“Shu yo‘l bilan ota-onamdan o‘ch oldim” - bolalar o‘g‘riligining asosiy sababi oilada(mi?)

Jamiyat 14:19 / 09.02.2023 9913

Afsuski, mayda huquqbuzarlik, beboshlikdek ko‘ringan ishlar og‘ir vaziyatlarga olib kelishi, yakuni esa fojiali tus olishi mumkin.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolaning har bir yoshida o‘g‘rilik qilishining o‘z sababi bor. O‘g‘irlikka undovchi omillarni tahlil qilish maqsadida “Siz yoshligingizda o‘g‘irlik qilganmisiz?” degan savol bilan yurtdoshlarimizga yuzlandik.

O‘rtoqlariga qiziqishi sabab:

M. S.: “4-5-sinfda o‘qigan paytimiz maktabdan 6-7 nafar o‘g‘il-qiz sinfdoshlar birga qaytardik. Shunda har kuni navbat bilan bittamiz kirib, yo‘ldagi do‘konchadan bir qism “iris” konfet o‘g‘irlardik va bo‘lishib olardik.

Bir marta meniyam navbatim kelganda paltomni cho‘ntagiga solib o‘g‘irlab chiqqanman, ammo rosa yomon qo‘rqqanman, o‘g‘irlashning o‘zi bo‘lmas ekan. Keyin bir o‘g‘il bola sinfdoshimizni ushlab olishgan.

Amaki rosa nasihat qilib uyaltirganlar. O‘shandan keyin qilmaganmiz bu ishni. Ammo haligacha o‘sha ahvolimni eslasam, vijdonim qiynalib, yomon bo‘laman”.

O‘zida yo‘q narsaga ega bo‘lish uchun:

O.D.: “5,6 yoshimda ko‘shnimizning mendan 6 yosh katta qizi bor edi. Bo‘ynida chiroyli ikki qator munchog‘i bo‘lardi, juda chiroyli ko‘rinardi ko‘zimga.

Onamga menga ham shunaqa munchoq olib bering desam, sen hali bolasan, katta bo‘lsang olasan, derdi. Ko‘chamizda hech kimning hovli devori, darvozasi yo‘q  edi.

Shu qizlarnikiga o‘ynagani borsam uyda hech kim yo‘q ekan. Derazadan osilib chaqiraman desam, piyolada shu munchoq uzilgan holda turganini ko‘rdim. Olmoqchi bo‘ldim, qo‘rqdim va uyga ketdim.

Yana chidolmay borib oldim va uyga kelib amallab ipga tizib taqib oldim. Yoshlikni qarang, bilmaydi deb o‘ylaganman. Onam ko‘rib qoldi, o‘g‘irlaganimni bilib rosa urishdi.

"Menga o‘g‘ri farzand kerakmas, o‘zim tug‘dim o‘zim o‘ldiraman, deb qo‘llarimga xipchin bilan qip-qizil bo‘lguncha urdi. Munchoqni joyiga qo‘yib keldim. Qaytib bu yo‘lga kirmadim. Eslasam ham yomon bo‘lib ketaman”.

Tengdoshlariga maqtanish uchun:

N.A.: “O‘g‘rining o‘g‘risi bo‘lganman. Eng qizig‘i, juda boy yashasak ham shunaqa edim. Chet elda ko‘p bo‘lishardi ota-onam, inomarkamiz boridi, har xil matohlar keragidan ko‘pidi uyda.

Uydan hamma narsani o‘g‘irlardim, ko‘chaga tashirdim. Ko‘rmaganlarga berib rohatlanardim. “Oooo” deyishsa mazza qilardim. “Ochko” ishlardim maktabda.

Ota-onam bilib qolib, urishmagan, urmagan. Jazo sifatida 3 oy ta’tilda Andijonga, ammamnikiga yuborishgan. Ana o‘sha yerda halol-haromni farqlaganman, xullas odam bo‘lib qaytganman”.

Ota-onasi rag‘batlantirgani uchun:

Sarvinoz Mamanova: “Qo‘shnimizning o‘g‘li bo‘lardi F. ismli. U bo‘lgan joydan, boshqa qo‘shni bolakaylarning uyidan o‘yinchoq yo‘qolardi. Bir kuni tasodifan onasining gapini eshitib qoldim: “o‘g‘lim nuqul uyni o‘ylaydi, ko‘chadan nima topsa olib keladi”. Xullas o‘sha F. ismli bola 18ga kirmay mahalladagi boshga qo‘shnilarimizning molini o‘g‘irlashga o‘tdi. Ikki yilga qamalib ketdi. Bu ishni qayta-qayta takrorlab, 3 marotaba qamalib chiqdi”.

Bolalardagi o‘g‘rilikning sabablari

Psixolog Shahnoza Jumaqulovaning ta’kidlashicha, bolaning har bir yoshida o‘g‘rilikning o‘z sababi bor. Maktabgacha bo‘lgan boladagi o‘g‘rilik sabablari:

  • Biror narsaga ega bo‘lish xohish-istakning kuchliligi.
  • Bolaning o‘z yaqinlariga sovg‘a qilish istagi sababli o‘g‘rilik qilishi. Boshqalarni o‘ziga jalb qilish maqsadida o‘g‘rilik qilish.
  • Kimnidir jazolash yoki o‘ch olish maqsadida narsasini o‘zlashtirish.

Farzand 8–11 yosh bo‘lganida o‘g‘rilikning paydo bo‘lishi irodasizlik oqibati bo‘lishi mumkin. “Istayman” degan xohish o‘rniga “mumkin emas” degan qarorni ayta olmagani sabab bo‘ladi.

Farzandning 12–15 yoshida o‘g‘rilikka qo‘l urishi anglangan qadamdir.

Bunday vaqtda ota-ona qanday yo‘l tutishi kerak? Farzandini jazolashi kerakmi yoki unga do‘stona tushuntirishi lozimmi? Bu borada ota-onalarning hayot tajribasi bilan qiziqdik.

Manzura Rustamova: “Do‘konda ishlayman. Qizim bilan o‘g‘lim kichkina edi. U paytlari sigaret taqchil, “podprilavka” sotilarmidi, xullas uydan 1 blok sigaret olib uyimizning oldidagi bozorchaga olib borib, ozgina saqich, shimadigan konfetchalarga almashtirishgan.

O‘g‘lim o‘shandan keyin balog‘at yoshigacha o‘rtoqlari olib chiq desa, tillalarimni olib chiqqan, arzonga berib dollar olgan. 16 yoshdan keyin bunaqa ishlar qilmay qo‘ygan. Kichikligida o‘g‘rilik deb o‘ylamaganmi, yoki insof berdimi, bilmayman. O‘rtoqlarigayam bog‘liq ko‘p narsa”.

Dilsora Mirzaahmedova:Maktabdan qalam qopqog‘ini olib keldi. Juda chiroyli, boshqa joyda kam uchraydigan qopqoq. Qayerdan olding, desam, sinfdoshimniki, yerda yotgan edi, tushirib qoldiribdi, qaramagandi oldim, dedi.

Bu yomon odatligini, shunaqa ishlar qilsa bizga zarar bo‘lishini, keyingi safar o‘zi xohlagan narsa uchrasa birovnikini olmay o‘zimga aytsa 10 ta olib berishimni aytdim.

Borib shunga o‘xshagan qopqoqdan 10 ta olib berdim. Qopqoqchani egasiga qaytarib berib, kecha ko‘rmay qolganingda olib ketdim, bugun mana senga yana bitta beraman deb qaytarib bergan. Shundan beri umuman qilmaydi, shokoladlarniyam so‘rab oladi”.

Sureya Nazarova: “O‘g‘lim maktabdan qalam olib kelganda 1-sinfda edi, dadasi bilan o‘ylab nima qilishni reja tuzganmiz. Dadasi militsioner o‘rtoqlari bilan choyxonaga bormoqchi edi. O‘rtoqlari ish formasida kelib, sinfda qalam yo‘qolibdi, kameraga o‘g‘lingiz tushibdi, u kichkina bo‘lgani uchun dadasini olib ketamiz qamoqqa, degan (dadasi oldindan aytib qo‘ygan edi).

Choyxonaga ketishgan. O‘g‘lim rosa siqilib, yig‘lab, duo qilgan. Keyin men ko‘p pul shtraf to‘laymiz, dadang uchun, deb ko‘chaga chiqib aylanib kelganman. Kechroq dadasi choyxonadan kelgan. Ikkinchi hech qachon birovning narsasini olmayman deb, o‘sha-o‘sha ko‘chada pul yotsayam olmaydi. Nega omading, desam, birovnikidir, deydi”.

O.A.: “Qizim qo‘shnimning qaychisini so‘roqsiz olib kelganda qaytarib olib borib berishini aytganman. Uyalib eshigidan otib kelgan. 5 yoshlarmidi. O‘g‘lim shu yoshlarida buvasining cho‘ntagidan pul olib, muzqaymoq yegan. Dadasi savalagan. Shu bilan boshqa bunday ish qilmagan”.

Bolaning o‘g‘irlik qilishiga maktabdagi muhit, sinfdoshlar bilan o‘zaro munosabatlar ham ta’sir qiladi. Gohida o‘ziga to‘q oilaning bolalari bilan bir sinfda o‘qiydigan kam ta’minlangan oila farzandlari ularning narsa sotib olishini ko‘rib havasi keladi. Ulardek bo‘lishga urinadi.

“Tajribamizda to‘q oila farzandlari orasida ham o‘g‘irlik holatlari kuzatiladi. Ammo oilasida moddiy yetishmovchilik, iqtisodiy ta’minot yaxshimasligi, ota-onaning muqim ish oyiga ega emasligi, oiladagi nosog‘lom muhit, ota-onaning dunyoqarashi torligi, ma’naviyatdan yiroqligi, xorijda, bolalaridan uzoqda ishlashi, qaramog‘iga olgan qarindoshlarining e’tiborsizligi ham o‘g‘irlikka sabab bo‘ladi.

Maktabimizda o‘g‘irlik qilgan 11-sinf o‘quvchisi bilan ishlash oson bo‘lmadi. Odatda o‘quvchilar bilan tez-tez suhbatlashaman. O‘g‘irlik qilgan o‘quvchining fe’li bosiq bo‘lgani sabab, uni xonamga olib kirib alohida gaplashdim. Uyiga borib, oilaviy sharoitini ko‘rdim.

Otasi yo‘q, onasi chet elga ishlagani ketgan, bola xolasining qaramog‘ida ekan. Xolasi bilan suhbatlashdim. Iqtisodiy ahvoli og‘ir. Baxtga qarshi, uning sinfdoshlari o‘ziga to‘q oilaning farzandlari edi. Uning ko‘ngliga yo‘l topishga harakat qildim.

Hamkor tashkilotlarni jalb qildik. Sport to‘garagiga bepul a’zo qildik. Gazetaga bepul obuna bo‘ldi. Gazetada o‘tkazilayotgan kitobxonlik tanlovida ishtirok etdi. Tanlov bahona bir nechta kitoblar o‘qib chiqdi. Jumladan, “Alvido bolalik” unga qattiq ta’sir qildi.

Hatto tanlovda g‘oliblar safidan ham joy oldi. Eng muhimi, o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqardi. Birgina kitob, unga ota-ona berishi kerak bo‘lgan ma’naviy ozuqa, pand-nasihatni berib qo‘ydi.

Aytmoqchimanki, ota-onalar farzandining moddiy ehtiyojlari bilan bir qatorda ma’naviyatiga ham alohida e’tibor qaratishi, avvalo, o‘zi namuna bo‘lishi kerak”, deydi surxondaryolik o‘qituvchi Gulchehra Haitovna.

Farzandni taribiya qilish shart emas, o‘zingizni tarbiya qilsangiz shuning o‘zi kifoya, chunki bola sizdan o‘rnak oladi, deyishgani bejiz emas. Oilaviy muhit ham bolaning o‘g‘irlik yo‘liga kirishiga sabab bo‘ladi. Onaning otadan beso‘roq pul olishi, otaning onadan pul yashirishi kabi holatlar ham bola psixologiyasiga yomon ta’sir qiladi.

Bu haqida psixolog Shahnoza Jumaqulova shunday deydi:

“Oilada avvalo ota bilan ona farzandi uchun ibrat ko‘rsata bilishi darkor. Bola o‘sib ulg‘ayayotgan xonadonda tartib, intizom bo‘lishi zarur.

Ba’zan kattalar boladan o‘z hamyonlaridan pul olib kelishini so‘rashadi. Yoki do‘konga yuborishganda, qaytimini so‘ramay, uni bolada qoldirishadi va bu pulni nimaga ishlatganini nazoratga olishmaydi.

Qabulimga kelgan bir bolakay otasining cho‘ntagidan so‘roqsiz pul olgani sababini shunday tushuntirdi:

– Dadam uxlab yotganida, onam uning cho‘ntagidan pul olganini ko‘rgandim. Do‘konda “jyele” o‘yinchog‘ini olgim keldi, lekin oyim olib bermadilar. O‘rtog‘imda ko‘rib, men ham shuni olgim keldi va dadamning cho‘ntagidan pul olib, men ham xarid qildim. Keyin do‘kondan nimadir kerak bo‘lsa, har gal dadam uxlaganlarida pul olardim, axir o‘zimning dadam, xafa bo‘lmaydilar. Ana, oyim pul olganlarini bilsalar ham, ularni urishmaydilar-ku...

Nima sababdan kattalar so‘ramasdan pul oladilar-u, kichiklar esa shunday yo‘l tutsalar, o‘g‘irlik hisoblanishidan bola hayron edi.

Ota-onaning farzandi oldida aybdorlik hissi yana bir bolaning o‘g‘irlik qilishiga turtki bo‘lgan. Bunday hol ko‘pincha otasi bilan onasi ajrashgan oilalarda kuzatiladi. Ota yoki ona bolaning ayro o‘sishida o‘zini ayblab, unga istagan narsasini olib berishadi va xarxashalariga ko‘z yumishadi.

Ushbu muammo bilan huzurimga kelgan o‘smir yigitcha onasining ikkinchi marta turmush qurganidan ta’sirlanib, uni jazolash, o‘ch olish yo‘li pullarini o‘g‘irlash deb bilgan. Pulni esa ko‘pincha arzimas narsalarga mantiqsiz ravishda sarflagan

O‘g‘irlik ham oilani bog‘lashning bir usuli bo‘lishi mumkin. Ya’ni farzand muammo tug‘dirganida, o‘z ota-onalari birlashadi, deb o‘ylaydi.

Agar bolangiz o‘zini nazorat qilishi juda qiyin bo‘lsa, unda mutaxassis bilan bog‘lanishingiz kerak bo‘ladi. Chunki bu kechiktiradigan yoki vaqt hukmiga tashlab qo‘yadigan hodisa emas. Har bir kasallikning o‘z mutaxassisi bo‘lganidek, o‘g‘irlikning oldini olish va to‘xtatishda oilada qo‘llangan choralar ish bermasa, tajribali psixologga murojaat qilish kerak bo‘ladi. Agarda o‘g‘irlik “kleptomaniya” darajasiga yetgan bo‘lsa, u holda psixoterapevtga murojaat qilish zarur”.

Tibbiyot fanlari doktori, nevropatolog Zohidjon Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, bolaning o‘g‘irlik qilishi va bu ishni tan olmasligiga ko‘pincha noto‘g‘ri tarbiya sabab bo‘ladi.

Bolaning ko‘z o‘ngida ota-onaning yolg‘on gapirishi, birovning narsasini so‘roqsiz olishi bolada shu ko‘nikmalarni shakllantiradi. Olib turib olmadim deydi yoki ukasiga, o‘rtog‘iga, xullas o‘z aybini boshqa birovga to‘nkaydi.

Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, ota-ona bolasi o‘g‘rilikka qo‘l urganini sezsa, ushbu 10 ta qoida rioya qilmog‘i darkor:

1-qoida: Farzandingizga o‘g‘rilik nima ekanini tushuntiring. O‘g‘rilikni man eting! Javobgarlikni misollar bilan tushuntiring.

2-qoida: O‘z narsasini o‘g‘irlatib qo‘ygan inson xatti-harakatlari va o‘g‘riga nisbatan paydo bo‘lgan hissiyotlari haqida tushuncha bering.

3-qoida: Farzandingizga “o‘g‘ri” degan yorliq qo‘yishdan, undan nafratlanishdan o‘zingizni tiying. Farzandingizga siz uni yaxshi ko‘rishingizni, bu qilgan ishi yomon ekanini tushuntiring. Hozircha harakati o‘g‘rilikka aylangan farzandingizning o‘zi ham o‘g‘riga aylanishiga yo‘l qo‘ymang.

4-qoida: O‘g‘riligi haqidagi hodisani o‘zi bilan xoli qolgan holda tahlil qiling. Bu voqea haqida begonalarga oshkor qilmang. Yakka holda tanbeh bering, hammaning oldida uning faqat yaxshi tomonlarini ayting.

5-qoida: “Qanday qilib buni qila olding?”, “Sen meni o‘ylamadingmi?!” kabi kattalarga xos so‘zlarni ishlatib farzandingizni tushunmaydigan hissiyotlar dunyosiga g‘arq qilmang. Bu ayblovlaringizning foydasidan ziyoni ko‘p.

6-Qoida: Boshqa tengdoshlariga yoki o‘zingizning yoshligingiz bilan solishtirmang. “Men sendek paytimda...” deb boshlanadigan ma’ruzani farzandingiz psixikasi qabul qila olmaydi.

7-qoida: Qilgan o‘g‘riligini tahlil qilayotganda o‘rta me’yor saqlangki, keyingi safar qilgan xatosini yashirmaslikka o‘rgansin.

8-qoida: Tahlil qilib bo‘lgach, uning bu ishni qayta qilmasligiga kelishib oling. Bu voqeani boshqa eslamang, farzandingiz ham xuddi shunday yo‘l tutishi kerakligini tushuntiring. Bu voqea haqida farzandingizga har safar eslatishingiz u tomondan o‘zini oqlash uchun sabablar topishga undaydi.

9-qoida: O‘g‘rilik sababini bartaraf etish yo‘llarini izlang.

10-qoida: Oiladagi illatli holat va tarbiyangizdagi xatolik farzandingizning o‘g‘rilik qilishiga sabab bo‘lganini to‘g‘ri tushuning.

Charos Mannonova, junalist

Ko‘proq yangiliklar: