AQSh moliya sohasida jiddiy hodisa yuz berdi: venchur texnologiya startaplarining deyarli yarmiga xizmat ko‘rsatuvchi Silicon Valley Bank (SVB) Kaliforniyada bankrot bo‘ldi.
Bu haqda Kaliforniya moliyaviy himoya va innovatsiyalar departamenti e’lon qildi. Shuningdek, Federal depozitlarni sug‘urtalash korporatsiyasi (FDIC) bank ustidan tashqi boshqaruvni joriy etib, o‘z nazoratiga oldi.
SVB bankrotligi NASDAQ indeksining 1,76 foizga pasayishiga olib keldi (bu AQShning yuqori texnologiyalar bozoridagi vaziyatni aks ettiradi). Dow Jones va S&P 500 indekslari ham 1-1,5 foizga tushib ketdi.
Vaziyat tez rivojlandi: amalda SVB 48 soat ichida bankrot bo‘ldi.
8 mart kuni kompaniya o‘z investitsiyalari muvaffaqiyatsiz chiqqanini va yo‘qotishlarni qoplash uchun 2,25 milliard dollarlik yangi aksiyalarni sotishini e’lon qildi.
Bu esa venchur kapital fondlari orasida vahima qo‘zg‘atdi, ular portfel kompaniyalariga zudlik bilan bankdan pullarini qaytarib olish haqida maslahat berishdi.
9 mart kuni SVB aksiyalari narxi keskin tushib ketdi, bu esa boshqa banklarni ham komiga tortdi.
10 mart kuni SVB aksiyalari savdosi to‘xtatildi (shuningdek, First Republic, PacWest Bancorp va Signature Bank aksiyalari savdosi ham).
Shundan so‘ng, Kaliforniya moliyaviy himoya va innovatsiyalar departamenti SVB bankrot bo‘lganini e’lon qildi.
Voqealar bundan keyin qanday rivojlanishi noma’lum, ammo ko‘plab texnologik startaplar zarar ko‘rishi allaqachon aniq: ular o‘z xodimlariga ish haqini o‘z vaqtida to‘lay olmaydi. Ba’zi startaplar esa umuman omon qolmasligi mumkin.
SVB Kaliforniyadan tashqarida kamroq tanish bo‘lsa-da, Qo‘shma Shtatlarning eng yirik 20 ta tijorat banklaridan biridir. O‘tgan yil oxirida SVB aktivlari 209 milliard dollarga baholangan.