Turnirning 5 karra g‘olibiga qarshi final. Haydarov – oltin dubl, O‘zbekiston trebl qayd eta oladimi?

Sport 18:43 / 18.03.2023 29154

O‘zbekiston yoshlar jamoasi mamlakatimiz mezbonligida o‘tayotgan Osiyo kubogi U20 turnirida tarixni yangilashi mumkin. Buning uchun Iroqni guruh bosqichida mag‘lub etgan Ravshan Haydarov shogirdlari endi bu natijani finalda takrorlashi lozim. Hal qiluvchi o‘yindagi g‘alaba O‘zbekistonga o‘ziga xos treblni qayd etish imkonini beradi.

Finalga jamoalar qanday yetib keldi?

Ravshan Haydarov shogirdlari finalga qadar dastlab guruhda Suriya, Iroqni mag‘lub etib, Indoneziya bilan durang qayd etdi. Chorakfinalda esa Avstraliya penaltilar seriyasida mag‘lub etilib, JCh-2023 yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi. Yarimfinalda ham penaltilar seriyasida Janubiy Koreyadan ustun kelgan vakillarimiz finalga yo‘llanma olishdi.

Iroq yoshlar jamoasi esa finalga qadar faqatgina O‘zbekistondan mag‘lubiyatga uchradi. Qolgan bahslarda Indoneziya mag‘lub etilgan bo‘lsa, Suriya bilan durang qayd etildi. Chorakfinal va yarimfinalda esa Eron va Yaponiya turnirdan chiqarib yuborildi.

Qayd etish joiz, Iroq yoshlar jamoasi o‘z tarixida Osiyo kubogi U20ning 5 karra g‘olibi sanaladi.

O‘zbekiston U20 jamoasining turnirdagi natijalari:

1-tur. O‘zbekiston – Suriya – 2:0

2-tur. O‘zbekiston – Iroq – 1:0

3-tur. O‘zbekiston – Indoneziya – 0:0

1/4 final. O‘zbekiston – Avstraliya – 1:1 (penalti – 5:4)

1/2 final. O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 0:0 (penalti – 3:1)

Iroq U20 jamoasining turnirdagi natijalari:

1-tur. Iroq – Indoneziya – 2:0

2-tur. Iroq – O‘zbekiston – 0:1

3-tur. Iroq – Suriya – 1:1

1/4 final. Iroq – Eron – 1:0

1/2 final. Iroq – Yaponiya – 2:2 (5:3)

Chempionlik uchun 2-urinish

O‘zbekiston yoshlar jamoasi o‘z tarixida 2-marotaba Osiyo kubogi finalida o‘ynamoqda. Bungacha faqat 2008 yilda Ahmad Ubaydullayev murabbiyligidagi U19 jamoasi finalda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi maydonga tushib, Ahmad Xalilning dubli evaziga mag‘lubiyatga (1:2) uchragan edi.

Ravshan Akmalovich 2018 yil O‘zbekiston U23 bilan erishgan chempionlikni bu safar U20 yoshdagi jamoa bilan takrorlay olsa, ikki yosh toifasidagi milliy jamoani Osiyo chempioni qila olgan o‘zbekistonlik dastlabki murabbiyga aylanadi.

Trebl qayd eta olamizmi?

Iroqqa qarshi finaldagi g‘alaba O‘zbekistonga o‘ziga xos trebl – uch xil yosh toifasida Osiyo chempionligini taqdim etadi. Vakillarimiz bungacha 2012 yil o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2018 yil Xitoyda Ravshan Haydarov qo‘l ostida Osiyo kubogi U23 g‘olibiga aylangandi. Bugungi g‘alaba Haydarovga oltin dubl, O‘zbekistonga esa treblni keltiradi. Bungacha Osiyoda faqatgina 4 jamoa – Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va Iroq bunday natijaga erisha olgan.

 

Anons. 18 mart (shanba)

Osiyo Kubogi U-20. Final

O‘zbekiston — Iroq

Toshkent, «Bunyodkor» stadioni

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00.

TV-translatsiya: UzReport

Ko‘proq yangiliklar: