CNN: ukrain harbiylari xitoyliklar ishlab chiqargan dronni urib tushirdi

Jahon 19:02 / 16.03.2023 17294

Ukrain harbiylari xitoyliklar tomonidan ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirgan. Bu haqda xabar bergan CNN ma’lumotiga ko‘ra, bu xitoyliklarning tijorat maqsadlarida ishlab chiqarilgan va harbiy maqsadlar uchun qayta jihozlangan Mugin-5 droni bo‘lgan.

Ukrain harbiylari CNN muxbiriga, dronni o‘qotar qurol bilan urib tushirishganini aytishgan — apparat juda past balandlikda harakatlangan. Telekanal muxbiri dron korpusida o‘qdan qolgan izlarni ko‘rganini tasdiqlagan.

CNN bilan gaplashgan ekspertlardan biri dronda 3D-printerda chop etilgan komponentlardan tayyorlangan bombalarni tashlash mexanizmi mavjudligini qayd etgan. Bu esa, ekspertlarning hisoblashicha, dron ko‘p marta foydalanish uchun mo‘ljallanganini ko‘rsatadi.

Xitoyning dronlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan Mugin Limited kompaniyasi Ukrainada aynan ular ishlab chiqargan pilotsiz uchar qurilma urib tushirilganini tasdiqlagan. Ular o‘z dronidan jangovar harakatlarda foydalanilayotganidan taassufda ekanlishini bildirib, «bu ishlarni to‘xtatish uchun barcha narsa qilishlari»ni ta’kidlashgan. Avvalroq kompaniya o‘z dronlari harbiy maqsadlarda foydalanishini qoralab bayonot bergan, shuningdek keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Rossiya va Ukrainadan buyurtmalar qabul qilishni to‘xtatganini ma’lum qilgandi.

CNN hodisa yuzasidan izoh olish uchun RF mudofaa vazirligiga yuzlangan, ammo javob ololmagan.

  • Mart oyi boshida Rossiyadagi telegram-kanallar Qrimda Ukrainadan uchirilgan Mugin-5 rusumli ikkita dron radioelektron kurash vositalari orqali qo‘ndirilgani haqida xabar tarqatgandi.
  • Bu dronlar «Alibaba dronlari» sifatida ham ma’lum, chunki bunday qurilmalarni 15 ming dollar evaziga Xitoyning Alibaba va Taobao kabi internet-platformalaridan ham sotib olish mumkin.
Ko‘proq yangiliklar: