“Tergov siri hisoblanadi”: Prokuratura Farhod Mannopovning o‘limi bo‘yicha izoh berdi

Jamiyat 17:08 / 06.03.2023 75678

O‘zbekistonlik mashhur vayner Farhod Mannopovning o‘limi sabablari mediaolamda keng muhokama qilinmoqda. Operatsiya vaqtida bemorda kuzatilgan xavfli gipertermiya juda kam uchrashi aytilmoqda.

Xususiy klinika mutaxassislari, jumladan, bemorni operatsiya qilgan shifokordan Farhod Mannopov bilan sodir bo‘lgan holatning oldini olish imkoni bormidi yoki yo‘q, u bosh qismidan yaqinda jarohat olgani ma’lum bo‘lgan bir paytda nima uchun shoshilinch rinoplastika amaliyoti qilingani, bunga qanchalik zarurat bo‘lgani haqida izoh olmoqchi edik, biroq buning imkoni bo‘lmadi.

Shu bois boshi kuchli zarb yegan bemor operatsiyadan oldin neyroxirurg va travmatolog ko‘rigidan hamda tegishli diagnostik tekshiruvlardan o‘tib, keyin operatsiya stoliga yotganmi yoki yo‘q, operatsiya paytida bemorda qon ketish kuzatilmaganmi, Mannopovning hayotini saqlab qolish uchun qanday choralar ko‘rilgani haqidagi savollarimiz ham ochiq qoldi.

“Farhod Mannopovning vafoti yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan 5 mart kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) tegishli bandlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, kasb yoki xizmat vazifasi lozim darajada bajarilmaganiga oydinlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligiga shifokorlarning harakati yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan. Bundan tashqari, marhumning vafoti yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Mazkur tekshiruvlar bo‘yicha xulosalar olingandan keyin tergov natijasiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, dedi Chilonzor tumani prokuraturasi katta tergovchisi Otabek Bekiyev.

Chilonzor tumani prokuraturasi katta tergovchisi Otabek Bekiyev

Bosh prokuraturaning bayonotida vaynerning o‘limi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ta’kidlanadi. Odatda kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odamlar o‘limiga yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, ushbu moddaning shu qismi bo‘yicha ish ochiladi.

Tergov faqatgina Mannopovning o‘limi bo‘yicha ochilganda 116-moddaning 3-qismi bilan ish qo‘zg‘ash yetarli bo‘lardi. Chilonzor tumani katta tergovchisi bu haqdagi savolimizga javob berarkan, Farhod Mannopov operatsiya qilingan klinikada boshqa o‘lim holatlari ham kuzatilganini inkor etmadi.

“Tergov siri bo‘lgani sababli bu haqda ma’lumot bera olmaymiz. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deydi Otabek Bekiyev.

Eslatib o‘tamiz, MittiVine taxallusi bilan ijod qilgan, Instagram'da 1,2 millionlik auditoriyaga ega bo‘lgan Farhod Mannopov bir necha kun avval cho‘milayotganda boshini basseyn devoriga qattiq urib olib, burni singan, shundan so‘ng operatsiya stoliga yotgan vayner komaga tushib qolib, vafot etgandi.

Internetda Farhod Mannopovning vafoti ortidan uni operatsiya qilgan shifokorlar qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgan, biroq 5 mart kuni Bosh prokuratura tomonidan bu ma’lumot rad etilgandi.

UPD. Manbalarimizga tayanib Farhod Mannopov operatsiya vaqtida og‘irlashib qolgach, zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib o‘tilgani va o‘sha yerda uning joni uzilgani haqida xabar bergandik. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Kun.uz tahririyati noto‘g‘ri ma’lumot tarqatilgani uchun uzr so‘raydi.

Ko‘proq yangiliklar: