Sovetlar yashirgan fojialar: Harbiy samolyot qulagan bog‘cha qanday izsiz g‘oyib bo‘lgandi?

Jahon 10:30 / 18.03.2023 17890

1972 yil 16 may. Boltiqbo‘yidagi dam olish maskanlari bilan mashhur bo‘lgan Svetlogorsk shahridagi bog‘chalardan biri. Tarbiyachilar bog‘cha bolalarini sayr qildirib bo‘lgach oshxona tomon boshlashadi.

Bolalar ovqatlanishga o‘tirgan paytda avvaliga bog‘cha binosining tepasida samolyotning juda baland ovozi eshitiladi. So‘ng bog‘cha binosiga nimadir kelib uriladi va kuchli yong‘in boshlanadi.

O‘shanda sovet armiyasi harbiy-havo kuchlariga qarashli An-24 samolyoti bog‘cha binosiga kelib uriladi va portlab yonib ketadi. Oqibatda bog‘cha oshpazi, yigirmadan ortiq bola halok bo‘ladi. Ikki nafar tarbiyachi esa keyinroq shifoxonada vafot etadi.

Hodisadan avval

Kaliningrad viloyatida joylashgan Svetlogorsk shahri Boltiq dengizi bo‘yida joylashgan bo‘lib, o‘zining kurortlari bilan mashhur edi.

Ikkinchi jahon urushigacha Germaniyaning Sharqiy Prussiya viloyati tarkibida bo‘lgan bu shahar 1947 yilgacha Raushen deb atalgan. Sovetlar tomonidan Kinsberg shahrining nomi Kaliningrad deb o‘zgartirilgach, Raushenga ham Svetlogorsk deb nom beriladi.

1970-yillar boshida shahar aholisi 7-8 ming kishidan oshiqroq edi. Aholining asosiy qismi shaharga dam olishga keladigan odamlarga xizmat ko‘rsatish bilan band bo‘ladi.

Halokat

1972 yil 16 mart kuni Boltiq floti harbiy havo kuchlari bosh qo‘mondoni buyrug‘i bilan An-24 harbiy samolyotining bir nechta parvozi tasdiqlanadi.

Unga ko‘ra samolyot Xrabrovo shahri aeroportidan parvoz qilib Zelenogorsk va Kosa shaharlari hamda Chkalovsk qo‘rg‘onidagi aerodromlarga qo‘nishi, oxirida yana Xrabrovo aeroportiga qaytib kelishi kerak edi.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 12:15 da Xrabrovo aeroportidan Boltiq dengizi tomon parvoz qiladi. Reja bo‘yicha An-24 dengiz sathidan 500 metr balandlikda uchishi kerak edi. Biroq negadir samolyot dengiz tepasiga yetguncha quruqlik ustidan 50 metr balandlikda parvoz qila boshlaydi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra o‘shanda ekipaj komandiri tumanli ob-havoda yanglishib ketadi. Boshqalarida esa An-24 balandlikni ko‘rsatuvchi uskunalari nosoz bo‘lgani aytiladi.

An-24 dengiz tomon burilib, Zelenograd tomon yo‘nalish oladi. Shu paytda samolyot dispetcherlarning kuzatuv ekranidan g‘oyib bo‘ladi. Ekipaj bilan aloqa uziladi. Samolyot halokatga uchragan edi.

Keyinchalik o‘tkazilgan tekshiruvlarda AN-24 Zelenogorsk tomon qayrilganda baland qarag‘ayga urilib, bog‘chaning ustiga qulab tushgani aniqlanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, qarag‘ayga urilganda samolyotning bir tomon qanoti uzilib tushadi. Shundan so‘ng ekipaj boshqaruvni yo‘qotadi va An-24 yana 200 metr parvoz qilib bog‘cha binosiga borib uriladi. Zarba oqibatida bog‘cha binosining ikkinchi qavati to‘liq vayron bo‘ladi.

Samolyot bog‘chaga borib urilgandan so‘ng portlaydi va kuchli yong‘in sodir bo‘ladi. O‘sha paytda bog‘chada 29 nafar odam bo‘lgan.

Samolyot kelib urilganda bolalar endigina sayrdan qaytib tushlik qilish uchun oshxonaga kirgan edi.

Hodisa oqibatida An-24 da bo‘lgan 6 nafar ekipaj a’zolari, ikki nafar yuqori martabali harbiy, 24 nafar bola va bog‘cha oshpazi halok bo‘ladi. Ikki nafar bog‘cha tarbiyachisi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketiladi.

Tarbiyachilardan biri halokat yuz bergan kuni, ikkinchisi olti oydan so‘ng shifoxonada vafot etadi. Hodisada faqat ikki nafar bola tirik qoladi.

Halokatga guvoh bo‘lgan maktabning yuqori sinf o‘quvchisi keyinchalik shunday eslagandi:

«O‘sha kuni o‘rtoqlarim bilan maktabdan qaytayotgandim. Juda past uchgan samolyot ko‘z o‘ngimizda avval daraxtga urilib qanoti uzildi, so‘ng borib bog‘chaning ustiga quladi. Biz dahshatda qotib qolgandik. Biroz o‘tib samolyot qulagan joyda kuchli olov va qora tutun chiqa boshladi. Uyga ketayotib ko‘chalarni yopishayotganining guvohi bo‘ldik. Oradan biroz o‘tib chiroq va telefon aloqasini uzib qo‘yishdi. Noma’lum shaxslar uyga kelib hech qayerga chiqmasligimizni tayinlashdi. Ertalabgacha qorong‘i xonada o‘tirib chiqdik».

Hodisa yuzasidan surishtiruvlar

Halokat sodir bo‘lgandan so‘ng Mudofaa vazirligi tomonidan surishtiruv ishlari boshlab yuboriladi. Halokatga bir nechta omillar sabab bo‘lgani haqida taxminlar bildiriladi.

Ular orasida samolyotning balandlikni ko‘rsatuvchi uskunalari nosoz bo‘lgani va An-24 dengiz sathidan 50 metr balandlikda uchayotganida uskunalar 150 metr balandlikni ko‘rsatgani haqidagi taxmin ham bor edi..

Chunki, samolyot qulab tushishidan avval dispetcher bilan bog‘langan ekipaj komandiri uskunalar An-24 150 metr balandlikda parvoz qilayotganini ko‘rsatib turganini aytgan.

Uchuvchining mahorati bo‘lmagani, noqulay ob-havo haqidagi taxminlar haqiqatdan ancha uzoq edi. Chunki o‘sha kuni An-24ni tajribali harbiy uchuvchilar boshqargandi.

Halokat sodir bo‘lganda samolyotda Boltiq floti harbiy-havo kuchlari parvozlar xavfsizligi bo‘limi uchuvchi-inspektori va radiotexnika uskunalari bo‘yicha muhandisi ham bo‘lgan.

Tekshiruvlar davomida yana bir fakt aniqlanadi. Unga ko‘ra bog‘chaning birinchi qavatidagi oshxonada bo‘lgan bolalar, shuningdek samolyot ekipaji An-24 binoga borib urilgan paytda emas, undan keyin sodir bo‘lgan kuchli yong‘in tufayli halok bo‘lgan.

Oxir-oqibat hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslikka qaror qilishadi. Bu ish aybdor topilmagani uchun emas, shunchaki sud jarayonlarida fojia haqidagi xabarlar keng ommaga tarqalib ketishidan xavfsirashadi.

O‘sha paytda uchuvchilar samolyotni mast holda boshqargan degan taxmin ham bor edi. Biroq harbiylardan iborat komissiya buni rad etadi.

Keyinchalik, sobiq harbiylardan biri Mixail Slobodchikov Svetlogorskdagi hodisani shunday eslagandi:

«O‘sha kuni An-24da men ham parvoz qilishim kerak edi. Biroq polk komandiri o‘rnimga boshqa uchuvchini jo‘natdi va menga Volga mashinasini ta’mirlab berishimni buyurdi. Shu sababli men parvozdan qolib ketdim. Halokatga keladigan bo‘lsak o‘sha kuni ekipaj komandiri va boshqa uchuvchilar mast qiluvchi ichimlik ichib samolyot boshqargan bo‘lishi ham mumkin. Bunday ishlar tez-tez bo‘lib turardi. Halokatdan so‘ng nafaqat Svetlogorsk aholisiga, biz harbiylarga ham fojia haqida gapirish mutlaqo taqiqlangan edi».

Ayrim harbiylar Slobodchikovning uchuvchilar mast bo‘lgani haqidagi taxminini rad etadi va sovet armiyasida bunga yo‘l qo‘yilmaganini keltiradi.

Boshqalari esa sobiq harbiyning gaplarida jon borligini, 1969 yilda ishlab chiqarilgan An-25 oradan uch yil o‘tib uskunalari nosoz holatga tushishi mumkin emasligini aytishadi.

Halokatni yashirish

Halokat sodir bo‘lgan zahoti hodisa joyiga harbiylar, o‘t o‘chiruvchilar, shifokorlar, qutqaruv bo‘linmalari yetib keladi. Svetlogorsk shahriga kirish-chiqish yopiladi.

Bog‘chaga tutash ko‘chalar va Svetlogorskni viloyat markazi bilan bog‘laydigan katta yo‘l yopiladi. Elektrichkalar qatnovi ham to‘xtatib qo‘yiladi. Telefon aloqasi uziladi va shaharda favqulodda holat e’lon qilinadi.

O‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar ishlayotgan paytda KGB xodimlari uyma-uy yurib odamlarga uylaridan chiqmaslikni tayinlashadi. Ayrimlar nima sodir bo‘lganini tushunmay ham qoladi.

Garchi fojiani zo‘r berib odamlardan yashirishga urinishsa ham shahar aholisining asosiy qismi bog‘cha binosiga harbiy samolyot qulab tushganini bilib bo‘lgandi.

Olov o‘chirilgach, bog‘cha binosining vayronalarini tozalash ishlari boshlanadi. Bolalarning jasadlari olib chiqilib, shifoxonaga yuboriladi.

Ayrimlar shifoxonada bolasining kiyimidan, yana kimdir tanasidagi alohida belgilaridan tanib oladi. Shundan so‘ng jasadlar maxsus tobutlarga joylanadi va ota-onalarga topshiriladi.

Tunda soat 21:00 ga borib vayron bo‘lgan bino ostidan jasadlar olib chiqib bo‘lingach, bog‘cha batamom buzib tashlanadi. So‘ng ko‘plab texnikalar yordamida qurilish chiqindilari tashib chiqib ketiladi.

Ertalabgacha hamma yoq tozalanib, bog‘chaning o‘rnida kichik xiyobon qurib qo‘yishadi. 17 may kuni Svetlogorsk aholisi o‘z hamdardligini bildirish uchun halokat yuz bergan joyga gul ko‘tarib kelib, hayron qoladi.

Odamlar ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, u joyda na bog‘cha binosi, na samolyot qoldiqlari, hech narsa qolmagan. Bog‘chaning o‘rnida xiyobon barpo qilingandi.

Xiyobon atrofini o‘rab turgan harbiylar va militsiya xodimlari odamlarni ortga qaytarishadi.

Shundan so‘ng odamlar shahar qabristoni tomon borishadi. Qabristonga qariyb 10 ming nafar odam yig‘iladi va u yerda dafn marosimi o‘tkaziladi.

Hodisa guvohlaridan biri, baliqchi Vyacheslab Simonov keyinchalik hodisani shunday eslagandi:

«Dengizdan bazaga qaytganimizda barcha yigitlar halokatni muhokama qilishayotgandi. O‘sha paytda uzoqdan osmonga qora tutun o‘rlardi. Tutun uzoq vaqt chiqib turdi. Keyin bilsak u samolyot qulab tushgandan so‘ng yonib ketgan ekan. Ertasi kuni halokat yuz bergan joyga borsam u yerda na bog‘cha binosi, na samolyot qoldiqlari bor edi. Hammayoq tozalangan, daraxtlar va gullar ekilgan, ixcham xiyobon qilib qo‘yishibdi. Ko‘p o‘tmay farzandi halok bo‘lgan ota-onalarning aksariyati Svetlogorskdan ko‘chib ketdi, boshqalari yashab qoldi».

O‘shanda bolalarning o‘limi uchun harbiylardan qattiq alamzada bo‘lgan ota-onalar va jamoatchilik sakkiz nafar harbiyning Svetlogorsk qabristoniga dafn etilishiga qarshi bo‘lishadi.

SSSRda halokat haqida hech qayerda aytilmaydi, xabar berilmaydi. Biroq halokatdan ikki kun o‘tib, xorij radiolaridan birida Boltiq bo‘yidagi Svetlogorsk shahridagi bog‘chaga harbiy samolyot qulab tushgani va bolalar halok bo‘lgani haqida xabar qiladi.

Shundan so‘ng KGB Svetlogorskda xorij josusi bor degan gumonga boradi va shahar aholisi tekshiruvdan o‘tkaziladi. Biroq josus topilmaydi.

Hodisa haqida omma 1990-yillar boshida, SSSR tarqalib ketishi arafasida xabar topadi. 1994 yilda halokat yuz bergan joyda yodgorlik monumenti o‘rnatiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: