O‘zbekistonda 2023 yilgi davlat dasturiga oid prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.
Natijada 2,4 ming nafardan ortiq fuqaroga 21,7 mlrd so‘m miqdordagi pensiyani to‘lab berish imkoni bo‘ladi.
2023 yil 1 martdan boshlab nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining og‘irligi va uning asoratlaridan kelib chiqib, ularning ishtirokisiz belgilanadi.
Natijada, yillik 27 ming fuqaro (25 foiz) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga bormaydi va ularga nogironlik sirtdan belgilanadi. Nogironlikni belgilashda davolash muassasalaridan kasallik tarixi ko‘chirmalari elektron qabul qilinadi (Toshkent shahrida aprobatsiyadan o‘tkazilgan) hamda ushbu ma’lumotlar asosida nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
2023 yil 1 martga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish konsepsiyasi loyihasi tayyor bo‘lishi kerak. Unda quyidagilarga e’tibor qaratiladi:
- fuqarolarning mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik darajasidan kelib chiqib nogironlikni belgilash amaliyotidan voz kechib, uning o‘rniga jahon standartlari asosida nogironlikni belgilash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotga ijtimoiy moslashuvi va ularning sog‘lig‘ini qayta tiklash;
- mustaqil harakat qilish imkoniyati bo‘lmagan shaxslarning barcha ijtimoiy infratuzilma obektlariga (jamoat va ishlab chiqarish binolariga, sog‘liqni saqlash va sport obektlariga, madaniyat va tomosha muassasalariga) moneliksiz kirishi uchun qulay sharoitlar yaratish;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan foydalanishi, imo-ishora tilidan hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish.
Izohlanishicha, ijtimoiy modelga o‘tish tavsiyalari O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yilda ratifikatsiya qilingan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada belgilangan. Konsepsiyaning qabul qilinishi natijasida nogironlikni belgilashda xalqaro klassifikatsiyaga asosan axborot texnologiyalar joriy etiladi (kasalliklar shifrlanadi), nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaruriy sharoitlar yaratiladi (panduslar, ko‘tarma liftlar, surdo tarjimalar, tovushli va vizual signalizatsiyalar va boshqalar) hamda ularni reabilitatsiya qilish bo‘yicha shaxsiy dasturlar ishlab chiqiladi.