Samarqand davlat tibbiyot universitetida Turkiyaning Istanbul shahridagi «Medical Park» tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bemor Saida Nurmurodova – 48 yoshda. Qo‘shrabot tumanidan. Bundan 3 yil avval unga og‘ir xastalik — jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng vaqti-vaqti bilan konservativ muolajalar olib kelgan.
Biroq davo choralari kutilgan natija bermagach, ushbu universitet klinikasi mutaxassislariga murojaat qilgan. Kasallik terminal bosqichga o‘tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.
Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bemorning 1977 yilda tug‘ilgan ukasi Asliddin Alimov jigarining bir bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida bajarilgan operatsiya 8 soat davom etdi. Hozir bemor hamda donorning ahvoli yaxshi. Ularning har ikkalasi shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan va kerakli tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.
«Bunday murakkab operatsiyani bajarish uchun universitetimiz ko‘p tarmoqli klinikasining Xirurgiya bo‘limi yuqori texnologiyali zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Qolaversa, «1-son xirurgik kasalliklar», «Anesteziologiya, reanimatsiya va shoshilinch tibbiyot» va «1-ichki kasalliklar» kafedralari professor-o‘qituvchilari klinikaning yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda Turkiyaning «Medical Park» tibbiyot markazida bir yil davomida malakalarini oshirib qaytdi», — deydi oliy o‘quv yurti rektori Jasur Rizayev.
Rejaga ko‘ra, turk mutaxassislari bilan imzolangan memorandum doirasida mazkur klinikada yaqin kelajakda yiliga 50 ga yaqin jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarish imkoniyati yaratiladi.