2022 yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha davlat budjetiga tushumlar 13,9 trln so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 1,9 trln so‘mga (12,2 foizga) kamaydi. Bu haqdagi ma’lumotlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlarning asosiy qismi (63,7 foiz) davlat ulushiga ega oltin va mis qazib oluvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu soliq turi bo‘yicha tushumlarning pasayishi foydali qazilmalarning ayrim turlari bo‘yicha soliq stavkalarining unifikatsiya qilinishi va pasaytirilishi bilan bog‘liq.
“[Soliq stavkalari] tabiiy gaz bo‘yicha – 30 foizdan 10 foizgacha, neft va gaz kondensati bo‘yicha 20 foizdan 10 foizgacha pasaytirilishi hamda 2022 yildan boshlab soliq bazasini aniqlashda “Netback” (ortga hisoblash) mexanizmi joriy etilgani natijasida soliq to‘lovchilar ixtiyorida 538,1 mlrd so‘m qoldirildi”, – deyiladi hisobotda.
Davlat budjetining 2022 yilgi prognozlariga ko‘ra, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 14,3 trln so‘m bo‘lishi kerak edi. Imtiyozlar tufayli budjetga tushumlar prognoz ko‘rsatkichlaridan kamroq bo‘lgan: 13,76 trln so‘m.
2022 yildan boshlab O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanganlik uchun (oltindan tortib gazgacha) soliq stavkalari pasaytirilgandi. Lekin stavkalar NKMK, OKMK va “O‘zbekneftgaz” uchun o‘zgarmasdan qoldi. Imtiyozlardan maqsad xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritish va foydali qazilmalar miqdori kam konlarni o‘zlashtirishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi.
Yerosti boyliklarini o‘zlashtiruvchilarga yer qa’ridan foydalanganlik uchun pasaytirilgan soliq stavkalari quyidagicha edi:
- neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha (avval neft 20 foiz, tabiiy gaz 30 foiz edi);
- oltin va mis uchun 7 foizgacha (avval oltin 10 foiz, mis 10 foiz edi);
- volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha (avval 10,4 foiz edi);
- uran uchun 8 foizgacha (avval 10 foiz edi) kamaytirilgan.
Bundan tashqari, yangi neft va gaz quduqlarini, sanoat usulida foydalanishga topshirilgan oydan boshlab, dastlabki ikki yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish, keyingi uch yilda ushbu soliq uchun belgilangan soliq stavkasining 50 foiziga kamaytirilgan stavka qo‘llanishi ham belgilangandi.
«Berilgan soliq imtiyozlari qanaqa samara bergani hozircha monitoring qilinmayapti» — Mubin Mirzayev
Imtiyozlarga qaramay, gaz qazib chiqarish kamaygan
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda 53,8 mln kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 51,7 mln kubga tushgan. Pasayish – 2,1 mln kub metr yoki 4 foiz.
Shuningdek, 2021 yilda 1,32 mln tonna, 2022 yilda esa 1,29 mln tonna gaz kondensati ishlab chiqarilgan. Pasayish – 36,8 tonna yoki 2,8 foiz.
Neft qazib olish biroz oshgan – 774,0 ming tonnadan 787,8 ming tonnaga. O‘sish – 13,8 tonna yoki 1,8 foiz.
Tabiiy gaz qazib chiqarish qisqarishda davom etmoqda: 2023 yil yanvar oyida 4,3 mln kub metr qazib chiqarilgan. 2022 yilning mos davrida bu miqdor 4,7 mln kub metr edi.
Gaz kondensati bo‘yicha ham shu tendensiyani ko‘rish mumkin. Ishlab chiqarish o‘tgan yili yanvarda 120,4 ming tonna bo‘lgan holatda, bu yilgi yanvarda 109,4 mln tonnaga tushgan (pasayish – 9 foiz).
Yanvarda neft qazib chiqarish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 ming tonnaga ko‘paygan. O‘sish – 4,3 foiz.
Avvalroq Kun.uz energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bergan ma’lumotlarga tayanib, O‘zbekistondagi neft va gaz konlariga egalik qiladigan kompaniyalar haqida ma’lumot bergandi.
Rasmiylarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 295 ta neft-gaz koni bor. Shundan 118 tasi – 40 foiziga “O‘zbekneftgaz” (davlat) egalik qiladi. Qolgan 176 tasini qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalar ishlatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 23 yanvar kuni bosh vazir Abdulla Aripov o‘tkazgan yig‘ilishda bu yil gaz qazib olishni 9 foizga oshirish imkoniyati borligi aytilgan edi.