Bugun barcha hech kimda yo‘q bo‘lgan o‘ziga xos narsaga ega bo‘lishni xohlaydi. Aynan mana shu xohishning o‘zi katta bir biznesga asos bo‘la oladi. Sizda kichik bir charm-poyabzal ustaxonasini ochish orqali tez vaqt oralig‘ida katta bir korxona egasiga aylanish imkoniyati bor. Chunki kichik hajmdagi charm buyumlar va har xil turdagi poyabzallarni ishlab chiqarish orqali yuqori daromad olish mumkin. Bugun O‘zbekistonda aynan charmdan turli buyumlar va poyabzallar tayyorlayotgan insonlarni ko‘plab uchratish mumkin. Ular safiga siz ham qo‘shiling. Hozirda biznesda “Hand Made” deb nom olgan butun bir yo‘nalish mavjud. Ayni yo‘nalishda siz o‘z biznesingizni ochish va ishlab chiqarishni boshlashingiz mumkin.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra poyabzal yoki charm buyumlarni ishlab chiqarishning xalqaro bozordagi sig‘imi har yili bir necha yuz milliardlab dollarni tashkil etar ekan. Bu o‘z navbatida aynan kosiblikni o‘rganish va ishlab chiqarishni tashkil etish ortida doimiy daromadga, istiqbolli biznesga ega bo‘lishni anglatadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, sizning mahsulotingizga bozorda doimo talab bor. Aynan charm sanoatining yuqori rentabelligi va barqaror o‘sishi kosiblarga, ishlab chiqaruvchilarga va kasanachilik bilan shug‘ullanayotganlarga doimo takliflar mavjud ekanligini anglatadi. Minimal boshlang‘ich sarmoya bilan yuqori daromad olish ishonchi ko‘plab tadbirkorlarning e’tiborini tortdi.
Bunga mamlakatimizda oddiy kosibchilikdan o‘z faoliyatini boshlab, katta-katta sanoat korxonasini boshqarayotgan, xalqqa va xorijga sifatli mahsulot yetkazib berayotgan tadbirkorlar bunga misol. Bugun ular mahallalarda ham kasanachilik va kosibchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarni o‘qitib ularga ish bermoqda. Uyda o‘tirib mablag‘ topayotganlar safi kengaymoqda.
Xo‘sh, bu hunarni egallash menga nima beradi? Mahsulotimni qayerga sotaman? “Sarflagan vaqtim va mablag‘imni qaytarib daromadga ega bo‘lamanmi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. E’tibor bering - bugun poyabzal, charm-attorlik, sumkadan tashqari kamarlar, uyali telefonlar uchun charm g‘iloflar, hamyonlar, kundalik bog‘lovchi materiallarga talab kun sayin ortib bormoqda. Agar bu mahsulotlarga ijodiy yondoshiladigan bo‘lsa narxi ikki-uch barobarga ortadi. Uyingizning bir xonasidan foydalangan holda bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni boshlashingiz mumkin. Xomashyo masalasida qayg‘urishga hojat yo‘q. Barchasi mamlakatning ichida mavjud. Biznes qilish bugun obro‘ emas, aksincha xayot tarziga, daromad manbaiga aylanib ulgurdi. Aynan kosiblik va kasanachilik orqali ikki-uch nafar xodimdan o‘z ishini boshlagan tadbirkorlar bugunga kelib katta korxonalarda xorij uchun mahsulot ishlab chiqarmoqda. Ularning poyabzallari Yevropa va Osiyo davlatlaridan tortib, hatto Amerikani zabt etib ulgurdi. Ayni paytda oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zini-o‘z band qilganlar uchun esa imtiyozlar ajratilmoqda. Yuqorida aytilganidek kosiblik va kasanachilik bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar safiga kirgan. Poyabzal ustaxonasida ishlagan usta bugun o‘zining poyabzal ishlab chiqarish korxonasiga ega. Oddiy ishdan oilaviy biznesga qadam qo‘ying!
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi orqali e’tiboringizga taqdim etmoqchi bo‘lgan hujjatli filmimiz orqali aynan bu sohadagi faoliyatingiz uchun zarur bo‘lgan tavsiya va yo‘nalishlarni hamda yangi biznes faoliyatingizni boshlash uchun barcha qo‘llab-quvvatlashlarni olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Ma’lumotlar “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan taqdim etildi.