18 yoshda o‘ziga berilgan va’da
U Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida katta bo‘lgan. Onasi o‘qituvchilikdan, otasi mahalla idorasidagi ishidan so‘ng pensiyaga chiqqach ham, har doim farzandlarini o‘qishga rag‘batlantirishgan. Pensiya pullarini bolalarining ta’limiga sarflashgan.
«Maktabni tugatib litseyga o‘qishga kirganman. O‘rtahol oila bo‘lganimiz uchun daromadimiz u darajada ko‘p emasdi. Shuning uchun litseyda ikkinchi kursni tugatgach, yozgi ta’tilda Qozog‘istonga ishlagani borganman. O‘shanda 18 yosh edim. Qurilish ishlari bo‘lgani uchun mehnati juda og‘ir edi. 2010 yil, hali texnikalar juda rivojlanmagan, baland qavatlarga og‘ir yuklarni ko‘tarib olib chiqishimizga to‘g‘ri kelgan.
O‘sha vaqti o‘zimga o‘zim «albatta, o‘qiyman», deya va’da bergan edim. Litseyni tugatgach, ketma-ket ikki marta Texnika universitetining neft-gaz yo‘nalishiga hujjat topshirib, kira olmadim. U paytlari kirish ballari baland, imtihonda tanish-bilish, X-variant, shpargalka degan narsalar modada edi», — deydi u.
«Repititor-abituriyent»
Bekzodning fizikadan bilimi yaxshi edi. Shuning uchun repetitor o‘qituvchisi unga dars o‘tishda yordamchilikni taklif qilgan. Ikki yil OTMdan yiqilib, o‘quvchi tayyorlashga yordamlashgan.
«O‘qituvchim «O‘rganishning eng yaxshi usuli — kimgadir o‘rgatish», deb aytardi. Dars boshlanguncha mavzuni tushunmay qolgan o‘quvchilar sinfxonaga ertaroq kelishar va men ularning ishlay olmay qolgan masalalari bo‘lsa, ishlab tushuntirib berardim, so‘ng o‘qituvchi kelib o‘zi yangi mavzu o‘tardi. Keyinroq 5-6 nafar o‘quvchili guruhlarga o‘zim ham dars o‘tdim. Bu orada Sankt-Peterburgga o‘qishga hujjat topshirdim, biroq kontrakt asosida kirganim uchun o‘qimaganman.
Litseyni tugatganimning uchinchi yili Andijon davlat universiteti fizika fakultetiga kontraktga o‘qishga kirdim. Talabalik yillarim ham repetitorlik qildim. O‘zimni moddiy tomondan ancha ta’minlardim, lekin baribir kontraktimga uydagilardan yordam olganman. O‘qish davomida talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida qatnashib, fizika fanidan respublikada ikkinchi o‘rinni olganman», — deya hikoya qiladi Bekzod Abdurayimov.
Avval Moskva, so‘ng Seul
Bakalavr bosqichini tugatgach, Bekzod O‘zbekiston Milliy universitetiga magistraturaga kirdi. Ilmiy rahbari Fanlar akademiyasi qoshidagi Yadro-fizika institutida ishlardi. U kishi sabab birinchi kursni tugatib o‘sha institutda ma’lum muddat ishladi.
«Ikkinchi kurs paytimda Moskva davlat universitetida tibbiyot fizikasi bo‘yicha o‘qib kelish uchun tanlov e’lon qilingan. Shu imkoniyatdan foydalanib, 2 oy Moskva davlat universitetida tibbiyot fizikasi bo‘yicha o‘qidim va shu yo‘nalishga qiziqib qoldim. Magistraturani ham tugatib Andijonga qaytdim. Andijonda Respublika onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazining filialiga ishga kirib, bir yarim yil vaqt ishladim. Bu orada o‘z soham bo‘yicha Janubiy Koreyada bir oy malaka oshirib kelish imkoni bo‘ldi», — deya talabalik yillarini eslaydi u.
Italiyadagi grant asosida o‘qish
Shuncha o‘qiganiga qaramasdan, negadir Bekzod o‘z bilimimdan qoniqmasdi. U Andijonda yashar, poytaxtda shu sohada ishlayotganlar ancha tajribali ekani, u ham o‘z ustida ishlashim kerakligini sezardi. Shu sababli u xorijda o‘qib kelishga ahd qildi.
«Italiyaning Triyest universitetida Nazariy fizika xalqaro markazi mavjud bo‘lib, unda asosan, matematika va fizika kabi fanlarni o‘rgatiladi. Bu markaz Triyest universiteti bilan birgalikda tibbiyot fizikasi yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydi. O‘qish shartnoma asosida, lekin Xalqaro atom energiyasi agentligi o‘ziga a’zo davlatlar talabalariga ajratadigan grant dasturlari bor. Men ham shu tashkilot tanlovidan o‘tib, Italiyada tibbiyot fizikasi bo‘yicha grant asosida o‘qishga muvaffaq bo‘ldim.
Universitetda birinchi yili nur terapiyasi hamda yadro tibbiyoti yo‘nalishi va unga aloqador sohalar bo‘yicha faqat nazariy bilim beriladi. Ikkinchi yili esa universitet talabalari mamlakatning barcha shaharlaridagi tibbiyot markazlarida amaliyot qiladi. Men Ankona shahridagi shifoxonada amaliyot o‘tadim. O‘qish davomida darslar intensivligi va imtihonlar ko‘pligi uchun qo‘shimcha ishlashga imkonim bo‘lmagan. Asosiy maqsadim o‘qish bo‘lgani uchun ham ishlashga harakat qilmadim», — deydi u.
«Moskvaga migrant bo‘lib bormoqchi emasdim...»
«Maktab va litseyda o‘qib yurgan vaqtlarim Rossiyada ishlab kelganlar Kremlda yoki Moskvaning chiroyli joylarida tushgan rasmlarni ko‘rsatishardi. O‘shanda niyat qilgandim, men ham shu joylarni borib ko‘raman, faqat mehnat migranti bo‘lib emas, o‘qishga yoki sayohatga boraman derdim. Moskvaga ham bordim, Seulni ham, Yevropani ham aylandim.
Talaba paytim xorijda o‘qiydigan talabalarning erkin kiyimlarda darsga borishlari, yashil maysalar ustida o‘tirib dars qilishni orzu qilganman. Bu orzularim ham amalga oshdi.
O‘qishni tugatib qaytganimga bir oydan oshdi. Bir nechta joydan ish takliflarini oldim. Hozircha ish joyim aniq emas va nima qilmoqchi ekanim sir bo‘lib qola qolsin. Lekin agar bu yerda o‘zimga mos ishga joylasha olmasam, tadqiqotchi sifatida yana xorijga ketish ham variantlarimdan bittasi», — deya kelgusidagi rejalaridan so‘zladi u.
Tibbiyot fizikasi qanday soha?
Tibbiyot fizikasi sohasi O‘zbekistonda hozirda rivojlanish asnosida. Lekin bu soha ayni paytda O‘zbekistonda ko‘payib borayotgan onkologik kasalliklarni davolash, diagnostikasida juda muhim.
«Tibbiyot fiziklari onkologik kasalliklar diagnostika apparatlarining ishlash qoidalari, servis ko‘rsatish, nur terapiyasidagi apparatlar ishlashi, davolanayotgan insonlarga qancha nur kerakligini hisob-kitob qilish kabi ishlarni bajarishadi. O‘zbekistonda ham bu sohada mendan oldin o‘qigan va hozir o‘qiyotganlar bor. Yaqin yillarda bu yo‘nalishda ham kadrlar ko‘paysa kerak», — deydi Bekzod Abdurayimov.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.