BMT: Shimoliy Koreya yadroviy dasturni kiber-o‘g‘riliklar bilan moliyalashtiryapti

Jahon 11:30 / 07.02.2023 8308

2022 yilda Shimoliy Koreya rasmiylariga aloqador hakerlar turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 630 million dollardan 1 milliard dollargacha bo‘lgan virtual aktivlar va kibervalutalarni o‘g‘irlagan. Bu haqda BMTning maxsus hisobotida aytiladi, deb xabar berdi Reuters 6 fevral, dushanba kuni. 

«So‘nggi oylarda kriptovaluta qiymatining o‘zgarishi bu taxminlarga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin, biroq ikkala hisob-kitob ham 2022 yil Shimoliy Koreya tomonidan virtual aktivlar o‘g‘irlanishi bo‘yicha rekord yil bo‘lganini ko‘rsatadi», — deyiladi BMT hisobotida. 

Hisobot mualliflariga ko‘ra, so‘nggi bir yilda KXDR kiberjinoyatchilari qo‘llagan usullar «mukammalroq» bo‘lib, o‘g‘irlangan mablag‘larni kuzatishni qiyinlashtirgan. Kiberhujumlarning aksariyati Shimoliy Koreyaning bosh razvedka agentligi nazorati ostidagi guruhlar tomonidan amalga oshirilgan. Oxirgi olti yil ichida davlat nazorati ostidagi KXDR hakerlari jami 1,2 milliard dollarga yaqin onlayn aktivlarni egallab oldi. 

Mablag‘lar ko‘pincha anonim tarzda kriptovalutalarga investitsiya qilingan, so‘ngra Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa dasturlarini moliyalashtirish uchun foydalanilgan, deyiladi hisobotda. Shimoliy Koreya 2022 yilda 73 ta ballistik raketa uchirdi va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yadroviy qurol bilan tahdid qilishni tobora kuchaytirib bormoqda. 

Iyun oyida AQShning Shimoliy Koreya bo‘yicha maxsus vakili Son Kim, razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR «istalgan vaqtda» navbatdagi - yettinchi yadro sinovini o‘tkazishi mumkin ekanini aytdi. Shimoliy Koreya oxirgi marta termoyadroviy zaryadga ega yadroviy kallak sinovini 2017 yilda o‘tkazgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: