Kutubxona 1991 yilda 50 ming jildli ilmiy-texnikaviy, tarixiy, badiiy va boshqa adabiyotlardan iborat fondga ega bo‘lgan. Hozirga kelib, 17 ming kitob makulaturaga, qolgani esa Samarqand davlat arxitektura va qurilish universitetiga yuborilayotgani aytilgan.
«Makulaturaga yuboriladigan kitoblar nafaqat ijtimoiy-siyosiy xarakterda, balki rus va o‘zbek tilidagi texnik mutaxassisliklar, matematika, fizika, geografiya, biologiya fanlariga oid. Yuzlab qimmatli kitoblar shunchaki chiqarib tashlanmoqda, ularning birgina «aybi» 1976 yilgacha chop etilgani!
«Butun dunyoda kitob qancha qadimlashsa shuncha qadri balandlab, yanada ko‘proq avaylab saqlanadi. Biz esa shunchaki bunday boyliklarni yo‘q qilamiz», deb yozmoqda ta’lim sohasidagi ko‘plab muammolarni yoritib kelgan pedagog Isroil Tillaboyev.
Pedagog kutubxona yerlarini tadbirkorga berib yuborishga moratoriy joriy qilish taklifini bildirgan.
Kun.uz mazkur holat bo‘yicha Bulung‘ur tumani hokimligi bilan bog‘landi. Hokimlikka ko‘ra, ushbu kutubxona 2006 yil 20 iyundagi prezident qarori, Samarqand viloyati hokimining 2006 yil 26 iyundagi 103-Q-sonli va Bulung‘ur tumani hokimining 2006 yil 21 avgustdagi 2822-Q-sonli qarorlariga asosan Samarqand davlat arxitektura va qurilish universiteti balansiga bepul o‘tkazib berilgan.
Kutubxona binosi ye-auksion.uz sayti orqali 4777030-sonli lot bilan savdoga qo‘yilgan va 2023 yilning 16 fevral kuni 996 126 400 so‘mga sotilgan.
Bulung‘ur tumani hokimligi Samarqand davlat arxitektura va qurilish universitetiga kutubxonani tuman hududida saqlab qolish taklifini berganini aytmoqda. Biroq institut ma’muriyati mazkur filialni institut hududida qayta tashkil qilib, kutubxona xodimlarining bandligini ta’minlashni ma’lum qilgan. Tuman hududidan ijara asosida bino ajratish taklifi berilganda, institut ijara haqini to‘lab berish imkoni yo‘qligini bildirgan.
Kutubxona taqdiri bo‘yicha Samarqand davlat arxitektura va qurilish universitetidan hozircha izoh olishning imkoni bo‘lmadi.
Shu o‘rinda yana bir misol. O‘zbekistonda nafaqat oliygohlarga tekinga berilgan kutubxonalar binosi sotib yuboriladi, balki tadbirkorlar o‘z hisobidan qurib bergan kutubxonalarni ham eplab ishlata olishmaydi. Masalan, Andijon viloyati Marhamat tumanida tadbirkor tomonidan qurib, xalq foydalanishi uchun tekinga berilgan zamonaviy kutubxona elektr energiyasidan qarzdorligi sabab faoliyat ko‘rsatmayapti.
Isomiddin Po‘latov