Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yil hisobidan 4 yanvardan 12 yanvargacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida atigi 8 marta budjet daromadlari va xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Yanvarning birinchi o‘n kunligida budjet daromadlari 4 trln 374 mlrd so‘mni, xarajatlar esa 9 trln 919 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Budjet defitsiti 5,5 trln so‘mga teng bo‘lgan. Ya’ni xarajatlar bu davrda daromadlarga nisbatan 2 barobardan ko‘proqqa oshgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi oxirgi marta 12 yanvarda xarajatlar va daromadlar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Shundan keyin vazirlikning Telegram-kanalida ma’lumotlar berilishi to‘xtatildi.
Gazeta.uz'ning e’tibor qaratishicha, 2021 yilning 8 kunida budjet taqchilligi 270,8 mlrd so‘mni, 2022 yilning 8 kunida esa 318 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Joriy yildagi budjet taqchilligi (5,5 trln so‘m) esa 2023 yil prognoz qilingan davlat budjeti taqchilligining 22 foizini tashkil etmoqda. (2023 yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMning 3 foizi miqdorida deb belgilangan).
“Hukumat ekonomiya rejimiga o‘tishi kerak”
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘tgan yilning shu davrida davlat budjeti daromadlari 4 898,0 mlrd so‘m, xarajatlar esa 5 408,9 mlrd so‘mdan iborat bo‘lganiga e’tibor qaratdi. Bu yilgi xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 54 foizga oshgan.
Bakirovning yozishicha, yanvar oyi har doim budjet uchun juda og‘ir keladi.
“Lekin iqtisodiyotning butun boshli sektorlari energetika ta’minotidan uzilgan yoki ishdan chiqqan hozirgi kunlarda vaziyat yanada tarang. Hukumat va davlat idoralari nafaqat energetikada, sarf-xarajatlarda ham to‘liq ekonomiya rejimiga o‘tishi kerak”, – dedi u.
“Vaqtincha kassa uzilishi” — vazirlik izohi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi yanvar oyi boshida xarajatlar keskin oshgani yuzasidan bayonot berdi. Unga ko‘ra, yanvar oyining birinchi yarmida davlat budjeti daromadlari o‘rtasidagi salbiy farq oyning birinchi haftasi davomida ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘liq moliyalashtirish hamda yil boshida odatda budjet tushumlarining kam bo‘lishi bilan izohlanadi.
“Budjet kodeksiga muvofiq, joriy moliya yilining muayyan davrida budjet tizimi budjetlari xarajatlarining daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi vaqtinchalik kassa uzilishi deb ataladi.
Shu bilan birga, joriy yilning yanvar oyida mamlakatimizda havo haroratining keskin sovib ketishi hamda energiya resurslariga talabning keskin oshishi tufayli xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berishdagi uzilishlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmlariga salbiy ta’sir qildi”, – deyiladi bayonotda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu qariyb 30 ming tadbirkorlik sub’yektlarining soliq qarzdorligini 1,2 trln so‘mga o‘sishiga olib keldi va budjet tushumlarining to‘liq tushishiga salbiy ta’sir qildi.
Ushbu sharoitda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 fevraldagi PQ–43-son qarori bilan ularning soliq qarzdorliklari bo‘yicha penya hisoblashni to‘xtatish, soliq qarzdorliklarini bo‘lib to‘lash, moddiy javobgarliklarga tortmaslik, kredit to‘lov muddatlarini uzaytirish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kredit olish shartlarini yengillashtirish kabi choralar belgilandi.
“Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub’yektlari faolligini qayta tiklashga va kelgusi oylarda budjet tushumlari ko‘payishiga turtki bo‘ladi. Shu bilan birga, 2023 yil uchun belgilangan daromadlar prognozi bajarilishini ta’minlash maqsadida, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, – deya qo‘shimcha qilingan xabarga.
Shuningdek, vazirlik budjet daromadlari 2022 yilning yanvar oyida 13,4 trln so‘mni, joriy yil yanvarida 14,9 trln so‘mni tashkil qilganini aytmoqda.
Soliq qarzdorligi oshmagan taqdirda daromadlar o‘sish sur’atining yuqoriroq bo‘lishi kutilgan.
“Budjet taqchilligining yillik tasdiqlangan ko‘rsatkich doirasida bo‘lishini ta’minlash uchun, odatda, yil davomida soliq-budjet sohasida tegishli choralar ko‘riladi. Moliya yili ichida esa daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi tafovut o‘zgarib turishi mumkin”.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi daromadlar va xarajatlarni e’lon qilish to‘xtatib qo‘yilganini doimiy ravishda e’lon qilib boriladigan ma’lumotlar ro‘yxati, ularni davriy chop etishning aniq sanalari (iqtisodiy kalendari) ishlab chiqilayotgani bilan izohlagan. Bu haqda yaqin kunlarda rasmiy axborot berilishi qo‘shimcha qilingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2019 yildan Moliya vazirligi har kuni davlat budjetining daromad va xarajatlari hamda davlat xaridlari tizimida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida ma’lumot berishni boshladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oxirida 2022 yilgi budjet qonuniga o‘zgartirishlar kiritilib, budjet taqchilligi 3 foizdan 4 foizga oshirildi. Sobiq moliya vaziri Timur Ishmetov tariflar oshmagani evaziga elektr energiyasi va gazga subsidiya oshirilganini aytgandi. Ishmetov taqchillikni shu darajada saqlab qolish kerakligi, bundan ortiq defitsitga mablag‘ning o‘zi yo‘qligini qo‘shimcha qilgandi.
U o‘tgan yili noyabrda bo‘lib o‘tgan iqtisodiyot forumida ham barcha xarajatlarni qisqartirish kerakligi, chunki O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda ekanini aytgandi. Ishmetov 2022 yilda budjet taqchilligi 3-4 foiz atrofida bo‘lishi, 2023 yil uchun hukumat dilemma qarshisida turganini ta’kidlagandi.
2022 yilning noyabr oyida Markaziy bank hukumatni imtiyozlardan voz kechish va import to‘siqlarini olib tashlashga chaqirdi.