O‘zbekiston Osiyo vitse-chempioniga qarshi. 5-urinishda final yo‘llanmasi qo‘lga kiritiladimi?

Sport 16:21 / 15.03.2023 29129

O‘zbekiston yoshlar jamoasi mamlakatimiz mezbonligida o‘tayotgan Osiyo kubogi U20 turnirida asosiy maqsadiga erishib, JCh-2023ga yo‘llanma oldi. Endi Ravshan Haydarov shogirdlari oldida vazifani ortig‘i bilan bajarib, tarixni yangilash imkoniyati bor. O‘zbekiston U20 jamoasi yarimfinal doirasida transfer bahosi bo‘yicha o‘zidan qimmatroq bo‘lgan Janubiy Koreyaga qarshi saf tortadi.

Yarimfinalga kim qanday yetib keldi?

Ravshan Haydarov shogirdlari yarimfinalga qadar dastlab guruhda Suriya, Iroqni mag‘lub etib, Indoneziya bilan durang qayd etishdi. Chorakfinalda esa Avstraliya penaltilar seriyasida mag‘lub etilib, JCh-2023 yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi.

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston U20 natijalari:

1-tur. O‘zbekiston – Suriya – 2:0

2-tur. O‘zbekiston – Iroq – 1:0

3-tur. O‘zbekiston – Indoneziya – 0:0

1/4 final. O‘zbekiston – Avstraliya – 1:1 (penalti – 5:4)

1/2 final. O‘zbekiston – Janubiy Koreya

Janubiy Koreya yoshlar jamoasi esa O‘zbekiston singari guruh bahslarida umuman gol o‘tkazmagan ikkinchi jamoa bo‘ldi. Ular Ummon va Iordaniyani mag‘lub etib, Tojikiston bilan murosa ko‘chasini tanladi. Chorakfinalda esa Xitoy ustidan irodali g‘alabaga erishib, jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Foto: ASIAN CUP

Janubiy Koreya U20 natijalari:

1-tur. Janubiy Koreya – Ummon – 4:0

2-tur. Janubiy Koreya – Iordaniya – 2:0

3-tur. Janubiy Koreya – Tojikiston – 0:0

1/4 final. Janubiy Koreya – Xitoy – 3:1

1/2 final. O‘zbekiston – Janubiy Koreya.

Finalga chiqish uchun 5-urinish

O‘zbekiston yoshlar jamoasi o‘z tarixida 5-marotaba Osiyo kubogi yarimfinalida o‘ynamoqda. Bungacha faqat 2008 yilda Ahmad Ubaydullayev murabbiyligidagi U19 jamoasi yarimfinal to‘sig‘idan o‘tib, finalda Ahmad Xalilning dubli evaziga BAAga mag‘lubiyatga (1:2) uchragan edi.

Qayd etish joiz, Ravshan Haydarov U20 jamoasi bilan 2014 yilgi Osiyo kubogi yarimfinalida Shimoliy Koreyaga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, Yangi Zelandiyada o‘tgan JCh-2015 yo‘llanmasiga ega chiqib, mundial chorakfinaliga qadar yetib borgandi.

Foto: O‘FA

Ravshan Akmalovich 2018 yil O‘zbekiston U23 bilan erishgan chempionlikni bu safar U20 yoshdagi jamoa bilan takrorlay olsa, ikki yosh toifasidagi milliy jamoani Osiyo chempioni qila olgan o‘zbekistonlik dastlabki murabbiyga aylanadi.

Osiyo kubogi-2002. Yarimfinal

Yaponiya – O‘zbekiston – 1:1 (pen. – 4:2)

Osiyo kubogi-2008. Yarimfinal

Janubiy Koreya – O‘zbekiston – 0:1

Osiyo kubogi-2012. Yarimfinal

Janubiy Koreya – O‘zbekiston – 3:1

Osiyo kubogi-2014. Yarimfinal

O‘zbekiston – Shimoliy Koreya – 0:5.

Qayd etish joiz, Janubiy Koreya yoshlar jamoasi Osiyo kubogi U19ning amaldagi vitse-chempioni sanaladi. Koreyslar so‘nggi qit’a birinchiligi – 2018 yilgi turnir finalida Saudiya Arabistoniga mag‘lub (1:2) bo‘lgan. Ushbu turnir pandemiya sababli 2020 yil o‘tkazilmagan bo‘lsa, 2022 yilda yana bir yilga kechiktirilgandi.

Transfer bahosi: Janubiy Koreya tarkibi qimmatroq

Jamoalarning transfer bahosi borasidagi ustunlik koreyslarda. Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tarkibi bahosi 2,18 million yevroni tashkil etsa, Janubiy Koreya yoshlarining bahosi – 2,88 million yevroga narxlangan.

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekiston U20ning eng qimmat 3 futbolchisi:

1. Umarali Rahmonaliyev – 350 ming yevro

2. Abbosbek Fayzullayev – 300 ming yevro

3. Abduqodir Husanov – 300 ming yevro

Janubiy Koreya U20ning eng qimmat 3 futbolchisi:

1. Seong Jin Kan – 500 ming yevro

2. Ji Su Kim – 350 ming yevro

3. Xe Son Kim – 300 ming yevro.

Anons. 15 mart (chorshanba)

Osiyo kubogi U20. Yarimfinal

O‘zbekiston U20 – Janubiy Koreya U20

Stadion: Toshkent, «Bunyodkor»

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00.

TV-translatsiya: UzReportTV.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: