aytirish uchun butun umrlarini sarflashgan. Amerikaga kelgach ikkalalari ham og‘ir ishlarda mehnat qilishlariga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun ular bizga berayotganlariga munosib bo‘lishni istaganman.

Dunyoning top universitetida o‘qish tizimi qanday?

Hozir xalqaro reytinglarda birinchilikni egallagan OTMda o‘qiyapman. Bu yerda yaxshi o‘qish hammaning o‘ziga bog‘liq. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi, lekin o‘zlashtirish talabaga qoldiriladi. Hamma o‘zining loyihalari ustida ishlaydi. Men ham hozir o‘z innovatsion loyiham ustida ishlayapman. Har doim o‘zimning avval qayerda va hozir qayerda ekanim haqida o‘ylab, solishtirsam juda katta shukronalik hissini tuyuman.

Oila va shaxsiy rivojlanish

O‘zbekchilik nuqtayi nazarida qaraganda biroz kechroq – 25 yoshda turmush qurdim. Hozir 26 yoshdaman. Sababi meni qo‘llab-quvvatlaydigan va maqsadlarimni tushuna oladigan inson bilan oila qurishni xohlaganman. Turmush o‘rtog‘im turk millatiga mansub.

Inson oila qurib shaxsiy rivojlanishni to‘xtatishi emas, balki birgalikda o‘sish yo‘lini topishlari kerak deb o‘ylayman.

Hozirgi kunda Amerikadagi 3 ta yiriy kompaniya: L3Harris Technology, Optum Insighs, Spotify’dan IT bo‘yicha ish takliflarini olganman. SamSara kompaniyasida esa suhbatdan o‘tish jarayonidaman.

Meni eshitayotgan qizlarga...

Meni o‘qiyotgan o‘zbek qizlariga, avvalo o‘zlariga ishonishlarini aytgan bo‘lardim. Ba’zida biz yashayotgan jamiyat bizga juda ko‘p narsani uqtirishga harakat qiladi: “Sen turmushga chiqishing kerak, oilali bo‘lishni o‘yla, o‘qima. Qiz bola – palaxmon toshi” kabilar. Lekin bu uqtirishlar sabab o‘qishni tashlab qo‘yish kerak emas. Qizlar, ayniqsa, ta’lim olish haqida ikki baravar ko‘proq o‘ylashlari va harakat qilishlari kerak.

Uy xizmatchisi bo‘lib ishlab yurgan vaqtimda juda ko‘p o‘zbek qiz ayollaridan tanishlar orttirganman. Ularning ko‘pini hali ham ko‘rib turaman. Shu 5 yıl ichida esa ularda hech qanday o‘zgarish bulmaganini ko‘rish yuragimni og‘ritadi. Ko‘p o‘zbek dugonalarim supermarketda yoki xizmatkor bo‘lib ishlashadi. Halol ish, buning hech qanday aybi yo‘q, ammo yoshlar kelajagi bor bo‘la turib, o‘sish uchun harakat qilmasliklarini ko‘rsam, yuragim og‘riydi.

Men xohlardimki, hamma o‘zbek xotin-qizlari o‘ziga ishonishsin. Men o‘sishni uddalay oldimmi, demak, ular ham, albatta, buni qila olishadi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: