Eldor endi qutqaruvchi rolida. «Spetsiya» nega Shomurodovni tanladi?

Sport 16:28 / 02.02.2023 43642

Uzoq davom etgan serial: «Torino»dan «Lill»gacha

«Spetsiya» klubi dushanba kuni «Roma»dan Eldor Shomurodovni transfer qilgani haqida e’lon qildi va uni A Seriyada ro‘yxatdan o‘tkazdi. Liguriyaliklar o‘zbek futbolchisini sotib olish shartisiz 1,5 million yevro evaziga mavsum oxirigacha ijaraga olgan. U yangi klubida ham 14-raqamni tanladi.

Sky Spors xabariga ko‘ra, «Roma» bosh direktori Tyago Pinto Eldorga asosiy da’vogar bo‘lgan «Torino» texnik direktori Davide Vagnati bilan Milanda uchrashgan, ammo Turin klubi rahbariyati Shomurodov bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan – sotib olish shartisiz yarim mavsum uchun 1 million yevro taklif qilingan.

Foto: Getty Images

Insayder Di Marsio xabariga ko‘ra, Eldor Italiya A Seriyasidan Fransiya chempionatiga ko‘chib o‘tishi ham mumkin edi. O‘zbekistonlik hujumchining transferi bo‘yicha Rim klubi «Lill»dan taklif olgan. Paulu Fonseka murabbiyligidagi fransuzlar forvardni 10 million yevroga sotib olish sharti bilan ijaraga olishga tayyor edi. Ammo Shomurodovning o‘zi Italiyada qolishni afzal bilgan.

Uning yozishicha, o‘zbekistonlik 27 yoshli hujumchi hozirgacha xorij klublaridan tushgan 3ta klub taklifini rad etgan. Bular – Fransiyaning «Lill», Ispaniyaning «Valdolid» va Germaniyaning «Bayyer» klublari ekani aytilmoqda. Italiyada Eldorni «Spetsiya»dan tashqari, «Kremoneze» va «Torino» so‘nggi pallagacha o‘z safiga qo‘shib olishni istagan. O‘zbekistonlik hujumchi ham uzoq vaqt Turin klubiga o‘tishni istagan, ammo rimliklar bu klub taklifini qabul qilmagach, «Torino»dan yarim million yevro ko‘proq taklif qilgan «Spetsiya» tanloviga to‘xtagan. 

«Jyenoa»ga qo‘shni bo‘lgan shahar nomi bilan ataluvchi klub

Shu o‘rinda Italiyaning Spetsiya shahri va uning nomi bilan atalmish klubi haqida qisqacha ma’lumot bersak. «Spetsiya» ko‘p jihatdan Eldorning sobiq klubi «Jyenoa»ga o‘xshash jamoa. Spetsiya – Liguriya dengizi qirg‘og‘idagi shahar bo‘lib, aholisi 100 ming kishiga yaqin.

Foto: Reuters

Genuyadan 100 kilometr uzoqlikdagi ushbu shahar jamoasi 1906 yilda tashkil topgan bo‘lib, o‘z tarixida katta yutuqlarga erishmagan. Klubning uy stadioni «Alberto Pikko» o‘yingohi sanalib, 10 ming tomoshabin sig‘imiga ega.

Ligada qolish uchun kurashayotgan autsayder

«Spetsiya» klubi 2020/21 yilgi mavsumda V Seriyadan A Seriyaga yo‘llanma olib, ikki mavsumdan buyon elitadagi o‘rnini saqlab qolmoqda. Klub ikki yil avval 15-o‘rinni egallab ligada qolish vazifasini uddalagan bo‘lsa, o‘tgan mavsum 16-o‘rinni egallab A Seriyada qolishni amalladi.

Foto: Getty Images

Joriy mavsumda esa Italiya chempionatida 18 ochko bilan 17-o‘rinda bormoqda. Klub 20 o‘yinda bor-yo‘g‘i 4ta g‘alaba, 6 durang va 10 marta mag‘lubiyatga uchragan. Jamoa A Seriyada oxirgi 5 o‘yinda faqatgina «Torino»dan ustun keldi. Oldinda esa ularni «Napoli» kutib turibdi. 

Nega aynan Shomurodov? 

So‘nggi bir yil davomida hamyurtimizga qiziqqan klublar ro‘yxati juda uzun bo‘lib, «Torino», «Verona», «Bolonya», «Sampdoriya», «Monsa», «Kremoneze» singari Italiyaning o‘rtamiyona klublarini uchratish mumkin edi. Ammo «Spetsiya» bu ro‘yxatda bor-yo‘g‘i 10 kun avval paydo bo‘ldi va Eldorni ilib ketdi. Gap shundaki, ushbu jamoaning asosiy forvardi Mbala Nzola 19 yanvar kungi «Atalanta»ga qarshi o‘yindan keyin kutilmaganda jarohat olib, kamida bir oyga safdan chiqishi oydinlashgach, liguriyaliklar rahbariyati shoshilinch tarzda yangi hujumchini qidirish harakatiga tushgan va Shomurodovni ijaraga olish tanloviga to‘xtagan.

O‘yini va gavda jihatdan Romelu Lukakuni eslatib yuboradigan Nzola jamoaning eng yaxshi goleadori bo‘lib turibdi. 26 yoshli angolalik forvard A Seriya joriy mavsumida 18 o‘yinda 9ta gol, Italiya kubogida 2 bahsda 2ta golga mualliflik qilgan. «Spetsiya» A Seriyada 17-o‘rinda bo‘lsa-da, Nzola to‘purarlar poygasida Osimhen (14), Lukman (12), Lautarodan (11) keyingi 4-o‘rinda bormoqda.

Foto: Getty Images

«Spetsiya» to‘purari 19 yanvar kuni jarohat olib kamida bir oyga safdan chiqqach, klub uning o‘rnini Shomurodov to‘ldirishiga umid qilmoqda. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi joriy mavsum Rim klubi safida jami 9 o‘yinda maydonga tushib, faqat Italiya kubogi va Yevropa ligasida o‘z hisobiga 2ta gol yozib qo‘ygan.

To‘g‘ri, statistika jihatdan Eldor ayni damda Nzola bilan bas kela olmaydi. Yangi hujumchini taklif etishda «Spetsiya» rahbariyati buni inobatga olgani aniq. Ammo ular bir jihatga e’tibor qaratishgani tayin – Eldor Luka Gotti murabbiyligidagi «Spetsiya»ning o‘yin uslubi – asosan qanotlardan uzatma va qarshi hujumda yangi jamoasiga foyda keltira oladi. Bu jihatdan Eldor uchun A Seriya joriy mavsumi endi boshlanadi, deyish mumkin. Har holda Shomurodov ikki yil avval «Spetsiya»dek vaziyatda qolgan «Jyenoa»ni autsayderlar qatoridan o‘rtamiyonalar safiga olib chiqishda muhim rol o‘ynagandi.

Shomurodov - «Spetsiya»ning eng qimmat 3 futbolchisidan biri 

Transfermarkt portaliga ko‘ra, «Spetsiya» tarkibining umumiy qiymati bo‘yicha A Seriyada 17-o‘rindan joy olgan. Ulardan pastda «Sampdoriya», «Lechche» va «Kremoneze» joy olgan. Spetsiyaliklar tarkibining umumiy transfer bahosi – 81,7 million yevroni tashkil etadi.

O‘zbekistonlik 27 yoshli futbolchi 7 million yevro narx bilan klubning eng qimmatbaho 3-futbolchisidir. Hujumchilari orasida esa eng qimmati. Shomurodovdan qimmatroq futbolchilar – uelslik himoyachi Itan Ampadu (9 mln yevro) va italiyalik yarimhimoyachi Simone Bastoni (7,5 mln yevro) sanaladi.

Foto: Getty Images

Eldor «Napoli»ga qarshi debyut qiladimi?

«Spetsiya» navbatdagi ikki uy uchrashuvida peshqadam «Napoli» va alamzada «Yuventus»ga qarshi saf tortadi. Eldor Shomurodov allaqachon jamoa mashg‘ulotlariga qo‘shilgan va uni A Seriya yetakchisiga qarshi bahsda maydonga tushishini kutish mumkin. Sababi, Nzola jarohat olganidan keyingi o‘tgan ikki bahs – «Roma» va «Bolonya»ga qarshi o‘yinda bosh murabbiy Gotti Maldinilar sulolasi vakili Daniel Maldini, italiyalik Daniele Verdi, ganalik Emmanuel Gyasi, kolumbiyalik Kevin Agudelo singari hujumkor futbolchilarga imkoniyat berdi, ammo «Spetsiya» ikki o‘yinda hatto gol ham kirita olmadi (0:2, 0:2). Qolaversa, shu kuni Nzoladan tashqari, jarohat va diskavalifikatsiya sababli Bastoni, Zurkovski, Kovalenko, Juan Moutino ham tarkibda bo‘lmaydi. Shunday ekan, Shomurodovni 5 fevral, yakshanba kuni soat 16:30da boshlanadigan «Napoli»ga qarshi o‘yinda debyut qilishini kutishga haqlimiz. Eldor uchun ham o‘tgan tur Neapolda, kuni kecha esa kubokda mag‘lubiyatga uchragan «Roma» va Mourinoga o‘zini ko‘rsatishga bundan-da yaxshi imkoniyatni tasavvur qilish qiyin edi.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: