Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub hayotning turli qiyinchiliklariga bardosh bergan, sinovlarida tushkunlikka tushmagan va olg‘a intilgan ayoldan ekan.
Uning yozishicha, bir nafar qizi bilan tul qolib, yoshi o‘zidan ancha katta erkakka turmushga chiqqan. Keyinchalik qizi uzatiladigan yoshga yetganda eri vafot etgan. Shundan so‘ng o‘gay o‘g‘li hamda kelini ayolning qizini o‘sha mahallaga uzatilishini xohlashmagan va uni so‘rab kelgan sovchilarni qaytarishgan. Keyin esa ularni quvib yuborishgan ekan.
«O‘shanda o‘gay o‘g‘lim va kelinimning ishidan juda qattiq xafa bo‘lgandim. Ammo Xudoning menga atagani ham bor ekan, qizimni tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imda, yaxshi bir xonadonga uzatdim. Endi nabiralarim, og‘a-inilarimning bolalari atrofimda parvona», deb yozibdi ayol.
Ayolning maktubini o‘qir ekanman, hayot bir tarzda davom etmasligiga va inson uchun taqdir sinovlari bir umr davom etishiga yana bir bor amin bo‘ldim.
«Bizning jamiyatda eng qiyin hayot farzandlari bilan yolg‘iz qolgan ayolning hayoti. Erimning vafotidan keyin men ham qizim bilan yolg‘iz qolib ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rdim.
Maktabni bitirganimdan so‘ng eshigimizni taqillatib sovchilar kela boshlashdi. Qishloqda yashaymiz, biz tomonlarda qizlarni uncha-munchada o‘qitaverishmaydi.
Ota-onam maslahatlashib, hamqishloq yigitlardan biriga rozi bo‘lishdi. Mendan ham so‘rashganda «o‘zlaring bilasizlar» deb javob berdim.
Oradan bir yil o‘tib to‘yimiz bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im yaxshi inson edi. Oilasi ham namunali oila ekan. Qaynotam va qaynonam bilan o‘zaro muomalamiz ham boshqalar havas qiladigan darajada edi.
Birin-ketin dugonalarim ham turmushga chiqishdi va o‘zaro uchrashib qolganimizda doim qaynonasidan yoki qaynsingillaridan shikoyat qilishardi. Men ularning gapiga ajablanardim. Ular qaynota-qaynonamni, erimni maqtashimni eshitib, «omading bor ekan, yaxshi insonlarga uchrabsan», deyishardi.
Turmush qurganimizga bir necha yil bo‘lganda ham bo‘yimda bo‘lavermadi. Shunda ham qaynota-qaynonam bir og‘iz oshiqcha gap gapirishmas, «Xudo xohlasa beradi, siqilmang», deb ko‘nglimni ko‘tarishardi.
Qaynonam nafaqat mening ko‘nglimni ko‘tarardi, balki «nega tug‘mas kelinni ushlab o‘tiribsiz?» deydigan qarindoshlar va qo‘shnilar orasidagi ayrim ayollarga ham munosib javob berardi.
Erim bilan turli shifokorlarga bordik. Hammasi ikkalamiz ham sog‘lom ekanimizni, sabr bilan Yaratganga duoda bo‘lsak, albatta, farzandli bo‘lishimizni aytishardi.
Turmush qurganimizga 5 yil bo‘lganda homilador bo‘ldim. O‘shanda erim va menga qo‘shilib qaynota-qaynonam ham juda xursand bo‘lishdi. Keyin vaqti-soati yetib qizli bo‘ldik. Men baxtli hayotim uchun har kuni Allohga hamd aytardim. Ammo bu baxt uzoqqa cho‘zilmadi.
Kunlardan bir kun erim to‘satdan vafot etdi. O‘shanda qizim uch yoshga kirgan edi. O‘sha paytda qanday holatga tushganimni tasvirlab bera olmayman. Hayot men uchun tugaganday edi.
Erimning vafotidan keyin uch-to‘rt oy o‘tgach bir kun qaynotam gap boshladi:
«Qizim, agar ixtiyor o‘zimda bo‘lganida hozir aytmoqchi bo‘lgan gaplarimni umuman gapirmasdim. Ammo u gaplarni aytish menga ham qarz, ham farz. Siz hali yoshsiz. O‘g‘lim endi qaytib kelmaydi. Shu uchun bundan keyingi hayotingizni ham o‘ylang. Yolg‘izlik faqat Allohga xos. Bandalar jufti bilan yashashi kerak. Shu uchun tengingiz chiqsa, qayta turmush quring. Sizga hatto bolani tashlab keting ham demaymiz. U sizning jigaringiz. Et bilan tirnoqni ajratib bo‘lmaydi. Bu gaplarni gapirish men uchun oson bo‘lmayapti. Sizni kelinim emas, qizim deganman. Bu gaplarimni meni quvyapti deb tushunmang. Xohlasangiz, shu yerda biz bilan yashayvering».
Qaynotam menga gapiryapti-yu, qaynonam bilan ikkalasining ko‘zidan yosh oqyapti. O‘sha paytda ularga men sizlar bilan qolaman yoki uyga ketaman demadim. O‘ylab ko‘rish uchun vaqt so‘radim.
O‘ylab ko‘rib, ota uyimga qaytishga qaror qildim. Shundan so‘ng turli sabablar bilan yolg‘iz qolgan erkaklardan sovchi kela boshladi. Ammo ularning aksariyati qizimni ota-onamga tashlab yolg‘iz borishimni xohlashar, men esa buni xohlamasdim.
Shu tarzda ikki yilcha vaqt o‘tdi, qizim besh yoshga kirdi. Bu orada yana bir necha kishidan so‘rab kelishdi, shart o‘sha-o‘sha edi. Men qizimdan ayrilishdan ko‘ra dunyodan toq o‘tishga ham rozi edim.
Bir kuni kimdir eshikni taqillatib qoldi. Borib ochsam notanish kishi. Uyda odam bor-yo‘qligini so‘radi. Otam uyda degandim, chaqirib qo‘yishni so‘radi. Otam chiqqach ikkalasi ko‘chada ancha vaqt gaplashishdi.
Otam qaytib kirgach gap boshladi:
«Qizim, boyagi odam sovchi ekan, yaqin o‘rtog‘iga seni so‘rab kelibdi. O‘rtog‘ini yaxshi odam deb maqtadi. Uning xotini vafot etgan ekan. Qizingni olib borishingga ham qarshi emasmish. Qo‘shni qishloqdan ekan, men surishtirib ko‘raymi?»
Otamga bosh irg‘adim. Bir necha kundan keyin otam nomzodni surishtirib ko‘rganini aytib qoldi.
«Yoshi sendan qariyb yigirma yosh katta, qizini uzatgan, o‘g‘lini uylantirgan ekan. Katta hovlida o‘g‘li va kelini bilan yasharkan. O‘zi bilan gaplashdim, o‘rtahol oila. Hovli joyi tartibli ekan. «Nabirangizni o‘z qizimday tarbiyalayman» deb va’da berdi, nima deysan?» dedi otam.
Otamga nima deb javob berishimni bilmay, ixtiyorim sizda dedim. Menga qizimni o‘zim bilan olib borishimga qarshi emasligi ma’qul kelgani uchun yoshimizdagi farqqa ham rozi edim. Qolaversa, yoshi o‘ttizga yaqinlashib qolgan beva ayolni yosh yigit so‘rab kelmaydi-ku.
Bir necha kundan keyin nikoh o‘qitib meni olib ketishdi. Otam aytganday oila ancha tartibli ekan. Turmush o‘rtog‘im ham yaxshi odam edi. O‘g‘li va keliniga doim yaxshi munosabatda bo‘lar, ular ham turmush o‘rtog‘imni hurmat qilishardi.
Shu tarzda yashay boshladik. Qizim erimning nabiralari bilan birga o‘ynar, ular yangi o‘rtoq, dugona topishganidan xursand edi.
Garchi oshkora aytishmasa ham o‘gay o‘g‘lim va kelinim qizimni olib borganimga xursand emasday tuyulishardi, biroq buni biron marta tillariga chiqarishmagan. Ammo keyinchalik haqiqiy basharalarini ko‘rsatishdi.
Shu tarzda ancha yillar yashadik va qizim maktabni bitirganidan so‘ng unga sovchilar kela boshladi. Yoshi oltmishlarga borib qolgan erimga qizimni o‘qitaylik deya olmadim.
O‘sha kezda sovchilardan birontasiga rozilik berishga ulgurmasimizdan erim to‘satdan tuzalmas dardga chalindi. Shifokorlar u uzoq yashamasligini aytishdi.
Shundan so‘ng erim o‘gay o‘g‘limni chaqirib vasiyat qildi.
«O‘g‘lim, men o‘tganimdan so‘ng onang va singlingni qiynab qo‘ymanglar. Singlingga sovchilar kelyapti, o‘zi rozi bo‘lgan yigitga uzatinglar. Onangni hurmat qilinglar. Mabodo ularni quvib yuborishni xayolingga ham keltirma. Shunday qiladigan bo‘lsang zinhor senlardan rozi bo‘lmayman. Bandaning rizqini banda bermaydi, Xudo beradi. Jumladan, onang va singlingning rizqini ham sen emas, Xudo beradi. Shunday ekan, o‘ylab ish qil», dedi.
Ko‘p o‘tmay erim vafot etdi. Uning ma’rakalarini o‘tkazib bo‘lganimizdan so‘ng qizim va mening qora kunlarimiz boshlandi. O‘g‘lim va kelinim o‘tirsak o‘poq, tursak so‘poq der, maqsadi qizim bilan meni quvib yuborish edi.
Erim vafotidan avval o‘g‘lim va kelinimga nasihat qilayotganida nega onang va singlingni quvib yuborma deyapti, deb hayron bo‘lgandim. Keyinchalik sodir bo‘lgan ishlarni ko‘rib, erim rahmatli o‘g‘li va kelinini mendan yaxshi bilar ekan, deb o‘yladim.
Bir kuni o‘gay o‘g‘lim menga «Bo‘ldi, otam o‘tdi. Endi bu yerda qiladigan ishlaring qolmadi. Otangiznikiga ketaversangiz ham bo‘ladi» deganida unga qizimga mahallamizdagi bir nechta xonadondan sovchi kelayotganini, ulardan biri menga ma’qul ekanini, qizimni uzatsam keyin ota uyimga qaytib ketishimni aytdim.
Ammo u ko‘nmadi. «Qizimni uzatib ketaman deysizmi? To‘yni o‘tkazishga pulingiz bormi? Qizingizni qaysi pulingizga uzatasiz? Mening pulimgami? Menda to‘y o‘tkazish uchun pul yo‘q. Qolaversa o‘zimning ham qizim va o‘g‘lim ulg‘ayib qoldi», dedi o‘gay o‘g‘lim.
O‘gay o‘g‘limga iltimos qildim, yalindim, baribir ko‘ndira olmadim. Axiyri o‘n besh yilga yaqin hayotim o‘tgan xonadonni tark etishga majbur bo‘ldim.
Ota uyimga qaytib kelgach qizimni shu yerda yaxshi bir oilaning farzandi bo‘lgan yigitga uzatdim. Nabiralar ko‘rdim. Bu yoqda ukam qizlarini uzatdi, o‘g‘lini uylantirdi. Endi bag‘rim to‘la bolalar, ularning sevimli buvisi bo‘lib yuribman.
O‘shanda o‘gay o‘g‘limdan qattiq xafa bo‘lgan bo‘lsam-da, keyinroq kechirdim va ular bilan bordi-keldi qilib turishni o‘yladim. Biroq unday bo‘lmadi.
Qizimni uzatganimda ularni to‘yga aytdim, kelishmadi. Keyinroq o‘gay o‘g‘lim qizini uzatganda va o‘g‘lini uylantirganda bizni chaqirmadi. Undan keyin ham na biz bordik, na ular kelishdi.
Keyinroq qizi ikkita bolasi bilan ajrashib otasinikiga qaytib kelgani haqida eshitdim va xafa bo‘ldim. Ishoning, o‘gay o‘g‘limga va uning bolalariga yomonlik tilamagandim».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.