Yer ham xususiy mulkka aylanmoqda. Bu islohot xalqqa nima beradi?

Iqtisodiyot 15:50 / 15.02.2023 35079

O‘zbek xalqi asrlar davomida o‘troq turmush tarzida yashab keladi. Shu jihatdan, ko‘chmas xalqlarda yerning o‘rni haddan tashqari yuqori. Sobiq sovet ittifoqi davridagi kolxozlashtirish siyosati ortidan o‘zbekistonliklar yerdan foydalanuvchi “rutba”siga tushirilgan edi.

Mustaqillik davrida ham yerni xususiylashtirishga bir necha marta urinish bo‘lgan, ammo bu urinishlar turli sabablarga ko‘ra muvaffaqiyatli yakunlanmadi. Odamlar yerning emas, faqat uning ustiga qurilgan bino mulkdorigina edi, xolos.

Shunday sharoitda fuqarolar mulkini himoya qilishning qonuniy mexanizmi paydo bo‘ldi. 2021 yilning 15 noyabr kuni qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun va shu asosdagi hukumat qarori bilan fuqarolar o‘zlariga tegishli hovli uylar joylashgan yerlarni xususiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Yerlarni xususiylashtirishdan maqsad nima?

Birinchidan, bu islohot odamlarni mulkdor qilishga qaratilgan. Ya’ni fuqarolar va tashkilotlar o‘zlari egalik qilayotgan yoki foydalanayotgan yer uchastkasini davlatdan muayyan nominal qiymatda xarid qilgan holda, bozor narxida undan bir necha barobar qimmat mol-mulkka ega bo‘ladi. Shuningdek, yer xususiy mulkka aylangach, o‘z-o‘zidan yer bozori paydo bo‘ladi, xuddiki bir paytlar uy-joy xususiylashgach, uy bozori paydo bo‘lganidek. Demak, yerning haqiqiy bozor bahosi shakllanadi.

Ikkinchidan, yerning xususiy mulkka aylanishi mulk huquqi shakllanishida muhim omil hisoblanadi. Yer uchastkasi mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgandan keyin nafaqat uning ustidagi bino, balki umuman yer maydonining o‘zi ham qonunan daxlsiz bo‘ladi. Bu – tadbirkor va mahalliy investorlar uchun muhim kafolat.

Uchinchidan, yerni garovga qo‘yish, ijaraga berish kabi imkoniyatlar paydo bo‘ladi, ya’ni yer iqtisodiy muomala obektiga aylanadi.

To‘rtinchidan, fuqarolarda hokimiyat bilan mojarolarda o‘z mulklarini himoya qilish uchun yana bir qo‘shimcha instrument paydo bo‘ladi.

Beshinchidan, yerning bozor narxi shakllanishi va uning shahar markazlarida qimmatroq bo‘lishi ishlab chiqarishning yer va ishchi kuchi arzonroq bo‘lgan hududlarga ko‘chishiga impuls beradi. Ya’ni shaharning markazida ishlab chiqarish korxonalari soni kamayadi.

Oltinchidan, yer uchastkasiga oid mulk huquqini amalga oshirish va himoyalashning aniq yuridik protseduralari paydo bo‘ladi.

Yerni xususiylashtirish uchun qancha mablag‘ to‘lash kerak?

Xususiylashtirish to‘lovi Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida hisoblangan yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilangan. Bunda mol-mulk solig‘i qo‘shib hisoblanmaydi, aynan yer uchastkasiga to‘lanadigan soliq hisobga olinadi.

Masalan, agar siz bir yilda hovlingiz uchun 300 ming so‘m yer solig‘i to‘lasangiz, faqat bir marta shu summaning 10 barobari miqdorida, ya’ni 3 mln yoki 5 barobari miqdorida 1,5 mln so‘m badal to‘laysiz va yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqini qo‘lga kiritasiz.

Shu bilan birga, yer uchastkasini xususiylashtirish sizni yer solig‘i to‘lashdan ozod qilmaydi. Yer solig‘ini xuddi avvalgidek to‘lab borishingiz lozim.

Xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek davlat organlari, muassasa va korxonalari xususiylashtirish sub’yektlari bo‘la olmaydi. Bu juda ko‘p davlatlar uchun asosiy prinsip.

Xususiylashtirish qanday tartibda amalga oshiriladi?

Fuqarolar xususiylashtirishni ikki shaklda amalga oshirishi mumkin: davlat xizmatlari markaziga borib ariza berish yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali mustaqil tarzda elektron ariza to‘ldirish mumkin.

Arizalar vakolatli organlar tomonidan inson omilidan xoli tarzda avtomatik ravishda 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Agar vakolatli organ bu arizani ko‘rib chiqib, ma’qul topsa, arizachiga hisobvaraqasi yuboriladi. Arizachi 10 kalendar kunida ko‘rsatilgan miqdordagi to‘lovni to‘lashi kerak bo‘ladi. Pul to‘langan zahoti bir necha daqiqa ichida mulk huquqini beruvchi davlat orderi mulkdorga avtomatik ravishda taqdim etiladi.

Xususiylashtirish mumkin bo‘lgan yerlar:

  • yuridik shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;
  • xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlari joylashgan yer uchastkalari;
  • bo‘sh turgan yer uchastkalari.

Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar;
  • foydali qazilma konlari, qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obektlari joylashgan yer uchastkalari;
  • tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, muhandislik va transport infratuzilmasi obektlarining muhofaza zonalari, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari);
  • xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari – maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda;
  • ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;
  • davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.

Yer uchastkalari quyidagi shakllarda xususiylashtiriladi:

  • umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yerni sotib olish;
  • yerni elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.

Yerga nisbatan xususiy mulk instituti joriy etilishi oddiy insonlar va tadbirkorlarga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun muhim baza yaratilishiga, yerdan foydalanish samaradorligi oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Doston Axrorov
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: