Ukraina mudofaa vaziri: Rossiya yana 24 fevralda keng ko‘lamli hujum boshlamoqchi

Jahon 18:24 / 03.02.2023 21271

Ukraina mudofaa vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya taxminan 500 ming askarni safarbar qilgan.

«Rasman 300 ming kishi haqida aytishgan, ammo biz chegaralarimizda qo‘shinlarni ko‘rganimizda, bizning hisoblarimizga ko‘ra ularning soni ancha ko‘proq edi», degan Reznikov fransuzlarning BFMTV telekanaliga bergan intervyusida.

Mudofaa vazirining so‘zlari Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Oleksiy Danilovning bir kun oldin aytilgan, Rossiya 2022 yil 24 fevralida bo‘lgani kabi shimol, janub va sharqdan bir vaqtda hujum qilishga urinib ko‘rishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga mos keladi. G‘arbdagi harbiy ekspertlar ham shu kabi xavotirlar bildirishgan.

Ukraina mudofaa vaziri Fransiyada bo‘lib turibdi, u bu yerda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun MG-200 tipidagi qo‘shimcha radarlar sotib olish maqsadida muzokaralar olib bordi, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday radarlar qurolli kuchlarning havodagi nishonlarni, jumladan qanotli raketalar va ballistik raketalar, shuningdek turli turdagi dronlarni aniqlash imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi.

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylarga Donbassni bahor oxiriga qadar egallashni buyurgan. Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ham yaqinda Moskva qat’iy harakatga o‘tishi va Ukraina sharqida katta yurish boshlashga urinishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Shu bilan birga, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Putinning harbiy maqsadlari Ukrainaning sharqiy regionlari bilan cheklanib qolishi kafolatlanmaganini aytgan.

Avvalroq Bloomberg agentligi ham Kremlga yaqin manbasiga tayanib, Rossiya bosh shtabi 2023 yil fevrali yoki martida Ukrainada yangi yurish boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi.

Bu ogohlantirishlar Ukraina janubi-sharqida vaziyat keskinlashishi fonida yangramoqda: Donbassda qaqshatqich janglar ketmoqda, fevralning dastlabki kunlarida Rossiya tomoni hududdagi Ukrain harbiylarining asosiy bazasi joylashgan Kramatorskni o‘qqa tutdi, turar joy binolariga raketalar kelib tushishi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, besh kishi yaralangan.

Ukrainalik qutqaruvchilar raketa zarbasi kelib tushgan turar joy binosi xarobalari ostidan omon qolganlarni qidirmoqda
Yasuyoshi Chiba / AFP / Scanpix / LETA

«Rossiya terrorizmini to‘xtatishning yagona yo‘li - uni yengishdir. Tanklar bilan. Qiruvchilar bilan. Uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar bilan», deya bu hujumlarga munosabat bildirdi prezident Volodimir Zelenskiy.

Germaniya, AQSh va Buyuk Britaniya o‘z tanklarini berishga rozi bo‘lgach, Ukraina o‘z havo kengliklarini himoya qilish uchun qiruvchi samolyotlar ham so‘ray boshladi. Ukraina hukumati vakillariga ko‘ra, G‘arbdagi hamkorlar bilan jangovar samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlangan. Ammo AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Amerikaning F-16 qiruvchilari yetkazib berilishi ehtimolini rad etdi.

Chalg‘itish va diqqatni jamlash

Danilovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Kreml tomonidan jiddiy eskalatsiyaga tayyorlanmoqda va bu yaqin ikki-uch haftada boshlanishi mumkin.

«Rossiya maksimal eskalatsiyaga hozirlanmoqda. Ular barcha kuchlarni to‘plamoqda, mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda», dedi u Sky News uchun bergan intervyusida.

Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari qayd etishicha, Putin yirik yurish boshlashdan oldin Ukraina kuchlarini chalg‘itish va turli uchastkalarga bo‘lib yuborishga harakat qilmoqda. U 1 fevral kuni yig‘ilish o‘tkazgan, unda annexia qilingan Qrimda, shuningdek, Ukraina tomonidan zarbalarga uchrab kelayotgan Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlarida shikastlangan infratuzilmalarni tiklash masalasi ham muhokama qilingan.

ISW tahlilchilari taxmin qilishicha, Putin ukrainlarning chegara hududlarini o‘qqa tutishiga urg‘u qaratishi ikki maqsadga xizmat qilishi mumkin. Bir tomondan, u Ukrainadagi urushni Rossiya fuqarolari uchun tahdid sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda, bu Rossiyadagilarni urush uzoq vaqt davom etishiga ko‘ndirish uchun. Boshqa tomondan - Ukraina kuchlari shimoliy-sharqiy chegaralar bo‘ylab tarqalib ketishi uchun chegarada eskalatsiya yuzaga keltirmoqchi.  Biroq, ISW tahlilchilari baholariga ko‘ra, bunday reja muvaffaqiyat keltirmaydi, kamida shimolda.

Rossiya Belgorod, Bryansk va Kursk oblastlaridan Ukraina shimoli va shimoli-sharqiga hujum qilinishi tahdidini yaratish orqali Kiyevni bu yo‘nalishlar mudofaasi uchun qo‘shimcha kuchlar yuborishga undab, yaqin oylarda kutilayotgan hujum oldidan chalg‘itishga urinmoqda.

Qator kuzatuvchilar Rossiya Belarus tomondan bostirib kirish va bu orqali G‘arbning Ukrainaga qurol yetkazish yo‘nalishlarini kesib qo‘yishga urinishi mumkinligi borasida xavotir bildirgan bo‘lsa-da, ISW mutaxassislari bunday bosqin ehtimolini juda kam deb baholaydi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish orqali yangi qurol va o‘q-dorilarga ega bo‘lmoqda, shuningdek Eron va Shimoliy Koreya kabi boshqa avtoritar davlatlardan qurollar sotib olmoqda.

«Biz prezident Putin bu bosqinning bosh maqsadi - qo‘shinni nazorat qilish, Ukrainani boshqarish maqsadini o‘zgartirganining hech qanday alomatini ko‘rmayapmiz. Shunday ekan, biz uzoq yo‘lga tayyor bo‘lishimiz kerak», degan Stoltenberg.

Hal qiluvchi oylar

Bu vaqtda o‘tgan oyda Soledar shahrini egallagan «Vagner» guruhi yollanma jangchilari va Rossiya muntazam armiyasi Baxmutni egallash uchun harakatlarini to‘xtatmayapti.

Chorshanba kuni kechqurungi chiqishida Volodimir Zelenskiy janubiy-sharqiy frontdagi vaziyat yanada og‘irlashgani va Ukraina kuchlarini jiddiy sinovdan o‘tkazayotganidan ogohlantirdi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyarning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar Limanni ham egallashga urinmoqda - bu Rossiya armiyasining sobiq logistik markazi bo‘lib, o‘tgan yil oktyabrida Ukraina armiyasi tomonidan qaytarib olingandi.

«Rossiya qo‘shini Donetsk va Luhansk oblasti chegaralariga chiqish uchun faollik bilan harakatlanmoqda. Bizning askarlarimiz Ukraina zaminining har bir qarichini himoya qilishmoqda», deya yozgan Malyar telegram-kanalida.

Oleksiy Danilovning so‘zlariga ko‘ra, eng og‘ir janglar hali oldinda, keyingi bir necha oy esa urushda hal qiluvchi muddat bo‘ladi.

Shu bilan birga, Danilov bugungi kunda Ukraina harbiylariga G‘arbdagi hamkorlar, jumladan Britaniya tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam bir yil oldindagidan ancha ko‘proq bo‘layotganini e’tirof etgan.

Ko‘proq yangiliklar: