Vaqtlar o‘tib texnikalar yordamida insoniyat hayoti yengillashgani sayin xodimlar ishlash uchun sarflaydigan mehnat vaqti ham qisqarib boryapti. Masalan, texnika inqilobidan oldin odamlar dam olish kunlarisiz, kuniga 10 soatdan ortiq ishlagan bo‘lsa, keyinchalik 8 soatlik ish kuniga, so‘ng 5 kunlik ish haftasiga o‘tilgan. Hozir esa 4 kunlik ish haftasi ustida tadqiqotlar olib borilyapti.
2022 yilda 4 Day Week Global nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Irlandiya, AQSh, Avstraliya va yangi zelandiyalik ish beruvchilar 4 kunlik ish haftasini sinovdan o‘tkazib ko‘rdi.
Buyuk Britaniyadan eng ko‘p ish beruvchi sinovlarda qatnashdi. 4 kunlik ish haftasi tadqiqotlarida 73 kompaniya va ularning 3,3 ming xodimi ishtirok etdi. Natijaga ko‘ra, haftasiga 4 kunlik ish bo‘lishi, biroq 5 kunlik uchun mo‘ljallangan maosh to‘lanishi rahbariyatlar uchun ham, xodimlar uchun ham samarali bo‘lgan.
Sinovdan so‘ng Buyuk Britaniyadagi 73 ta kompaniyaning 86 foizi kelajakda 4 kunlik ish haftasini joriy etishi mumkinligini bildirgan.
Yuqori samaradorlik
Sinovlarga ko‘ra, ish vaqti kamroq bo‘lsa ham, xodimlar ish unumdorligi ortadi. Bu 2019 yilda Microsoftʼning Yaponiya ofisida o‘tkazilgan tadqiqotda ham isbotini topgan. 4 kunlik ish haftasi joriy qilingan muddatda Microsoft xodimlarining ish unumdorligi 40 foizga oshgan, kompaniyaning elektrga ketadigan xarajatlari esa 23 foizga kamaygan.
Tadqiqotda qatnashgan irland ishchisining aytishicha, uning ish unumdorligi oshishiga kun tartibiga o‘ta diqqat bilan e’tibor qaratgani, hamma narsani rejalashtirib, ish haftasidagi asosiy vazifalarini to‘g‘ri qo‘ygani sabab bo‘lgan.
Baxtli ishchilar
Albatta, 4 kun ishlashni ish beruvchilardan ham ko‘proq xodimlar xohlashi aniq. Sinovda qatnashgan har 10 nafar xodimdan 8 nafari 4 kunlik ish haftasini xohlashini bildirgan. Ular 4 kunlik ish haftasiga 10 balldan 9,1 berishgan va o‘zlarida stress, charchoq, ish-oila nizolari kamayganini bildirishgan.
Xodimlar jismoniy va aqliy salomatligi yaxshilanganini, ish va shaxsiy hayoti balansi muvozanatlashganini, hayotdan qoniqish hissi oshganini bildirishgan.
Ahamiyatlisi, bir kun ko‘proq dam olishsa ham, ishchilar doimgi vazifalarini bajarishgan va ko‘proq samaradorlikka, yaxshi kayfiyatga erishishgan.
Qolaversa, erkak xodimlarning oilasiga ajratadigan vaqti ham ko‘paygan. Masalan, buyuk britaniyalik erkak xodimlar bola parvarishiga yordamlashish uchun odatdagidan 27 foiz ko‘p vaqt ajratishgan.
Sayyoramiz uchun foyda
Ish haftasining bir kunga qisqarishi yo‘ldagi qatnov vaqtini ham kamaytiradi. Sinovlar davrida yo‘llardagi qatnov vaqti haftasiga 3,5 soatdan 2,6 soatga – 27 foizga pasaygan. Ishga mashinasida qatnaydigan odamlar esa 56,5 foizdan 52,5 foizga kamaygan.
Bu qisqarishda masofadan ishlashga o‘tishning ham hissasi bor, albatta.
Massachusets universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, ish vaqtini 10 foizga qisqartirish shaxslar hosil qiladigan karbonat angidridni 8,6 foizgacha kamaytiradi. Bu bilan ekologiyaga zararni ma’lum ma’noda qisqartirish mumkin.
Endi nima bo‘ladi?
4 kunlik ish haftasida qatnashgan ishchilarning 97 foizi bu tartib o‘z ishxonalarida doimiy bo‘lishini xohlashini bildirgan. Ish beruvchilar fikri ham ijobiy. 4 kunlik ish haftasi sinovida qatnashgan kompaniyalarning daromadi 8 foizga oshgan, 2021 yilning mos davriga nisbatan esa 37,55 foiz yuqoriroq bo‘lgan. Ishga olish oshgan, ishdan bo‘shash va bo‘shatish esa kamroq bo‘ldi.
Har 10 nafar ishchidan 7 nafari agar 4 kunlik ish tizimiga o‘tilmaydigan bo‘lsa, unda rahbariyatdan maoshlarini 10 foizdan 50 foizgacha oshirishni so‘rashlarini bildirgan. 13 foiz ishtirokchi esa ularga oylik oshishidan ko‘ra 4 kunlik ish haftasi ko‘proq ma’qulroq ekanini aytgan.
Biznesning zarurati
Davosda bo‘lib o‘tgan 2023 yilgi Xalqaro iqtisodiy forumda Ranstand xalqaro inson resurslari kompaniyasi rahbari Sander vanʼt Nordende so‘zga chiqib, iste’dodlilar kamayib borayotgan dunyoda 4 kunlik ish haftasiga o‘tish biznes zarurati ekanini ta’kidlagandi. Uning aytishicha, ish beruvchilar xodimlariga xuddi mijozlar singari muomala qilishlari va iste’dodlariga munosib baho berishlari kerak.
Masofaviy va gibrid ish soatlari bilan xodimlarning ishdan qoniqish hissi ham yuqoriroq bo‘ladi.
Hozir 4 kunlik ish haftasi amal qilayotgan davlatlar bormi?
Rivojlangan davlatlarning yirik kompaniyalari 4 kunlik ish haftasi tizimiga katta qiziqish bildirib, sinovlarda faol qatnashayotgan bo‘lsalar-da, hali ommaviy tarzda bu tizimga o‘tilgani yo‘q.
Manbalarda 4 kun ishlashga ruxsat beradigan kompaniyalar 250 dan oshiqligi qayd etilgan.
Xususan, Belgiya xodimlarga bu imkoniyatni bergan davlat hisoblanadi. 2022 yilning noyabrida Belgiyada xodimlarga xohish-istaklariga qarab 4 yoki 5 kun ishlash tanlovi berilgan. Bunda ish hajmi va maosh qisqarmaydi, lekin eplay olgan xodim ish kunini qisqartirishi mumkin.