Turkiyadagi saylovlar: Erdo‘g‘an hokimiyatni saqlab qola oladimi?

Jahon 19:00 / 21.03.2023 45554

Turkiyada saylov kampaniyasi tobora qizib bormoqda. 14 may kuni mamlakatda prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Prezidentlik uchun 9 yildan beri Turkiyani boshqarib kelayotgan, undan oldin 11 yil bosh vazir lavozimida ishlagan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an asosiy nomzod sifatida kurashadi. Muxolifat ham yagona nomzodini tanladi va bu koalitsiya iqtisodiy inqiroz, «erdonomika» va demokratik institutlar yo‘q qilinishidan jabr ko‘rgan eng xilma-xil saylovchilarni birlashtirishi kutilmoqda. Turkiya umuman tayyor bo‘lmagan dahshatli zilzila saylovoldi kampaniyasiga qo‘shimcha omillar qo‘shdi. BBC nashri saylovoldi poygasi ishtirokchilari, asosiy intrigalar va istiqbollar haqida maqola tayyorladi.

Barcha imkoniyatga ega bo‘lgan nomzodlar

Butun o‘tgan yil davomida tahlilchilar agar turk muxolifati kelishuvga erishib, Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga qarshi yagona nomzod ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lsa, ularda prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish imkoniyati paydo bo‘lishini ta’kidlab keldi.

Muxolifat nomzodni tanlashni va uni e’lon qilishni oxirgi daqiqalargacha cho‘zdi. Bunga bir tomondan, Erdo‘g‘an nomzodga nisbatan ma’muriy resurslarni qo‘llashiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi, boshqa tomondan esa, ichki kelishmovchiliklar sabab bo‘ldi.

Muxolifat yetakchisi roliga asosiy nomzodlar ikki muhim shahar – Istanbul va Anqara merlari hisoblanayotgandi.

Ularning biri, Akrom Imomo‘g‘li 2019 yili Istanbul merligiga saylovda g‘alaba qozongan 54 yoshli istiqbolli siyosatchi. Shahar rahbarligiga boshqa nomzodni qo‘llab-quvvatlagan, Imomo‘g‘lining g‘alabasidan g‘azablangan Erdo‘g‘an o‘shanda hammani saylovlar adolatsiz o‘tganiga ishontirishga uringandi. Imomo‘g‘li 19 kun shahar hokimi bo‘lib ishladi, shundan so‘ng saylov komissiyasi baribir saylov natijalarini bekor qildi va yangi saylov belgiladi. Imomo‘g‘li yana g‘alaba qozondi va bu safar hatto hukmron partiya vakili bo‘lgan raqibidan ustunligini oshirib oldi ham.

Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lining reytingi yuqori, ammo uning saylov komissiyasi bilan muammolari bor. Foto: NURPHOTO

Ammo aynan o‘sha saylovlar Imomo‘g‘lini prezidentlikka nomzod bo‘lish imkoniyatidan mahrum etdi. U birinchi saylov natijalari bekor qilinishini ahmoqlik deb atadi, natijada Imomo‘g‘li saylov komissiyasi a’zolarini haqorat qilishda ayblanib, qamoq va siyosiy faoliyatni taqiqlash jazosiga hukm qilindi.

Uning apellyatsiyasini ko‘rib chiqilgunga qadar Imomo‘g‘li Istanbul meri bo‘lib qoladi. Ammo unga istalgan soniyada haqiqiy qamoq jazosiga qo‘llanishi mumkinligini tushungan holda, Imomo‘g‘li prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surmadi.

Yana bir potensial nomzod Anqara shahri hokimi Mansur Yavash edi. Uning Turkiya siyosatidagi yo‘li Imomo‘g‘linikidan unchalik farq qilmaydi. Yavash bir necha bor Anqara merligi saylovlarida qatnashgan va 2019 yilda, uchinchi urinishda g‘alaba qozonishga erishgan.

Turkiya poytaxtini boshqargan yillarida Yavash deyarli qattiq tanqidga uchramadi va shaharda unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishdi. Imomo‘g‘lidan farqli o‘laroq, Yavash kamdan kam intervyu beradi va shahar hokimi sifatidagi faoliyati doirasidan tashqaridagi masalalarda kam gapiradi. Shu bilan birga, ijtimoiy so‘rovnomalarda u hatto Imomo‘g‘lidan ham, Erdo‘g‘andan ham yuqorida bo‘lib, yetakchi o‘rinni egallagan.

Ammo keng muxolifatdan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun Anqara meriga millatchi imiji to‘sqinlik qildi, chunki uning nomzodlikka tanlanishi saylovlarda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan so‘l qanot saylovchilari va kurdlarni koalitsiyadan uzoqlashtirishi mumkin edi.

Oxir-oqibat, olti partiya tortishuvlar, bahslar va demarshlar bilan uchinchi nomzod bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu tanlov ham dastlab hammaga ma’qul kelmadi, lekin u potensial ravishda eng keng ommani, jumladan kurd saylovchilarni birlashtirishga qodir edi. Biroq muxolifat muzokaralarida kurdlarning vakillari ishtirok etmadi.

Olti stol

«Xalq koalitsiyasi» nomi bilan tanilgan Turkiya muxolifati olti partiyadan iborat: Otaturk tomonidan asos solingan «Jumhuriyat xalq partiyasi» (Cumhuriyet Halk Partisi, CHP), «Saodat partiyasi» (oldingi Fazilet Partisi), o‘ng qanot millatchi «Yaxshi partiya» (İYİ Parti), markazchi «Demokratik partiya» (Demokrat Parti), «Demokratiya va taraqqiyot partiyasi» (Demokrasi ve Atılım Partisi, DEVA) hamda hukmron partiyaning sobiq raisi, sobiq bosh vazir va sobiq tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li tomonidan asos solingan «Kelajak partiyasi» (Gelecek Partisi).

Bunday turli qarashdagi kuchlarning siyosiy kurashda birlashishga tayyorligi ularning saylovchilari mamlakatdagi o‘zgarishlarni qanchalik kutayotganidan dalolatdir.

Muxolifatni birlashtirish uchun Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li mas’ul bo‘ldi. Va ko‘pchilik hamkasblari aynan uni Turkiya prezidenti sifatida ko‘rishga tayyor.

Muxolifat qurultoyi 2 mart kuniga belgilandi va ular 6 mart kuni yagona nomzodni e’lon qilishga va’da berdi. Bu to‘rt kun «Xalq koalitsiyasi» uchun haqiqiy dahshatga aylandi. «Yaxshi partiya» rahbari Meral Akshenerdan tashqari barcha Qilichdoro‘g‘li nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Akshener Qilichdoro‘g‘li nomzodini ma’qullamasligini hech qachon yashirmagan va undan ehtimoliy nomzod haqida so‘ralganda, u Qilichdoro‘g‘lining imkoniyatlariga ishonmasligiga ishora qilib, «biz g‘alaba qozonadigan insonning nomzodini xohlaymiz» deya javob bergan. Ammo uning fikri jiddiy to‘siq bo‘lmaydigandek tuyulgandi.

Bu tuyg‘u haqiqatdan yiroq edi. Akshener yoki Akrom Imomo‘g‘li, yoki Mansur Yavash muxolifatning yagona nomzodi bo‘lishi kerak deb turib oldi.

U koalitsiyani xalq irodasini ifoda eta olmayotganlikda ayblab, «oltilik stoli»ni tark etdi. U, shuningdek, Istanbul va Anqara merlariga murojaat qilib, ularni «mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va xalq chaqirig‘iga javob berish»ga chaqirdi. Akshenerning fikricha, ularning mamlakatdagi mashhurligi va yuqori reytingi Erdo‘g‘anni mag‘lub etishga yordam beradi. Ekspertlar bu demarshni siyosiy suiqasd deb atadi.

Akshener xonim muxolifat nomzodi sifatida tasdiqlangan Qilichdoro‘g‘lining chiqishini tinglamoqda. Foto: LIGHTROCKET

Imomo‘g‘li va Yavash o‘zaro uchrashdi va shundan so‘ng ularning ikkisi ham Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisini qo‘llab-quvvatlab, muxolifat yetakchisi rolidan voz kechishdi.

«Qilichdoro‘g‘li mashhurroq bo‘lgani uchun muxolifat nomzodi bo‘lmadi. Istanbul va Anqara merlarining reytingi yuqoriroq edi. Lekin Qilichdoro‘g‘li — partiya yetakchisi. Shuning uchun Yavash va Imomo‘g‘li Kilichdoro‘g‘lining tasdiqlovisiz nomzod bo‘la olmasdi va u o‘z nomzodini ilgari surdi», deydi Karnegi markazining katta ilmiy xodimi Sinan Ulgen.

Turkiya siyosati bo‘yicha ekspert Firdavs Robinsonning so‘zlariga ko‘ra esa, Qilichdoro‘g‘li Istanbul va Anqara ustidan nazorat Erdo‘g‘an partiyasiga o‘tmasligi uchun shunday qaror qabul qilgan. Saylovda qatnashish uchun merlar o‘z lavozimlaridan iste’foga chiqishi kerak edi.

«Agar shunday holat yuz bersa, shaharlar ustidan nazorat hukmron partiya qo‘liga o‘tadi», deydi u.

Oxir-oqibat partiyalar kelishuvga erishdi va «oltilik stol» tarqalib ketmadi. Kelishuvga ko‘ra, Qilichdoro‘g‘li prezident bo‘lsa, yoshroq va mashhurroq Imomo‘g‘li yoki Yavash vitse-prezident lavozimini egallaydi.

Turkcha «tuz yurishlari»

Kamol Qilichdoro‘g‘li 74 yoshda. U 13 yildan beri mamlakatdagi eng keksa Jumhuriyat xalq partiyasini boshqarib keladi.

Qishloqdan chiqqan bo‘lishiga qaramay, Qilichdoro‘g‘li Anqarada iqtisodiyot bo‘yicha ta’lim olgan, so‘ngra Turkiya moliya vazirligida ishlagan. Keyinchalik u mamlakatning ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini boshqargan va 1990-yillarda, asosan korrupsiyaga qarshi kurashi uchun mahalliy iqtisodiy jurnal tomonidan «yil amaldori» e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Qilichdoro‘g‘li va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi asosiy farq: birinchisi davlat xizmatchilari mamlakat muammolarini hal qilishda asosiy rol o‘ynashi mumkin deb hisoblaydi, ikkinchisi esa byurokratiyani to‘siq deb biladi.

Foto: Getty Images

1999 yilda Qilichdoro‘g‘li davlat xizmatini tark etadi. U ma’lum vaqt universitetda dars beradi va hatto turk banklaridan birining direktorlar kengashiga qo‘shiladi. Ammo tez orada siyosatchi bo‘lishga qaror qiladi va Turkiya parlamenti — Buyuk Millat Majlisi deputati etib saylanishga muvaffaq bo‘ladi.

Qilichdoro‘g‘lining sheriklaridan biri DW nashri bilan suhbatda prezidentlikka nomzod haqida shunday dedi: «U rasmiy hujjatlar bilan to‘la xonada har qanday qonunbuzarliklarni tezda topadi va korrupsiyani aniqlay oladi».

2016 yilda Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘ldi, harbiylar Istanbuldagi Bosfor bo‘g‘ozi ko‘priklarni to‘sib qo‘ydi, qiruvchi samolyotlar va vertolyotlar havoga ko‘tarildi. Harbiylar Erdo‘g‘an endi hokimiyat tepasida bo‘la olmasligini ta’kidladi. Davlat to‘ntarishiga urinish ortida kim turgani haqidagi savolga haligacha aniq javob yo‘q. Erdo‘g‘an esa bu voqealardan undan norozi bo‘lganlarni jazolash uchun foydalandi.

Kamol Qilichdoro‘g‘li dastlab davlat to‘ntarishiga urinishni «demokratiyaga qilingan hujum» deb atadi. Bir necha kundan keyin Erdo‘g‘an mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Ommaviy tozalashlar boshlandi: o‘qituvchilar va sudyalar ishdan bo‘shatildi, o‘n minglab davlat xizmatchilari ishsiz qoldi, yoppasiga jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi, ko‘plab insonlar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

Shundan keyin Qilichdoro‘g‘li bo‘layotgan voqealarga munosabatini o‘zgartirdi. U davlat to‘ntarishiga urinishni «boshqarilgan» deb atadi va konstitutsiyaga Turkiya prezidenti vakolatlarini yanada kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bor kuchini sarfladi.

Biroq urinishlar muvaffaqiyatsiz tugadi, 2017 yilda konstitutsiyaviy referendum o‘tkazildi, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi.

2017 yilning 12 iyun kuni Anqarada minglab odamlar ko‘chaga chiqdi. Ularning rahbari Qilichdoro‘g‘li namoyishchilar bilan birgalikda poytaxtdan Istanbulgacha 450 kilometr yo‘l bosib o‘tishni maqsad qildi. Bu Turkiya xalqining noqonuniy hibsga olish va tozalashlarga javobi — «Adolat marshi» edi.

30 mingga yaqin odam Turkiya yozi jaziramasida piyoda yurib, kuniga taxminan 20 kilometr yo‘l bosdi. Ularning plakatlari va futbolkalariga «adalet» (adolat) so‘zi bitilgan edi.

Kolonna 9 iyul kuni Istanbulga yetib keldi. Marsh yuz minglab odamlar ishtirok etgan miting bilan yakunlandi va Qilichdoro‘g‘li minbardan turib hukumatdagi tozalashlar mamlakat sud tizimini qanday o‘zgartirishi haqida nutq so‘zladi.

Marshda qatnashayotgan Qilichdoro‘g‘li. Foto: AFP

O‘sha yilgi «Adolat marshi» ko‘pincha Mahatma Gandining «Tuz marshi» bilan taqqoslanadi. Shu sababli, shuningdek, ba’zi tashqi o‘xshashliklar va Qilichdoro‘g‘lining jamoat oldida o‘zini tutishi sabab siyosatchi «turk Gandisi» deb ataldi.

Parlamentar respublikaga qaytish

Turkiya siyosati bo‘yicha ekspert Firdavs Robinson Qilichdoro‘g‘lini tajribali siyosatchi deb atagan. «U halol, yumshoq, ammo intizomli va qat’iyatliligi bilan obro‘ga ega», deydi ekspert.

Qilichdoro‘g‘li bu saylovda ko‘p va’dalar bilan qatnashmoqda. Yanvar oyi oxirida «oltilik stol» mamlakatdagi vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga olgan 250 sahifalik hujjatni e’lon qildi.

Agar bu hujjatdagi asosiy tezislar umumlashtirilsa, muxolifat unda huquq va erkinliklar uchun kurashish, korrupsiya va qarindosh-urug‘chilikdan xalos bo‘lish, NATO ittifoqchilari bilan mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun tashqi siyosatni G‘arbga yo‘naltirish, Erdo‘g‘anning mamlakatni inqirozga olib kelgan noodatiy iqtisodiy va moliyaviy siyosatidan voz kechish va so‘z erkinligini ta’minlashga va’da bergan.

Ammo asosiy maqsad Turkiyani parlament tizimiga qaytarish va Erdo‘g‘anga maksimal vakolatlar bergan 2017 yilgi tuzatishlarni yo‘q qilish uchun konstitutsiyaga yana o‘zgartirish kiritishdir.

«Atrofini salohiyati uchun emas, balki sadoqati uchun tanlagan odamlar bilan o‘rab olgan avtoritar Erdo‘g‘andan farqli o‘laroq, Qilichdoro‘g‘li meritokratiyani (ya’ni eng qobiliyatli kishilar rahbarlik lavozimlarini egallash tamoyilini) tiklashga va’da bermoqda», deydi Firdavs Robinson.

NURPHOTO

Bu va’dalar ko‘pchilik tashqi kuzatuvchilar uchun jozibali ko‘rinadi. Lekin turk jamiyati ancha murakkab.

Hukmron «Adolat va taraqqiyot partiyasi» o‘zining yigirma yillik boshqaruvi davrida diniy mansublik orqali turli ijtimoiy guruhlar bilan bosqichma-bosqich muloqot o‘rnatdi. «Turk musulmoni» qiyofasi mana shu yo‘l bilan shakllantirilgan bo‘lib, u ko‘plab turklar uchun ham mamlakat ichida, ham xorijda birlashtiruvchi bo‘g‘in bo‘ldi.

Erdo‘g‘an muntazam ravishda ushbu kartadan foydalanadi: mamlakatdagi muammolarda «tashqi dushmanlar»ni ayblaydi va aybdor sifatida «musulmon bo‘lmagan G‘arb»ni ko‘rsatadi. Turkiya prezidenti Turkiya iqtisodiyotiga «hujum» (garchi asosan Erdo‘g‘anning o‘zi olib borayotgan samarasiz siyosat oqibati bo‘lsa ham) va millatni birlashtiruvchi e’tiqodga «hujum» o‘rtasida farq yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan.

Bo‘lajak saylovlar oldidan Erdo‘g‘an yana odatiy ritorikasiga qaytdi: G‘arb matbuoti Turkiya saylovlarining jahon siyosati uchun ahamiyati haqida gapira boshlaganida, prezident buni «G‘arb saylovlarga ta’sir o‘tkazmoqchi» degan versiyaga aylantirdi.

Shu bilan birga, mustaqil jurnalistlar har gal hukmron partiyani islomiy deb ataganida, uning rahbariyati darhol buni rad qilishga uringan va «yo‘q, biz shunchaki konservativ demokratlarmiz» deya javob qaytargan.

Turkiyadagi dindor ayollar ko‘p vaqt davomida hijob o‘rash huquqi uchun kurashib kelgan. Bu talabni qo‘llab-quvvatlash o‘z vaqtida Erdo‘g‘an partiyasiga hokimiyatga kelishda yordam bergan. Foto: Getty Images

Bunday g‘oyalar (G‘arbni yomonlash usuli) ko‘pincha o‘z millati buyukligi, tashqi dushmanga qarshi turadigan madaniy va diniy qadriyatlar g‘oyasi osongina qabul qilinadigan jamiyatlarda mashhur bo‘ladi.

Va hatto Erdo‘g‘an siyosatidagi muammolarni yaqqol ko‘rgan diniy jamoat vakillari ham dunyoviylik tamoyilini, ya’ni din va davlatni aniq ajratishni targ‘ib qilgan muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor emas.

Bu amalda, masalan, hozirgi muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi hokimiyat tepasida turganda, ta’lim va davlat muassasalarida ayollarning ro‘mol va hijob o‘rashini taqiqlashni qo‘llab-quvvatlaganida ifodalangan edi. Yillar davomida yosh qizlar maktablarda, davlat xizmatchilari esa ish joylarida hijob kiyish huquqi uchun kurashdi. Erdo‘g‘an va uning partiyasi bu vaziyatdan muvaffaqiyatli foydalanib, taqiqni bekor qilishga chaqirdi. O‘shandan beri u o‘z partiyasining sa’y-harakatlari tufayli turk ayollari hijob kiyish huquqiga ega bo‘lganini doimo ta’kidlab keladi. Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi esa hijobni turk demokratiyasiga tahdid (yoki hech bo‘lmaganda bunday tahdidning ramziga aylangan) deb hisoblashda davom etmoqda.

Ammo 2022 yil kuzida Kamol Qilichdoro‘g‘li va uning partiyasi jamiyatning diniy qismi qo‘llab-quvvatlovidan mahrum bo‘layotganini nihoyat anglab yetdi. Qilichdoro‘g‘li partiya tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘radi va ayollarning hijob o‘rashi huquqi saqlanib qolishiga va’da berdi.

Erdo‘g‘anning muammolari

Erdo‘g‘an uchun vaziyat hozircha yaxshi ketayotgani yo‘q. Uning reytingi hamon yuqori: so‘rovnomalarga ko‘ra, 44 foiz respondentlar amaldagi prezidentga ovoz berishga tayyor, ammo Qilichdoro‘g‘li 55 foiz ovoz bilan raqibidan oldinda.

2011 yilda Turkiya dunyoning 17-yirik iqtisodiyoti bo‘ldi va iqtisodiy o‘sish bo‘yicha G20’ning barcha davlatlaridan o‘zib ketdi. Erdo‘g‘an o‘shanda Turkiya 2023 yilga borib dunyoning eng kuchli iqtisodiyoti o‘ntaligiga kirishiga va’da berdi.

2023 yil ham keldi, lekin Turkiya o‘z maqsadidan faqat uzoqlashdi. Mamlakatda iqtisodiy inqiroz davom etmoqda. Odamlar eng asosiy narsalar — oziq-ovqat va transport narxlari qanchalik oshib borayotganini sezmoqda. Bu inqirozning sababi aynan Erdo‘g‘an mamlakatda qurgan tizimda.

Markaziy bank aslida muxtoriyatga ega emas va faqat prezident undan kutgan qarorlarni qabul qiladi. Prezidentning esa pul-kredit siyosati bo‘yicha o‘ziga xos qarashlari bor.

Narxlar o‘sishi Turkiya aholisi uchun asosiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Foto: SOPA IMAGES/LIGHTROCKET

Butun dunyoda markaziy banklar inflatsiya tezlashishiga asosiy stavka – Markaziy bankning tijorat banklariga kredit berish foizini oshirish orqali reaksiya bermoqda. Ammo Turkiyada Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirdi, bu esa inqirozni yanada kuchaytirdi.

Ishsizlik darajasi yuqoriligi ijtimoiy keskinlik va muhojirlar oqimi tufayli yuzaga kelgan salbiy kayfiyatni kuchaytiryapti.

«Turkiya aholisi juda ko‘p bo‘lgan davlat. Mamlakatdagi birgina suriyaliklarning o‘zi 4 millionga yaqin. Bu muammoni kim hal qiladi? Bu juda jiddiy masala, chunki bu odamlar ham ish olmoqda. Bu Erdo‘g‘anning «Axilles tovoni» va muxolifat aynan shunga katta bosim bermoqda», deydi Rossiyaning Yangi Turkiyani o‘rganish markazi direktori Yuriy Mavashev.

Mavashevning fikricha, Erdo‘g‘an o‘zining «islom birdamligi» haqidagi gaplari bilan o‘zini burchakka qisib qo‘ydi. Agar u barcha bayonotlaridan keyin muhojirlar bilan bog‘liq muammoni radikal hal qila boshlasa, hatto saylovchilar ham uni ikkiyuzlamachilikda ayblaydi.

Amaldagi prezidentning asosan yirik shaharlarga ko‘chib kelgan sobiq qishloq aholisidan iborat elektorati shundoq ham norozi kayfiyatda. Istanbul va Anqaradagi hayotlari davomida ular turmushlari qanchalik yaxshilanganini his qilishga muvaffaq bo‘ldi, lekin so‘nggi yillarda va ayniqsa, inqiroz boshlanishi bilan ular ham yuqori narxlar va ishsizlik muammosiga duch keldi.

Zilzila

Erdo‘g‘an rejimi asosan iqtisodiyotni barqarorlashtirish bo‘yicha va’dalarga tayangani hisobga olinsa, hozirgi inqiroz amaldagi prezident uchun jiddiy muammo.

Katta ma’muriy resurslarga ega bo‘lgan tajribali siyosatchi Erdo‘g‘an oldin hech qachon populistik qarorlar qabul qilishdan, hatto ular milliy iqtisodiyotga aniq zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa ham qochmagan. U reytingga ta’sir ko‘rsatadigan hozirgi iqtisodiy muammolarni siyosiy vositalar bilan ikkinchi planga tushirishi mumkin edi. Ammo u saylov sanasini belgilaganidan keyin Turkiyada zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila oqibatida o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi. Bir milliondan ortiq odam boshpanasiz qoldi.

Erdo‘g‘anning partiyasi vayronagarchiliklar uchun aybni sifatsiz materiallardan foydalangan ishlab chiquvchilarga yuklashga harakat qildi. Bu reja faqat qisman ishladi. So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Turkiya aholisining 34 foizi sodir bo‘lgan voqeada hukumatni, 26,9 foizi ishlab chiquvchilarni ayblaydi. Erdo‘g‘anning uzoq yillik tarafdorlari orasida esa vaziyat teskari, ularning 46,2 foizi qurilish kompaniyalari mas’uliyatiga ishonadi.

Muxolifat yetakchisi Qilichdoro‘g‘li, ayb hukumatda ekani, u korrupsiya va past qurilish standartlariga yo‘l qo‘yganini aytdi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila tufayli Turkiya ko‘rgan iqtisodiy zarar miqdori 100 milliard dollardan oshadi. BMT matbuot kotibi Luiza Uinton vaziyatni quyidagicha izohladi: «Mamlakatning ehtiyojlari juda katta, ammo resurslar kam».

Prezidentlik poygasida kim g‘alaba qozonishi va parlamentda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishidan qat’i nazar, Turkiyani qiyin kunlar kutmoqda. Firdavs Robinsonning aytishicha, mamlakat iqtisodiyotda, armiyada, davlat sektorida va ta’lim tizimida tub islohotlarga muhtoj.

Zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda to‘qqiz millionga yaqin saylovchi bor, ular mamlakatdagi 600 nafar qonun chiqaruvchidan 96 nafarini o‘z ovozlari bilan saylashi mumkin. Shuning uchun ham bu ovozlar uchun doimiy kurash olib borilmoqda.

Rasmiylar qo‘llab-quvvatlovni saqlab qolishga umid qilib, odamlarga tovon puli to‘lash va uylarni tezda tiklashga va’da berdi hamda vayronalarni tozalash dasturlarini tezlashtirdi. Muxolifat ham odamlarni o‘z tomoniga tortishga harakat qilmoqda. Istanbul, Anqara va Izmir ma’muriyatlari muxolif merlari bilan jabrlangan hududlarga qutqaruv guruhlari va insonparvarlik yordamlarini jo‘natdi.

Ammo ushbu saylov natijalarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yana bir saylovchilar guruhi bor.

SOPA IMAGES/LIGHTROCKET

Kurdlar hal qiladi

«Xalqlarning demokratik partiyasi» (XDP) Turkiya parlamentida yirikligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatdagi etnik ozchiliklar, xususan kurdlar huquqlarini himoya qiluvchi so‘l siyosiy kuch.

Kurdlar — milliy davlati bo‘lmagan eng katta xalqdir. Birinchi jahon urushidan keyin millionlab kurdlar istiqomat qilgan hududlar Turkiya, Iroq, Suriya va Eron o‘rtasida taqsimlanadi. Biroq kurdlar deyarli hech qayerda assimilyatsiyaga uchramadi. Bu mamlakatlarning aksariyatida ular ta’qibga uchragan, huquqlari e’tibordan chetda qolgan.

Turkiyada kamida 15 million kurd yashaydi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ular aholining 15-23 foizini tashkil qiladi. Aynan ular «Xalqlarning demokratik partiyasi»ni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu partiyaning bir qancha deputatlari terrorizmda ayblanib, qamoqqa olingan. Partiyaning sobiq yetakchisi Salohattin Demirtosh 2016 yilda hibsga olingan. U 1970-yillar oxirida tuzilgan, qurol yordamida mustaqillikka erishmoqchi bo‘lgan Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqada bo‘lganlikda ayblangan.

Demirtosh va uning boshqa tarafdorlari, uning jinoiy ishidan ko‘plab qonunbuzarliklar topgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi siyosatchini zudlik bilan ozod qilishni talab qilganiga qaramay, qamoqda qolmoqda.

Partiyaning o‘zi tugatilish arafasida. Bosh prokuratura partiyani «ayirmachilik faoliyati» va Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqadorlikda ayblagan. 12 may kuni Konstitutsiyaviy sudda partiyani tarqatib yuborish yoki tarqatmaslik masalasini hal qiladigan yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Kurdlarning milliy bayramlari doimo yuqori darajadagi xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda o‘tkaziladi. Foto: AFP

«Xalqlarning demokratik partiyasi» muxolifat koalitsiyasiga taklif etilmagan, partiya yetakchilarining o‘zlari ham bunday taklifni kutmasligi haqida aniq tushuncha bergan. Lekin aynan mana shu partiya saylov natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Erdo‘g‘an yoki Qilichdoro‘g‘li XDP qo‘llab-quvvatloviga erishmay turib, birinchi turda 50 foizlik to‘siqdan ishonchli tarzda o‘ta olishi dargumon. «Agar XDP nomzodni qo‘llab-quvvatlasa, muxolifat birinchi turdayoq g‘alaba qozonishi mumkin», deydi Sinan Ulgen.

«XDP bir narsani — unga qonuniy siyosiy partiya sifatida qaralishini xohlaydi. Qilichdoro‘g‘li saylovoldi kampaniyasi paytida partiya rahbariyati bilan uchrashishni va’da qildi va bu muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, XDP uning partiyasini qo‘llab-quvvatlashi va o‘zidan kimnidir nomzod sifatida ko‘rsatmasligi mutlaqo mumkin hodisa. Agar bu yuz bersa, Qilichdoro‘g‘lining birinchi turda g‘alaba qozonish imkoniyati sezilarli darajada oshadi», deya qo‘shimcha qiladi Firdavs Robinson.

Turkiyaning ingliz tilidagi «Today’s Zaman» gazetasining sobiq muharriri, o‘zining muxolif qarashlarini hech qachon yashirmagan va prezidentni tez-tez tanqid qilib kelgan Bulent Kenesh Erdo‘g‘an saylov natijalariga qarshi kurashish hech qanday vositaga ega bo‘lmasligi uchun muxolifat 15 foiz ustunlik bilan g‘alaba qozonishi kerakligini ta’kidlagan.

«Farq shunchalik katta bo‘lishi kerakki, Erdo‘g‘anda manipulyatsiya qilish imkoniyati qolmasligi kerak. U muxolifatga muammo yaratishda mohir. Kurdlar ham bu saylovda muhim rol o‘ynashi mumkin. Menda Kamol Qilichdoro‘g‘li qaysidir ma’noda kurdlarga ma’qul keladigan va ularga nisbatan adolatli siyosat yurita oladigan ideal nomzod degan tushuncha bor», — deydi Kenesh.

Saylov

Erdo‘g‘an rejimining qattiqqo‘lligiga qaramay, Turkiyada saylovlar muhim rol o‘ynaydi. So‘nggi o‘n yilliklarda insonlar siyosatga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega ekaniga o‘rganib qolgan va hech kim bu imkoniyatdan ayrilishga tayyor emas.

«Propaganda nima bilan shug‘ullanishidan qat’i nazar, Turkiyada Rossiyadagi kabi usullar bilan harakat qilib bo‘lmaydi. Bu mutlaqo boshqa xalq, boshqa siyosiy madaniyat. Agar kimdir rus namunasidagi biror usulni qo‘llashga jur’at qilsa, bu jiddiy oqibatlarga olib keladi: yuz minglab, balki millionlab odamlar ko‘chaga chiqadi. Ularga kim qarshilik ko‘rsata oladi? Hatto xavfsizlik kuchlari orasida ham Otaturk partiyasi tarafdorlari ko‘p. Xavfsizlik kuchlari Erdo‘g‘an uchun xalqqa qarata o‘q otmasligi aniq. Erdo‘g‘an buni tushunmasligi mumkin emas, shuning uchun u vaziyatni keskinlashtirmaydi», deydi Mavashev.

Istanbulda muxolifat yetakchisi Qilichdoro‘g‘lini qarshilayotgan ayol. 2015 yilda olingan surat. Foto: AFP

Muxolifat nomzodi Akrom Imomo‘g‘li ikki marta g‘alaba qozongan Istanbul merligiga saylovlar ko‘pchilikka namuna bo‘ldi: hatto hukumat natijalarni bekor qilsa ham saylovchilar Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashi tobora ortib bordi va saylovchilar o‘z xohish-irodasiga hech qanday aralashuvga yo‘l qo‘ymasliklarini ochiq ko‘rsatdi.

«Ha, saylovlar 100 foiz adolatli o‘tishi dargumon. Lekin shunga qaramay, bu xalq ovozi bo‘ladi. Hukumat ham, butun siyosiy tuzum ham bu saylov natijalarini qabul qilishi kerak. Va menga ko‘rinayotgan eng aniq ssenariyda Turkiya bu saylovlar natijasida demokratiyaga o‘tadi», deydi Sinan Ulgen.

Mamlakatni tark etgan jurnalist Bulent Kenesh esa o‘z prognozlarida ancha ehtiyotkor. U Qilichdoro‘g‘lining g‘alaba qozonish imkoniyati borligiga ishonchi komil, biroq o‘shanda ham Turkiyaga qaytishga tayyor emas.

«Turkiya muammosi faqatgina uning rahbari kimligida emas. Aksincha, lider jamiyatda mavjud bo‘lgan ijtimoiy va hatto axloqiy muammolarning natijasidir va men u yer menga qulay bo‘lishiga ishonchim komil emas. 2013 yilda Erdo‘g‘an katta korrupsiya mojarosi markaziga tushdi. Va nima bo‘ldi? Odamlar baribir unga ovoz berdi. Shuning uchun men yangi rahbar Turkiyani sivilizatsiyalashgan dunyoning bir qismiga, ishonchli hamkorga aylantira olishiga umid qilaman. Va o‘shanda, ehtimol, men ham o‘z fikrimni o‘zgartiraman» degan jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: