“O‘zavtosanoat” BYD elektromobillari sotuvini boshladi 

O‘zbekiston 18:56 / 18.03.2023 26818

2022 yilda dunyo bo‘ylab sotilgan har 10 avtomobil elektromobillar hisoblanadi. Avtosanoatda yetakchi bo‘lgan rivojlangan mamlakatlar asosiy urg‘uni elektromobillar ishlab chiqarishga qaratmoqda. O‘zbekiston avtosanoati ham yangi davr arafasida turibdi. 

“O‘zavtosanoat” dunyo tan olgan BYD kompaniyasining DM-I super gibrid modellari va elektromobillarining taqdimotini o‘tkazdi.

“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruv raisi Shavkat Umrzoqov respublikada elektromobil sanoatining rivojlanishi ilm-fanning rivojlanishi, innovatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda sun’iy intellekt mukammallashuvi ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi birinchi bo‘lib O‘zbekistonda ochildi. Haligacha dunyoning biror davlatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqaruvchi korxona ochilmagan. Xitoylik avtomobilsozlar O‘zbekistonda elektromobillar kelajagini yuqori baholamoqda. Respublikamizda BYD va UzAuto o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish orqali ilmiy-texnik va innovatsion yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.

Marosimda BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi bosh direktori Shavkatbek Alimov O‘zbekiston avtobozoriga taqdim etilayotgan DM-I gibrid modellar va elektromobillar bilan tanishtirdi.

Direktorning ta’kidlashicha, 17 martdan boshlab DM-I gibrid modeldagi zamonaviy BYD Song Plus va Chazor, Flagman, to‘liq elektr bilan harakatlanuvchi, premium toifadagi BYD Han modellariga shartnomalar berish boshlanadi. Ilg‘or tajribalar mahsuli bo‘lgan aqlli datchiklar, sun’iy intellekt, yangi avlod axborot texnologiyalari, kreativ dizayn sanoatning yangi bosqichining ifodasi hisoblanadi. 

“Xaridorlarimizga qulaylik yaratish maqsadida to‘liq elektr bilan harakatlanuvchi elektromobillarga qo‘shimcha ravishda uy sharoitida zaryadlovchi qurilmalarni ham bepul taqdim qilyapmiz. Gibrid avtomobillar uchun esa uyda zaryadlovchi qurilmalarni avtosalonlarimizda sotib olish imkoniyati bor.

Bu elektromobillar uchun 17 martdan boshlab mijozlar avtosalonlarda va telegram bot orqali shartnoma olishlari mumkin. Avtomobilni boshqarishda haydovchi innovatsion yondashuvning yuqori samarasini his etadi. Multimedia tizimida o‘zbek tilida ma’lumot beriladi. Hozirda milliy telekom kompaniyalar bilan hamkorlikda sim-karta o‘rnatish ustida ish olib borilyapti. Tez kunda elektromobillarda sim karta joylashtirilgan boshqaruv panellari mavjud bo‘ladi”, - dedi Shavkatbek Alimov.

Ko‘rinib turibdiki, muhandislik mahoratining yorqin namunasi bo‘lgan smart elektromobillar o‘zbekistonlik avtoishqibozlari uchun munosib tanlov bo‘la oladi.

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: