Madina Nurman:
— Fotograflik faoliyatim O‘zbekiston jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirganimdan so‘ng taxminan 2014 yilda boshlangan. Faoliyatimni boshlashga tasodif sabab bo‘lgan. Fakultetimiz binosida joylashgan xorijiy tillar portali bor edi, o‘sha yerda muxbir sifatida ishlashni boshlaganman. Ishlab yurgan paytimda portal fotografi kasal bo‘lib qoldi. Yapon tili tanloviga muxbir sifatida borishimiz kerak edi, shunda kamerani menga berishgan va suratga olib kelishimni aytishgan. Birinchi marta suratga olishim bo‘lgani uchun hayajonlanganman va mas’uliyatni his qilganman. O‘sha kuni menga yozishdan ko‘ra kamera bilan ishlash ko‘proq yoqishini tushunganman. Jurnalist sifatida qanchalik ishlashga qiziqmay, fotograf sifatida lahzalarni tutib qolish qiziqroq ekan, deb o‘ylaganman.
Bizda fotograflikni qiz bola egallaydigan soha deb bilishmasdi. Shunaqa qarash bor edi u paytlarda. Birinchi faoliyatimni boshlagan yillarda Senat yalpi majlislariga fotograf sifatida kirganimda, amaldorlar ham hayron qarashardi qiz bola fotografga. Boshida qo‘rquv bo‘lgan, lekin odamlarning sizga bo‘lgan ishonchsizligi mas’uliyatni kamaytirar ekan va bu erkinroq ishlashga yordam beradi. Qiz bola fotograf bo‘la oladimi, degan savol hozir meni o‘ylantirmaydi. Biz o‘z ishimiz bilan isbotlab berolsak, odamlarda savollar yo‘qoladi.
To‘g‘risini aytsam, tabiat manzaralari mening kuchli tomonim emas. Unchalik qiziqmayman ham. Fotograflarning ham turlari bo‘ladi. Men esa portretlar, ya’ni insonlarning qiyofalari, emotsiyalarini suratga olishga, insonlar xarakterini suratda ko‘rsatishga qiziqaman. Asosan hissiyotga berilgan chehralar meni jalb qiladi. Fotograf uchun hissiyotdan qimmatliroq narsa yo‘q, menimcha.
Men qaysidir lahzani ushlab qoldim deb hisoblamayman. Nimani ko‘rsam, o‘shani suratga olaman. Bu jarayonni tasvirlab berish qiyin. Tajriba bilan bo‘ladi deb o‘ylayman bu narsalar.
Birinchi topgan pulimning yarmiga jamoat transportlari uchun karta olganman. Qolgan pulni nimaga ishlatganimni bilmayman.
Ko‘pchilik fotograflar katta pul topadi deb o‘ylashi mumkin. Bu sohani juda ham daromadli deb aytolmayman. Chunki chet elda bu borada raqobat bor. Bizda ham nashrlar o‘rtasida fotogalereya raqobati bo‘lsa, daromad ko‘paygan bo‘lardi. Tadbirlardagi eng yaxshi chiqqan fotogalereya egasiga, deylik, fotokamera yutuq sifatida berilishi kerak.
Fikrimcha, to‘y bu — ikki yoshning birgalikdagi hayotini boshlovchi dastlabki nuqta, xolos. To‘ylar juda tor doirada bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.
Siyosiy yo‘nalishdagi fotograflarda o‘z davlati rahbarini suratga olish qiziqishi bo‘ladi deb o‘ylayman. Menda ham bu qiziqish bo‘lgan. Daryo.uz saytining prezident huzuridagi tadbirlarga qatnashish imkoni tug‘ilgach, shu orqali bu qiziqishlarim amalga oshgan. 2020 yil yanvarida Senatning yalpi majlisida birinchi marta davlat rahbarini suratga olganman. Qanchalik ko‘p diqqatni jamlaganim sari kerakli kadrlar o‘tib ketadi. Ko‘plab tadbirlarda davlat rahbarini suratga olgan bo‘lsam, yaxshi chiqmagan kunlar ham bo‘lgan. Shunaqa paytlar juda siqilib, o‘ylab yurganman ko‘p marta. Ko‘pchilik o‘ylaydiki, fotograf uchun o‘tgan tadbir unut bo‘ladi. Lekin men har doim o‘zimga o‘zim hisob beraman.
Bu sohaga kirib kelayotgan qizlarga maslahatim: birinchi navbatda o‘zlariga «Ertaga ham davom ettira olamanmi? Orzu va rejalarimga xiyonat qilmaymanmi?» degan savollarni berishi kerak. Agar shu savollarga javob berolsa, qiyin bo‘lmaydi.
Dilruh Isomiddinova:
— Fotojurnalistika sohasiga kirib kelganimga ko‘p bo‘lmadi. Taxminan ikki yil bo‘ldi – 2020 yilda qiziqish boshlangan edi. Chuqurroq kirib kelishim, kelajagimni shu bilan bog‘lashim 2021 yilda bo‘lgan. Ustozim – Husniddin Ato. U kishi bizga fotojurnalistika fanidan darsga kirganda, mendagi qobiliyatni sezib, shu sohaga yo‘naltirgan. O‘zimning rejalarimda bu yo‘q edi.
Ijobiy ma’noda taajjublanib qaragan odamlar ham bo‘lgan, ya’ni havas bilan qarashgan. Bunday qarashlar o‘zimni yuksaltirishimga sabab bo‘lgan. Hozir ham boshqacha qaraydi kishilar. Men o‘zi siyosiy fotografiyaga qiziqmayman, menga oddiy odamlarning hayoti, nigohlari qiziqroq. Lekin siyosiy tadbirlarda e’tibor beraman: siyosatchilar boshqa fotograflarga nisbatan qiz bola fotograflarga chiroyliroq turib berishadi.
Odamlarning ko‘zi, qo‘l harakatlarini suratga olishga qiziqaman. Metroda ketayotgan paytim insonlarning qo‘llariga e’tibor beraman.
Fotojurnalistikada topgan ilk daromadim oylik maoshim bo‘lgan. Kundalik ehtiyojlarimga sarflaganman. Ikki million edi.
Hozir juda ko‘p deyolmayman, 4-5 mln atrofida.
Hashamatli to‘yni xohlamayman. Sarpoga ham qarshiman.
Atrofdagilarning gap-so‘ziga e’tibor bermaslikni; juft tanlashda ko‘p o‘ylab, sinab qaror qabul qilishlarini maslahat berardim.
Madina A’zam:
— Maktab davrida telefonimga o‘zim yoqtirgan ko‘rinishlarni suratga olardim. Deylik, qishlog‘im, dalalar, onam, o‘rtoqlarim... Shunchaki o‘zimga yoqqani uchun suratga olardim va saqlab qo‘yardim. Lekin fotojurnalistika bilan shug‘ullanish haqida o‘y bo‘lmagan u vaqtlarda. Universitetga kirgach, birinchi bosqichda o‘qiyotgan paytim suratlarimni saqlash uchun Telegram'da kanal ochdim va olgan suratlarimni joylay boshladim. Keyinroq kursdoshlarim yaxshi suratlar olayotganimni ayta boshlashdi. Ijobiy fikrlardan ruhlandim. Ikkinchi bosqichda o‘qiyotganimda ustozimiz Husniddin Ato fotojurnalistikadan dars o‘tishni boshladi va bu soha bo‘yicha ko‘p saboqlarni o‘rgandim.
Andijonga, qishlog‘imga borganimda «Qishloqdagi qish» mavzusida fotohikoya tayyorlash topshirig‘i berilgan edi. Tayyorlagan fotohikoyamni Gazeta.uz saytiga berdik, shundan so‘ng saytdagilar men bilan ishlashni taklif qilishdi.
Fotograf qizlarga hech kim taqiq qo‘ymagan va odamlar nigohi meni qo‘rqitmagan.
Siyosiy fotografiya meni qiziqtirmaydi, chunki bunday s’yomkalarda zavq ololmayman. Ko‘proq bolalarni suratga olish yoqadi, chunki bolalarning harakati, emotsiyasi, mimikalari takrorlanmas bo‘ladi. Ayni shu lahzalarni suratga muhrlab qolishni yaxshi ko‘raman.
«Eh, o‘tib ketib qoldi...» degan vaziyatlarim ko‘p bo‘ladi. Yonimda fotokamera bo‘lmagan paytda yaxshi kadrlar ko‘rib qolmay, deb yuraman. Lekin doim kuzatib yuraman.
Birinchi gonorarimni fotohikoyam uchun olganman. Qancha ekanini ochiq aytolmayman.
Sohadagi kamchiliklarim hali tajribam yetishmasligidan. Ba’zida shoshib lahzani tutishga urinaman, lekin tasvir qop-qora bo‘ladi — kamera qopqog‘ini olmagan bo‘laman.
Agar fotojurnalistikaga jiddiy qiziqishi bo‘lsa, har qanday stereotip va komplekslarni yengishga kuch topsin. Agar bunga qarshi boradigan insonlar bo‘lsa, o‘z maqsadlari va erki uchun o‘zlari kurashishlarini istayman.
Xolida Musulmon:
— Fotojurnalistikadagi muntazam faoliyatimni 2022 yildan boshlaganman. Men o‘zi hech qachon chiroyli suratga olmaganman. Bu sohaga qiziqish ikkinchi bosqichlik vaqtimda fotojurnalistika fani o‘tilgan paytda paydo bo‘lgan. U paytda «Ma’rifat» gazetasida ish boshlagan edim. Ustozimiz Husniddin Atoni tanimasdim ham, darslaridan qochib yurardim. Ustoz darsga qatnashmagan talabalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilar ekan, keyin darslarga kira boshlaganman...
Xushchaqchaq bo‘lganim uchunmi, bilmadim, doim taajjubli nigohlar ostida bo‘lganman.
Menga ko‘proq, ta’bir joiz bo‘lsa, hayotning «dazmollanmagan» joylarini suratga olish yoqadi. Oddiy odamlarning hayot tarzi, o‘zgarmagan ko‘rinishlarni, hamma biladigan, lekin ko‘tarib chiqilmagan mavzulardagi suratlarni olishni istayman.
Shunchaki mo‘’tadil turgan holat emas, harakatdagi voqelikdan lahzalarni ushlab qolish qiziqarli va maroqli. Rakursni to‘g‘ri tanlash — sizning sizligingizni ko‘rsatib beradigan nuqta.
Gazeta.uz sayti «Qishloqdagi qish» mavzusidagi foto-essemga 150 ming gonorar bergan. U pullarni kosmetik mahsulotlar olishga ishlatganman.
Yaqinlaring bilan, ortiqcha tashvishdan yiroq to‘y bo‘lishini istayman. Baxtli kunim sifatida to‘yimda raqs tushishni xohlayman.
Onamni ko‘p suratga olganman. Ijtimoiy tarmoqlarda ancha mashhur, o‘zlari bilmasalar ham. Onam suratlarimning yuragi. Katta yutuqlarga erishgan paytimda onam mendan faxrlanib turganda, birga suratga tushishni xohlayman. Onamni olgan har qanday holatdagi suratlarim men uchun juda qadrli.
Shu sohada o‘zlarini ko‘rayotgan bo‘lsa, o‘zlariga ustoz topib, izlanib, moddiy tomondan ham ta’minlana oladigan darajada kurasha olishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Chunki fotojurnalistika oddiy soha emas, ancha-muncha kuch sarflab, keyin o‘zingiz lazzat oladigan soha.
Marjona Xidirova:
— Bu sohaga 2020 yilda kirib kelganman. Birinchi marta operatorlikni ustozim Husniddin Ato o‘rgatgan. Birinchi qadamim shunda bo‘lgan. Ungacha qiziqishim bor edi, lekin menga bir turtki kerak edi.
«Navro‘z» bog‘ida DalaHast guruhining konserti bo‘lgan va men o‘sha konsertni tasvirga olishim kerak edi. O‘zim kutganimdan ancha yaxshi chiqqan ishim, shundan so‘ng men bundan ruhlandim va sohaga kirib boraverdim.
O‘rganib ketganman hozir. Boshida tadbirlarda faqat o‘g‘il bola operatorlar orasida ishlash biroz xijolatli bo‘lgan. Hozir islomiy to‘ylarga qiz bola operator chaqirishadi, men ham boraman.
Fotografiyada eng yoqadigan yo‘nalish — siluet. Bu yo‘nalishdagi suratlar quyosh botish payti olinadi. Bunda kechiktirib bo‘lmaydi, o‘sha vaqtning o‘zida olish kerak suratlarni.
Ma’lum joyda turgan obektni har doim ham chiroyli suratga olishingiz mumkin, chunki u turadi har kuni. Lekin harakatdagi narsalarni, odamlarni suratga olsangiz, lahzani tutish bo‘ladi. Bu narsani hayotingizda ikkinchi marta suratga ololmaysiz.
Effekt.uz saytidan 500 ming berishgan birinchi ishimga. Yo‘lkiraga sarflaganman.
400 dollardan 800 dollargacha topaman.
Bog‘da yoki dengiz bo‘yida, asosan yoshlardan iborat to‘y bo‘lishini istayman. Dabdaba kerak emas, kam kishili. Sep qilish niyatim ham yo‘q.
O‘qishga kirganimdan so‘ng bir necha yil o‘tib, Samarqanddagi Hazrati Dovud ziyoratgohiga bordim. O‘sha yerda do‘ppilarni ko‘rib, xotiralarim uyg‘ondi... Shundan so‘ng doim do‘ppi kiyib yuraman deb niyat qildim. Viloyatlarga ish bilan borsam ham, esdalik uchun do‘ppi olishga harakat qilaman. O‘z imijim sifatida ham do‘ppini tanlaganman. Umuman, milliy kiyimlarimizni juda yaxshi ko‘raman.
Boshida o‘xshamasligi mumkin, lekin to‘xtamang, degan bo‘lardim.