O‘zbekistonda xodimlarning 28 foizi 1 mln so‘mgacha maosh oladi 

Iqtisodiyot 16:43 / 21.02.2023 22768

Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat budjeti daromadlarining 2022 yildagi ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarini e’lon qildi.  

Vazirlik relizida 2020-2022 yillarda budjet va nobudjet tashkilotlari kesimida ish haqi darajasi dinamikasi haqidagi raqamlar ham aks etgan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, budjet va nobudjet tashkilotlarda 5 018 032 nafar xodim ishlaydi. 2021 yilda bu miqdor 4 802 617 nafar bo‘lgan.  

2022 yilda 28 foiz – 1 404 377 mln nafar xodim 1 mln so‘mgacha maosh olgan. Raqamlar 1 mln so‘mgacha ish haqi oladiganlar o‘tgan yilga qaraganda 3,4 foizga kamayganini ko‘rsatmoqda – 2021 yilda 1 058 101 mln xodim shuncha maosh evaziga ishlagan.

 

1,4 mln so‘m oylik oluvchilarning katta qismi nobudjet tashkilotlarida ishlaydi – 1 mln nafar.  

2022 yilda 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha oylik oluvchilar soni 1,2 mln nafarni (24,6 foiz) tashkil qilgan. O‘tgan yilga qaraganda 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha haq oluvchilar sonida sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan.  

Shuningdek, 25,2 foiz xodim 2 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha maosh oladi. 2022 yilda 2-4 mln so‘m haq oluvchilar budjet tashkilotlarida 655 ming nafar, nobudjet tashkilotlarida esa 608 ming nafar bo‘lgan.  

Ahamiyatlisi shundaki, raqamlar O‘zbekistondagi xodimlarning asosiy qismi – 77,8 foizi 4 mln so‘mgacha maosh olishini ko‘rsatmoqda.  

Bundan tashqari, 467 233 nafar xodim 4,5-5 mln so‘m haq oladi. Ularning soni o‘tgan yilga nisbatan 1,3 foizga o‘sgan.  

5,5 va undan yuqori maosh oluvchilar 12 foiz – 649 255 nafarni tashkil qilmoqda. Yuqori haq evaziga ishlovchi xodimlar soni 2021 yilga qaraganda 1,5 foizga o‘sgan. 

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 2022 yilda mehnatga haq to‘lash fondi 156,9 trln so‘mga yetib, 2021 yilga nisbatan 30,7 trln so‘mga yoki 25 foizga oshgan. 

Avvalroq, 2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 3 mln 892 ming so‘mni tashkil etgani ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: