«Qiynalyapmiz, lekin qalbimiz, vijdonimiz halovatda» - zilziladan aziyat chekkanlarga yordam ulashayotgan o‘zbek ayoli

Jamiyat 15:51 / 03.03.2023 22117

6 fevral kuni Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila butun dunyoni larzaga soldi. Ushbu tabiiy ofat 40 mingdan ortiq insonni bu hayotdan olib ketdi. Yordamga muhtoj bo‘lib qolgan aholi esa undan ham ko‘proqni tashkil etadi.

Falokatning ilk kunlaridanoq ko‘ngilli yordamchilar Turkiyaga yo‘l oldi. Ularning orasida Germaniyada faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik Sabo Ma’rufjonova ham bor.

Bir paytlar Saboning o‘zi ham yordamga muhtoj edi. Hayot yo‘llarida bo‘lgan «zilzila» uni Turkiyaga kelib qolishiga sabab bo‘lgan. Kuchli irodasi va harakatchanligi bilan bugun o‘zi odamlarga yordam qo‘lini cho‘za oladigan darajaga erishdi.

«Chodir hayotiga zo‘rg‘a o‘rgandik. Pechka yoqib chodirni isitmoqchi bo‘lamiz. Chodir ichi tutunga to‘ladi. Tutun chiqsin deb, matodan tikilgan chodir eshigini ochamiz. Tutun chiqib ketguncha chodir ichi ham sovib ketadi.

Bu hayotning nomini bilmayman. Qabila bo‘lib yashaydigan insonlardan kiyimlarimiz bilan farq qilamiz. Kunduzi quyosh yondiradi. Qorayib ketganmiz. Kechqurungi izg‘irindan yuzlarimiz, lablarimiz yorilib ketgan.

Nam yerga to‘shalgan yotoqlar zax bosib ketgan. Ikki, uch dona ko‘rpa yopinsak ham, sovuq jonimizdan o‘tib ketadi. Biz zo‘rg‘a chidayotgan chodir hayotiga yosh bolali oilalar qanday chidayapti, deb o‘ylab qolaman.

Chodirdan tashqariga termilar ekanman, butun hayotim kino tasmasidek ko‘z o‘ngimdan o‘tadi.

45 yoshdaman. Asli namanganlik bo‘lsam-da, bolaligim, yoshligim Toshkentda o‘tgan. Bolaligimdan she’r, hikoyalar yozardim. «Gulxan», «G‘uncha» jurnallarida chop qilinardi.

Onam saraton kasalligiga chalingan edi. Ularga qarov zarur, singillarim hali yosh bo‘lgani sabab, institutdan ham voz kechganman. Bu bedavo kasallik onamni juda erta, 45 yoshida bag‘rimizdan yulib ketdi. Bo‘zlab qolaverdik.

Qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘zimni qo‘lga olishim, harakat qilishim kerak. Chunki ikki singlim qo‘limda qolgan. Ular uchun ham yashashga kuch topdim. Singillarimni katta qildim, o‘qitdim, turmushga berdim.

Tadbirkorlik ortidan kam bo‘lmadim. Lekin bu dunyo sinovlarga to‘la ekan. Yong‘in sababli bor mol-davlatimdan ayrildim. Shu sabab bo‘ldi-yu, Turkiyaga kelib qoldim.

Ishni oddiy idish yuvishdan boshladim. Bir yilda oshpaz bo‘ldim. Ikkinchi yili bosh oshpaz darajasigacha ko‘tarildim. Hozirda Germaniyaning Shtutgart shahrida yashayman.

«Garden Turk» restorani oshpaziman. Taqdirimdan nolimayman, farzandlarim bor. Oilam Istanbulda yashaydi. Zilzilaning birinchi kuniyoq yetib kelganimning asosiy sabablaridan biri shu.

Yana bir sababi restoran boshlig‘i janob Oliver, maoshimiz saqlanib qolishini, turk xalqiga yordam berishimiz kerakligini aytib, bizni Turkiyaga jo‘natdi. Zilziladan zarar ko‘rgan o‘zbeklar ham ko‘p ekan.

Avval bir o‘zim harakat qildim. Keyin Facebookʼdagi guruhim, «Sabo va uning do‘stlari» yordamga qo‘shilishdi. Vatandoshlarimizni uy bilan ta’minladik, biletlarini olib yurtga jo‘natdik.

Keyin O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi qoshida ochilgan tezkor yordam shtabiga qo‘shildim. Hozir G‘oziyantep viloyati Nurdog‘i shaharchasidamiz. O‘zbek palovi pishiryapmiz.

Nurdag‘ida o‘zbek palovi mashhur bo‘lib ketdi. Tushlikda navbat ko‘payib ketadi. Palovni tarqatib bo‘lgach, qishloqlarga chiqib, oziq-ovqat mahsulotlari, bolalarga o‘yinchoq, aholiga kiyim-kechak tarqatyapmiz. Hech qanaqa sharoiti bo‘lmagan chodirlarda yashayapmiz. Qiynalyapmiz, lekin yuragimiz, vijdonimiz rohatda.

Men ko‘proq bolalarni xursand qilish payidaman. Bir haftaga yetadigan o‘yinchoqlarni ikki kunda tarqatib yuborib, endi nima qilaman deb boshim qotadi. Qishloq aholisi bilan yaqin bo‘lib ketdik.

O‘zbekiston bayrog‘i osilgan mashinamiz yaqinlashishi bilan yonimizga yugurib kelishadi. O‘zlari qiyin ahvolda bo‘lsalar ham shirinlik bilan choy ko‘tarib chiqishadi.

Meni bolalar ko‘proq qiziqtiradi. Ularni biroz bo‘lsa-da xursand qilishga harakat qilaman. Bolaligini unutib katta yoshli insonlarga aylanib qolgan shirintoylarni ko‘rib, o‘zimning polaponlarim esimga tushaveradi.

Vayron bo‘lgan bolalar o‘yin maydoniga borib aylanaman. Bolalar ko‘p bo‘lsa ham, qiy-chuv qilib yugurishmaydi. Nimadandir xavotir olib, sekingina aylanib yurishadi. Cho‘ntagimga to‘ldirib olgan sharlarni bolalarga tarqatib chiqdim. Chetroqda qirq yoshli odamning quchog‘ida o‘tirgan qizaloqqa yaqinlashdim.

— Salom, shirintoy. Isming nima?

Qizcha indamay o‘tiraverdi.

— Ismi Semiha.

— Qizingizmi?

— Men uning amakisiman. Ismim Veysal.

— Mamnun bo‘ldim. Inshalloh, uyingizda janoza bo‘lmagandir.

Veysalning ko‘zlari yoshlandi.

— Semiha ikkimiz qoldik.

— Boshingiz sog‘ bo‘lsin.

Semiha Veysalning jiyani bo‘lib, zilzila bo‘lgan kuni jiyanini ko‘rgani borgan ekan. Veysal ukasinikiga kirib borganda oqshom bo‘lgan ekan. Semihani o‘ynatib vaqt o‘tganini bilmay qoladi. Onasi Semihani uxlatish uchun olib kirib ketadi. Qo‘shni xonadan alla ovozi eshitiladi.

Aka-uka choy ustida uzoq suhbat qurishadi. Bolalikni eslashadi. Shirin xotiralar ichida g‘arq bo‘lishadi. Ukasi uni yotib qolishga ko‘ndiradi. Zilzila bo‘lganda Veysal oldinroq uyg‘onadi. Semihani qutqarish uchun yuguradi.

Yo‘lak boshida Semihani ko‘tarib olgan keliniga ko‘zi tushadi. Bu orada ukasi ham orqasida edi. Orada atigi uch metr masofa bor edi. Shu onda uy qulab tushadi. Veysal ko‘zini ocholmaydi. Og‘ziga, ko‘ziga tuproq to‘lib qolgan.

Yaqinroqda Semiha yig‘lar, onasi uni ovutishga urinardi. Veysal oyoqlari bilan ukasini turtib ko‘radi. Afsuski, ukasining tanasi muzlab bo‘lgan ekan. Veysal Semiha tarafga sudralmoqchi bo‘ladi. O‘rtadagi ustundan o‘tib bo‘lmasdi. Ustunning bir uchi kelinining yelkasidan bosib qolgandi.

U tizzalagancha yelkasida ustunni tutib turardi. Agar qo‘yib yuborsa ustun Semiha ikkisini bosib tushishi aniq edi. Soniyalar, daqiqalar, soatlar orqada qoldi. Onaning ortiq kuchi qolmagan. Tizzalari, yelkalari titraydi. Rangi ocharib ketgan. Faqat bolasini qutqarib qolish uchun chidashga majbur edi.

Semiha tinmay yig‘lardi. Ona yelkasida ustunni tutgancha alla ayta boshladi. Qo‘lidan hech narsa kelmayotgan Veysal bor ovozida baqira boshlaydi. Qancha baqirganini bilmaydi. Yuqoridan tuproq to‘kiladi.

Keyin teshik ochilib, yorug‘lik oqib kiradi. Veysal yuqorida qutqaruvchilarni ko‘rib yig‘lab yuboradi.

— Men chidayman. Uch metr oldinroqda kelinim, jiyanim bor. Avval ularni qutqaringlar.

Semiha va onasining ustidagi tuproq qatini ochishga yana bir soatcha vaqt ketadi. Ayol avval farzandini chiqarishlarini iltimos qiladi. Qutqaruvchilar Semihani yuqoriga chiqarib oladi. Ona so‘nggi bor farzandining oyog‘idan o‘pishga ulgurdi. Va sekinlik bilan yerga cho‘zildi. Yelkasida soatlarcha tutib turgan ustun ayolni bosib tushdi.

Eng achinarlisi, Veysal va Semiha kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda, boshqa bir uyda kechagina Veysalni kulib kuzatib qo‘ygan ota-onasining ham jasadi chiqarilayotgan edi.

— Bilasizmi, opa, butun bir suloladan ikkimiz qoldik. Alla aytishni o‘rgandim. Hatto yashashga ham uyalyapman. Semiha meni hayotda tutib turibdi.

Qizaloqning yoniga yaqinlashdim.

— Semiha, o‘yingohni yaxshi ko‘rasanmi? Bu yerga avval ham kelgandirsan.

— Oyim bilan har kuni kelardik. Oyim endi yo‘q. U o‘ldi.

— Onalar o‘lmaydi, bolam. Shu daraxtga qara. Qushlarni ko‘ryapsanmi? Ular jannatdagi onalar. Bu yerga bolalarni ko‘rishga kelishadi.

— Oyim ham kelganmi?

— Ha. Qara, shu qanotlari chiroyli, rangli qush sening oying.

Semiha qushga tikilib qoldi. Keyin ko‘zlaridan marjondek yoshlari to‘kila boshladi.

— Ammo sen yig‘lasang oying xafa bo‘ladi. Uning xafa bo‘lishini xohlamaysan-ku, to‘g‘rimi?

Semiha shoshilib ko‘z yoshini artdi.

— Xola, siz qush tilini bilasizmi?

— Ha, bilaman.

— Hozir oyim nima dedi?

— Semiha, seni juda yaxshi ko‘raman, dedi.

Semiha daraxt tagiga yugurib bordi. Qo‘llarini qush tarafga cho‘zdi.

— Oyi, men ham sizni juda, juda, juda yaxshi ko‘raman.

Bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi, bu nimadir butun vujudimni kuydiradi. Yig‘lab yubormaslik uchun o‘zimda bazo‘r kuch topaman.

Bu yerga kelganimdan beri shu kabi ta’sirli voqealarga juda ko‘p guvoh bo‘ldim. Odamlarga yordam berganim, ular bilan suhbatlashganim sari yaqinlarimizning, bolalarimizning bag‘rimizda bo‘lishi qanchalik baxt ekanini ko‘proq his qilyapman. Borligimizda bir-birimizning qadrimizga yetaylik, deya mungli hikoyasini muxtasar qildi Sabo Ma’rufjonova.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: