Onalar qarshisiga ikki tanlov turardi. Yo haqiqiy farzandi bilan uyga qaytish yo 6 kun oq sut berib mehr qo‘ygan begona bolani farzand qilib olish. Mushkul vaziyatda qolgan onalar begona bolani tanlashdi.
Biriga Ziyodillo, ikkinchisiga Izzatillo deb ism qo‘yildi. Vaqt o‘tib ota-onalar chaqaloqlarni almashtirish shart degan xulosaga kelishdi. Lekin allaqachon 2 yoshga to‘lgan va qalbining bir parchasiga aylangan bolalarning onalari ularni almashishga ko‘zi qiymas edi.
Nihoyat farzandlar almashtirildi. Lekin bu jarayon oson kechmadi. Yigitchalar o‘zga onaning suti bilan ranglari o‘zgarib yuz-ko‘zlari asl avlodlariga torta boshlagandi.
Ikki oila o‘rtasida almashish uchun muzokaralar boshlanadi, har ikki ona ikkalasi ham o‘zida qolishini xohlashadi. Biri o‘z vujudidan dunyoga kelgan bo‘lsa, ikkinchisiga bir yarim yil oq sut berib katta qilgan, tun-u kun yuzlariga termilib, barcha qiliqlarini sevib o‘rgangan bolasi.
Oilalar bolalarni almashib bo‘lishgach, bolalar ismlari ham Ziyodillo-Izzatilloga almashadi va aksincha, guvohnomalarda faqat otasi va onasi degan joylari o‘zgaradi xolos.
Ziyodillo va Izzatillo ikkisi ham oilada 4-farzand, ikkisi ham shifokor, bir-biriga juda qadrdon. Har birining ikki onasi, ikki otasi bor, ahil-inoq bo‘lib ketishgan.
“Shifokorlar chaqaloqlar almashib qolganini hech kimga aytmasligimiz haqida uqtirishgan”– Izzatillo Abdusalimovning onasi Odinaxon Abdusalimova
“To‘rtinchi farzandga homilador edim. Roddomga borib xonalardan biriga joylashdim. Oradan yarim soat o‘tib yana bir og‘iroyoq ayol aynan bizning xonamizga kirib keldi.
Doyalar o‘g‘il ko‘rganimni aytib chaqaloqni yo‘rgaklab yonimga olib kelishdi. Oradan ikki soatlar o‘tib yonimdagi ayolni ko‘zi yorigan ekan uni ham krovatga yotqizishdi. U ayol ham o‘g‘illi bo‘lgan ekan. Notanish ayol ko‘zi yorigan paytda hushidan ketib qolgan edi. Uning chaqalog‘ini endigina tug‘ilgan o‘g‘limning yoniga yotqizishdi.
Ertasi kuni chaqaloqlarni qo‘limizga berishdi. Bundan avvalgi tug‘ilgan 3 o‘g‘limning barchasi qorachadan kelgan edi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning ranggi negadir oqsariqdan kelgan. Sut bersam negadir qayt qilar edi.
Oradan 6 kun o‘tdi. Tug‘uruqxonadan uyga ketishga ruxsat berildi. Hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lib xonaga qaytdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki krovatimda begona chaqaloq yotardi. 6 kun emizgan chaqalog‘imni esa xonadoshim Yulduz opaning qo‘liga berib qo‘yishgan ekan. O‘sha paytda chaqaloqlar tug‘ilgan paytdayoq almashib qolganini anglab yetdim. Yulduz opa ham hayron. U ham 6 kun sut bergan chaqaloqni almashgisi kelmasdi. Qo‘limdagi bolaga qarab mana mening chaqalog‘im deb uni qo‘liga oldi. Bir vaqtda tug‘ilgan chaqaloqlar o‘zga ona mehriga 6 kundayoq o‘rganib qolgan edi. Roddomda to‘palon boshlanib ketdi. Shifokorlar go‘dak qo‘lidagi birkalarni almashtirishdi. Yulduz opa garchi chaqaloq o‘zining farzandi bo‘lmasa-da, uni 6 kun parvarishlagani uchun uni menga bergisi kelmasdi. Qo‘lidagi chaqaloq o‘ziniki ekaniga qattiq ishonardi. O‘sha kunlari tug‘uruqxonada amaliyotchilar bo‘lgan ekan. Ular tajribasizligidan chaqaloqlar almashib qolgan ekan.
Shunday qilib begona chaqaloqni ko‘targancha uyga keldik. Qarshimizga chiqib kutib o‘tirgan qaynukamning qizi mashinadan tushganimdayoq chaqaloqni erkalab ko‘tardi. Uning yuziga qaraboq chaqaloqni roddomda almashtirib qo‘ymaganmidingiz dedi. Chaqaloq oppoqligi uchun hamma shubhalana boshladi.
Kechki payt go‘dakka termilib o‘tirsam, turmush o‘rtog‘im kirib keldi. Unga roddomda chaqaloqlar almashib qolgani, shifokorlar esa bu haqda hech kimga lom-mim demasligimni uqtirishgani haqida aytdim. Roddomda ekanimda chaqalog‘imni olib ketgan xonadoshim Yulduz opamning familiyasi, Quvaning Pandigon qishlog‘ida istiqomat qilishi haqidagi ma’lumotlarni bilib olgan edim.
Bo‘lgan voqeani eshitib turmush o‘rtog‘im qaynukam bilan birga mototsiklga o‘tirib Pandigon qishlog‘iga jo‘nab ketishdi. Lekin o‘shanda Yulduz opa chaqaloqni almashtirishga rozi bo‘lmadi.
Qaynotam rahmatli aqlli inson bo‘lgan. U bolalar almashib qolganini hech kimga aytmasligim, bolalar ulg‘aygach, bu holat ruhiyatiga ta’sir qilishi haqida aytdi. Bo‘lib o‘tgan voqeani hech kimga aytmadim.
Farzandimizga Ziyodullo deb ism qo‘ydik. Ular esa Izzatillo qo‘yishgan ekan. Kunlar shu zaylda o‘tardi. To‘ng‘ich farzandlarim 9 oyligidayoq yurishga harakat qilgan. Lekin Ziyodulloning harakati sust edi. Izzatilloni parvarishlayotgan oila ham vaqt o‘tib holatdan, chaqaloqning harakatlaridan shubhalana boshlaydi.
Nihoyat farzandlarni almashishga qaror qildik. Bolalar bu paytda 2 yoshga to‘lib qolgan edi. Bir tomondan oq sut berib doimo quchog‘imda olib yuradigan Ziyodulloni bergim kelmasa, yana bir tomondan o‘zimning asl o‘g‘lim Izzatillo uyimizga kirib kelishini o‘ylab quvonardim.
Shifokorlar 2 yoshga kirgan chaqaloqlarni almashtirishga allaqachon kech bo‘lgani, aks holda ular nobud bo‘lish ehtimoli yuqori ekanini ta’kidlashardi.
Chaqaloqlarni almashish jarayoni juda og‘ir kechdi. Izzatilloning akalari ukasini bermaslik uchun tinmay yig‘lashardi. Mashinaga o‘tirib ketarkanmiz Ziyodullo mashinaga talpinib yig‘laganicha qoldi.
Bolalar kasal bo‘lib qolmasligi uchun haftada bir kun bir-birimizning holimizdan xabar olib turdik.
Bog‘chaga borib farzandlarimni olib kelish men uchun azob edi. Chunki u yerda Ziyodullo ham tarbiyalanar edi. Ziyodullo bog‘chada meni ko‘rib qolib sevinganidan quchog‘imga o‘tirib olardi.
Shunday qilib ikki oila birgalikda farzandlarni ulg‘aytirdik. Birgalashib o‘qitdik. Hamjihatlikda uylantirdik. Izzatillo Andijon davlat Tibbiyot institutida, Ziyodullo esa ToshMIda o‘qidi. Ikki farzandim ham tibbiyot sohasida ishlaydi. Hozirgi paytda bu oila bilan qarindosh tutinganmiz”, – deydi u.
Izzatillo Abdusalimovning otasi Muhammadjon Abdusalimov bo‘lib o‘tgan voqeani shunday eslaydi:
“O‘sha kunni yaxshi eslayman. Quvonchim ichimga sig‘may chaqaloqlarni olib kelish uchun roddomga bordim. Negadir bino ichkarisidan chiqaverishmadi. Ularni uyga tashlab ishga ketdim. Kechki payt uyga kelsam xotinim yig‘lab o‘tiribdi. Ayolim chaqaloqlar almashib qolganini aytdi.
Haqiqiy o‘g‘lim Izzatillo borib qolgan hovlini qidirib topdim. Maslahatlashdik. Izzatilloning onasi bolamizni bergisi kelmadi.
Bolalar bir yarim yoshga to‘lganida bolalarni almashtirdik. Almashtirish jarayonida yig‘lamagan odamning o‘zi qolmadi. Jarayonda ishtirok etgan shifokorlarning ko‘zidan ham yosh chiqib ketdi.
Hozir endi bu oila bilan xuddi qarindoshlardekmiz. Ziyodullo ham meni ota deb chaqiradi. Ayolimni esa ona deydi. Bir-birimizni ko‘rsamak tura olmaymiz. O‘tmishda juda qiziq holat bo‘lgan. Qiziq tomoni bolalarni almashtirganimizdan keyin ham “metrika”si o‘zgarmadi”, – deydi u.
“Ikki ota, ikki onam bor”– Izzatillo Abdusalimov
“37 yoshni qarshi oldim. O‘tmishdagi voqeani haligacha quvonch bilan eslaymiz. Qayerga borsak ham bu haqda qiziqib so‘rashadi. Ziyodullo ham tibbiyot sohasida ishlaydi. Men ham shu sohadaman. Bir-birimizdan, ota-onamiz holidan tez-tez xabar olib turamiz. Ikki ota, ikki onam bor deb doim faxrlanib yuraman. Birgalikda ulg‘aydik. Eng katta boyligimiz ota-onalarimiz boshimizda.
Oramizdagi masofa ikki qishloq bo‘lsa-da yoshligimda sog‘inganimdan dalalardan o‘tib qochib bo‘lsa ham onamni ko‘rib kelardim”, – deydi u.
“Almashishga majbur bo‘ldik” – Ziyodulloning otasi Isroiljon Mirzayev
“3 o‘g‘ildan keyin to‘rtinchi farzand tug‘ilishi arafasida ayolimni roddomga olib bordim. U yerdan o‘g‘il tug‘ilgani haqida xabar keldi.
Anglashilmovchilik bo‘lib chaqaloqlar roddomda almashib qolgan ekan. Ikki ona qarshisiga ikki tanlov qo‘yilgan. Yo haqiqiy farzandi bilan uyga qaytish yo 6 kun emizgan begona bolani farzand qilib olish. Oq sut bergan begona bolaga mehri tushib qolgan onalar begona bolani tanlaydilar. Shunday qilib biz Izzatilloni, ular Ziyodulloni uyga olib ketishgan.
Men bo‘lib o‘tgan voqeadan keyinroq xabar topganman. Har qanday vaziyatda ham bolani almashtirish kerak edi. Onalarning qarshiligi sabab oradan bir yarim yil o‘tib ketdi. Bolalarni almashtirishga majbur bo‘ldik. Parvarishlayotgan o‘g‘limiz boshqa farzandlarimga o‘xshamaydigan qiliqlar chiqara boshladi. Izzatiloning ranggi qorachadan kelgan edi. Bizning avlodimizda esa oqsariqdan kelgan farzandlar tug‘ilgan edi”, – deydi u.
“Ikkisini ham birgalikda ulg‘aytirishni orzu qildim” – Ziyodulloning onasi Mirzayeva Yulduzxon
“Avvaliga bolalarni almashtirishga jur’at qila olmadim. Ikkisini ham birgalikda ulg‘aytirishni orzu qildim. Ona mehrini hech bir narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Parvarishlagan o‘g‘lim Izzatillo qaymoqni yaxshi ko‘rardi. O‘z uyiga olib ketishgandan keyin qaymoq ko‘tarib ikki qishloq nariga borib undan xabar olib turdim. Parvarishlagan o‘g‘limni ko‘rmasdan tura olmasdim.
Izzatilloning tug‘ilgan kunida Odinaxon Ziyodullo bilan uyimizga keldi. Bolani bermayman deb uni olib qochib ketganman o‘shanda. Bolaga mehrim tushib bo‘lgandi. Bolalar almashdi. Hammasi yaxshilik bilan tugadi”, – deydi u.
“Oilamiz, hayot yo‘limiz bir xil” – Ziyodullo Mirzayev
“Allohning izni bilan ana shunday qiziq holat boshimizdan o‘tgan. Eng asosiysi, biz birgamiz. Ikki oila rishtalari bir-biriga uzviy bog‘langan. Ikki ota, ikki onamiz bor. Holimizdan xabar olmasak ko‘nglimiz joyiga tushmaydi. Eng muhimi to‘y-marosimlarda, yaxshi-yomon kunlarda doim birgamiz. Yoshlik paytlarda Izzatillo uyimizga kelsa uyda qolishini istardim.
Taqdir taqozosi bilan men ham oilada to‘rtinchi o‘g‘il, Izzatillo ham to‘rtinchisi”, – deydi u.
Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev