«Chelsi»ning «quturishi», «transfer qaroqchiligi» va Ronalduning ulkan shartnomasi. Qishki transferlarning asosiy voqealari

Sport 13:40 / 02.02.2023 48971

Yevropada transferlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddati tugadi. «Sport-Ekspress» bu safargi transferlar oynasining asosiy tendensiyalari haqida yozdi.

Qatar qahramonlariga «ov»

Jahon chempionatlari doimo klublarning turnirda yaxshi ishtirok etgan futbolchilarga jiddiy e’tiborini qaratadi — ayniqsa bungacha diqqat markazida bo‘lmagan va shu turnirda porlaganlarga. Qishda o‘tgan bo‘lsa ham JCh-2022 istisno bo‘lmadi. Yanvardagi transferlar oynasida klublar odatda tarkibni jiddiy kuchaytirmaydi, shu tufayli Qatardagi turnirning barcha qahramonlari yoppasiga yangi klublarga o‘tishi kuzatilmadi. Shunga qaramay tendensiya baribir saqlanib qoldi.

Transferlar bozoridagi yangilik marokashliklar bo‘ldi. Xususan, Qatardagi turnirda milliy jamoa tayanch zonasini betonlab tashlagan Azzedin Unai va Sofyan Amrabatga qiziqish yuqori edi. Ularning birinchisi 8 million yevro evaziga «Anjye»dan «Marsel»ga o‘tdi, ikkinchisining transferi borasida «Fiorentina» va «Barselona» o‘rtasida muzokaralar uzoq davom etdi, ammo italiyaliklar futbolchini ijaraga berishni istashmadi. Hakim Ziyosh ham klubini o‘zgartirishi kutilgandi — «PSJ» dedlayn arafasida ushbu havbekni «Chelsi»dan ijaraga olish bo‘yicha kelishuvga erishgandi, ammo londonliklar uch marta Fransiyaga noto‘g‘ri hujjatlar yuborishi oqibatida transfer barbod bo‘ldi.

Turnirda bronza medallar sohibi bo‘lgan Xorvatiya tarkibidagi futbolchilarga ham ko‘p klublar tomonidan qiziqishlar bo‘ldi. Masalan, Braziliya bilan o‘yindagi javob goliga assistentlik qilgan Mislav Orshich Zagrebning «Dinamo»sidan «Sauthempton»ga o‘tdi, darvozabon Dominik Livakovichni esa «Vilyarreal» yoki «Nottinghem Forest» sotib olishi mumkin edi. Deyan Lovrenning «Lion»ga ko‘chib o‘tishi ham qaysidir ma’noda JCh-2022 ta’sirida ro‘y berdi.

Qatarda kutilganidan kuchliroq o‘yin namoyish etgan niderlandiyaliklarning ikki nafari APL top-klublariga o‘tishdi: Kodi Gakpo — «Liverpul»ga, Vaut Veghorst — «MYu»ga. Ikki metr bo‘yga ega avstraliyalik himoyachi Harri Suttar dedlayn arafasida «Stouk Siti» libosini «Lester» libosiga almashtirdi. Barcha top-klublar uchun birinchi nishon esa kutilganidek mundialning eng yaxshi yosh futbolchisiga aylangan Enso Fernandes bo‘ldi — «Chelsi» tom ma’noda so‘nggi daqiqaga qadar «Benfika» bilan muzokara olib bordi va baribir portugallar klubini o‘z javohirini sotishga ko‘ndirdi. 121 million yevro — argentinalik yosh futbolchi bir lahzada APLning eng qimmatbaho futbolchisiga va qishki transferlar oynasi tarixidagi eng qimmatbaho xaridlardan biriga aylandi.

Qishki transferlar tarixidagi eng qimmatbaho xaridlar

Bouli Abramovichni soyada qoldirdi

Futbol muxlislari reytingga qaramasdanoq bu qishda eng ko‘p xarajat qilganlar Angliya premer-ligasi klublari bo‘lganini aytishi mumkin. Eng ko‘p pul sarflaganlardan iborat top-7da boshqa chempionatlar vakillari yo‘q, yanvardagi asosiy isrofgar esa kutilganidek «Chelsi» bo‘ldi. Londonning ushbu klubi bu mavsumda bozorni «portlatmoqda»: yozda ular to‘qqiz nafar yangi futbolchi bilan shartnoma imzolagandi, qishda esa — yana sakkiz futbolchi olib kelindi. Klubning ikki transfer oynasida xaridlarning uchun sarflagan puli 611 million yevroni tashkil etdi — bu katta farq bilan o‘rnatilgan jahon rekordidir. Bungacha bir mavsumda eng ko‘p xarajat qilgan jamoa «Barselona» bo‘lgandi, kataloniyaliklar 2017/18 yillar mavsumida 380 million yevro sarflashgandi.

Roman Abramovich davrida «Chelsi» chempionat o‘rtasida kamdan kam hollarda katta transferlarga qo‘l urardi — oldingi uch qishda klub umuman bir penni ham sarflamagandi. Rossiyalik oligarx yanvardagi oynada katta xarajat qilishi bilan bog‘liq so‘nggi holat 2011 yilga to‘g‘ri keladi, o‘shanda «Chelsi» Fernando Torres va David Luiz uchun 83,5 million yevro to‘lagandi. Klubning yangi xo‘jayini Todd Bouli esa klubga kelganidan keyingi ilk qishdayoq 300 million yevrodan ortiq mablag‘ni yangi transferlarga sarfladi. Qishdagi eng qimmatbaho xaridlar sakkizligidan «Chelsi»ning birato‘la besh nafar yangi futbolchisi joy oldi.

2023 yil qishida amalga oshirilgan eng qimmatbaho transferlar o‘nligi

Shartnomalar uzoq muddatga tuzilmoqda

«Chelsi» haqida eng keng tarqalgan savol shunday: «Klub nima uchun moliyaviy feyr-pleydan cho‘chimayapti?» Bouli Amerika sport bozorini yaxshi bilgani tufayli («Chelsi» rahbari Amerikadagi «Los-Anjyeles Dodjyers» beysbol klubi aksiyalarining 20 foiziga egalik qiladi) Yevropada lazeyka topa oldi. AQShdagi turli ligalarda uzoq muddatli shartnomalar urf bo‘lgan: beysbolchilar, futbolchilar va hokkeychilar ko‘p hollarda 10-12 yil muddatga shartnoma tuzishadi. Yevropada esa ko‘pchilik yangi shartnomalar ko‘pi bilan besh mavsumga tuzilishiga odatlangan.

Bouli bu tizimni buzdi. Yozdayoq «Chelsi»ning to‘rt nafar yangi futbolchisi bilan olti yillik shartnomalar imzolandi, Uesli Fofana bilan esa — yetti yillik. Qishda Bouli yanada oldinroqqa ketdi: Andrey Santos, Benua Badiashil va Noni Madueke yetti yarim yillik, Mudrik va Fernandes — sakkiz yarim yillik shartnomalarga imzo chekishdi! Bunday taktika londonliklarga moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzmaslik imkonini beradi, chunki buxgalterlik hisoblarida transfer uchun sarflangan mablag‘lar shartnomaning har bir yili uchun teng miqdorda taqsimlanadi. Natijada Mudrikning transferi bonuslarsiz 70 million yevro emas, balki yiliga taxminan 8,2 million yevrodan bo‘lib chiqadi.

Aslida bu g‘oya Yevropada birinchi bor Bouli tomonidan o‘ylab topilmadi. O‘tgan asrning 90-yillari oxirida «Betis» braziliyalik Denilson bilan 11 mavsum uchun shartnoma tuzgandi, o‘tgan yozda esa Darvin Nunes, Orelen Tchuameni va Kalvin Fillips mos ravishda «Liverpul», «Real» va «Manchester Siti» bilan olti yillik shartnomalarga qo‘l qo‘yishgandi. Ammo bungacha hech kim bu imkoniyatni suiiste’mol qilmasdi, Bouli esa bu bo‘shliqdan ochiqchasiga foydalanmoqda. Natijada futbol mulozimlari darg‘azab bo‘lishgan: The Times shu kunlarda UYeFA besh mavsumdan ortiq muddatga shartnoma rasmiylashtirishni cheklashga hozirlanayotgani haqida xabar tarqatdi.

2023 yil qishida eng ko‘p xarajat qilgan 7 klubning barchasi APL vakillari

Transferlarni «ilib ketish» odatga aylanmoqda

Shunday holatlar bo‘ladi, futbolchi bir klub bilan kelishuvga erishadi, so‘nggi lahzalarda esa boshqa klubga o‘tib ketadi. Masalan, 2013 yilda «Chelsi» Villianni «Tottenhem»ning burni ostidan ilib ketgandi, 2018 yilda «Barselona» — Malkomni «Roma»dan «o‘g‘irlagan». O‘tgan yozda ham shunga o‘xshash holatlar bo‘ldi: «Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde Romelu Lukakuning Londondagi uyiga ko‘chib o‘tish taraddudida edi, ammo «Barselona» ushbu fransuzni «Chelsi»ga ketish yo‘lida to‘xtatib qoldi.

Bu qishda esa ikki futbolchi barcha kutgan joyda emas, boshqa klublarda paydo bo‘ldi. Birinchi holatda ukrainalik vinger Mixail Mudrik ijtimoiy tarmoqlari orqali tez orada «Arsenal»ga o‘tishiga ishora qildi — «Arsenal» uning narxini pasaytirish uchun muzokaralar olib borayotganida, u ochiqchasiga Mikel Artetani top-murabbiy deb atadi. Ammo «Chelsi» oraga tushdi: Bouli «Shaxtyor»ga birdaniga bonuslar bilan birga 100 million yevro taklif etdi, «Arsenal» esa sotuvchining barcha talablarini bajarishga ko‘nmadi. Shu bilan birga, APLda yetakchilik qilayotgan jamoa rahbariyati oqilona transfer amalga oshirib, pullarini saqlab qoldi: «Emireyts»ga «Brayton»dan boshqa vinger, belgiyalik Leandro Trossar (24 mln yevro), «Chelsi»dan italiyalik havbek Jorjino (12 mln yevro) va «Spetsiya»dan polshalik himoyachi Yakub Kivior (25 mln yevro) olib kelindi.

APLda yana bir futbolchi «o‘g‘irlash» sodir bo‘ldi, bu tarix yanada qiziqroq. «Vilyarreal» hujumchisi Arno Danjuma «Evertonom» bilan nafaqat shartnoma bo‘yicha kelishib olgan, balki ushbu klub uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi taqdimot uchun fotosessiyada ham qatnashgandi. Ammo shu vaqtda liverpulliklar klubi bosh murabbiy Frenk Lempardni iste’foga chiqardi, Danjumaning vakillariga esa «Tottenhem» aloqaga chiqdi. Niderlandiyalik futbolchi qayta o‘ylab ko‘rdi — keyingi kuni London klubi safida paydo bo‘lib, Angliya Kubogi doirasidagi o‘yinda «shporlar» safida gol urishga ham ulgurdi.

Bunday «olib qo‘yishlar»ni to‘laqonli tendensiya deb atash qiyin, ammo bunday holatlar soni ortayotganini qayd etish mumkin. Bu kabi «transfer qaroqchiligi» odatda klublar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, ammo «Chelsi» va «Arsenal» misoli shuni ko‘rsatdiki, xafagarchilik yo‘q: Mudrik transferi atrofidagi bahsli vaziyatdan keyin London klublari Jorjino transferini rasmiylashtirishdi. Aftidan, bozor qoidalari endi shunday.

2023 yil qishida sotuvlardan eng ko‘p daromad qilgan klublar yettiligi

Futbolchilar muzokaralarga undashmoqda

Futbolchilar o‘z ish beruvchilaridan minnatdor bo‘lishlari lozim, ammo odatda ular ketmoqchi bo‘lganida rahbariyat bilan ochiqchasiga ziddiyatga kirishishadi. Bu qishda ham shu kabi bir necha holat kuzatildi, ammo barcha klublar ham isyonkor futbolchilarini qo‘yib yuborishga rozi bo‘lmadi.

«Brayton»da yetakchilardan biri norozilik boshladi — Leandro Trossar. Avvaliga ushbu belgiyalik shunchaki jamoaning yangi bosh murabbiyi Roberto De Dzerbi uni o‘yinlardan biriga zayavka qilmaganiga e’tiroz bildirib, klub bazasidan ketib qoldi. Keyin esa Trossar agenti orqali murabbiy va klubga bosim o‘tkazishga kirishdi. Uning omadi keldi, chunki bu vaqtda «Arsenal» Mudrik transferi bo‘yicha muvaffaqiyatsizlikka uchradi, shu tufayli unda London klubiga o‘tish imkoni paydo bo‘ldi.

«Brayton»ning boshqa bir futbolchisida esa shunday urinish o‘xshamadi. Ekvadorlik tayanch yarimhimoyachisi Moyzes Kaysedo jahon chempionatida yaxshi taassurot qoldirgandi va u ham Trossar ortidan Londonga yo‘l olishi mumkin edi — «Arsenal» muzokaralarni 50 million funtlik taklifdan boshlab, narxni 70 million funtgacha ko‘tardi, ammo «Brayton» sabot bilan rad etdi. Kaysedo esa rahbariyatdan bir necha bor o‘zini qo‘yib yuborishni so‘radi, hatto ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida muxlislar bilan xayrlashib, ta’sirli post yozdi: «Brayton»ni rekord miqdordagi transfer mablag‘i bilan qo‘llashimdan faxrlanaman». Lekin yakunda ekvadorlik ftubolchi hech qayerga keta olmadi — endi bahorda unda qanday ishtiyoq bo‘lishini ko‘rish qiziqarli bo‘ladi.

2022 yilgi mundialning yana bir qahramoni Sofiyan Amrabat ham «Fiorentina»ni tark etishga harakat qildi — qishki transferlar oynasi yopilishi arafasida marokashlik futbolchi ham instagramdagi sahifasida ketmoqchiligini bildirdi, hatto mashg‘ulotlarda ishtirok etishdan bosh tortdi, u «Barselona»ga o‘tishdan umid qilayotgandi. Katalonlar chindan ham ushbu havbekni safiga qo‘shib olishni istagandi, ammo ularning ijara bo‘yicha taklifiga florensiyaliklar rozi bo‘lmadi.

2023 yilgi qishki transferlar oynasida top-5 liga klublarining daromad va xarajatlari

Nikolo Zaniolo — shaxsiy manfaatlarini jamoanikidan yuqori qo‘ygan futbolchi uchun yana bir misol. Yanvarda «Roma»ning ushbu yarimhimoyachisiga APL klublari va «Milan»dan aloqaga chiqishdi. Joze Mourino Zaniolo unga ketmoqchiligini aytganini tan oldi va muzokaralarni yakunlashi uchun uni «Napoli»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritmadi. «Roma» transfer bo‘yicha «Bornmut» bilan kelishib oldi, ammo shu vaqtda Nikolo Angliyaga ketishni istamay qoldi - Italiyadagi boshqa grandlardan biriga o‘tishni ko‘zlagandi. Shundan keyin rimliklar futbolchini ushbu klubga o‘tishga ko‘ndirishga urindi, klub rahbari aks holda u jamoadan chetlatilishi bilan tahdid qildi. Transferlar oynasi yopilishi arafasida Zaniolo baribir «Bornmut»ga o‘tishga ko‘ndi, ammo bu vaqtga kelib inglizlar klubi kerakli xaridlarni amalga oshirib bo‘lishgan va navbatdagi transfer uchun ularda ortiqcha pul qolmagandi. Zanioloning harakatlari «Roma»da barchaning g‘azabini qo‘zg‘adi — muxlislar Kolizeyga haqoratomuz banner ilishdi.

Joau Kanselu esa klubini o‘zgartira oldi. Bu qishki oynaning eng shov-shuvli transferlaridan biri bo‘ldi: «Manchester Siti»ning portugaliyalik himoyachisi Pep Gvardiola bilan janjallashib qoldi va «Bavariya»ga ijaraga berildi. Myunxenliklar yozda uni 70 million yevroga transfer qilishi mumkin. Kanselu — o‘z pozitsiyasida sayyoraning eng kuchli futbolchilaridan biri (u yangi jamoasida buni namoyish etishni boshladi, «Bavariya»ning «Mayns»ga qarshi o‘yinda uning o‘ziga xos uzatmasidan keyin hisobni ochdi, Shupo Moting yana gol urishni boshladi, jamoa uch o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi). Jahon chempionatidan keyin u «shaharliklar»ning asosiy tarkibidagi joyini yo‘qotib qo‘ydi, ispaniyalik mutaxassis 18 yoshli Riko Lyuisga ishonch bildirmoqda. Gvardiola u kabi muhim futbolchining ham ko‘ngliga qarab o‘tirmasligini namoyish etdi va uni osonlik bilan Chempionlar ligasi g‘olibligi uchun raqobatchilaridan biriga berib yubordi.

So‘nggi besh yillikda top-5 ligalar klublarining qishki transferlar uchun xarajatlari

Krishtianuning so‘nggi klubimi?

Nima bo‘lganda ham bu transfer oynasida asosiy nom Ronaldu bo‘lib qoladi — kelajakda 2023 yil qishi muhokama qilinganda aynan uni eslashadi. Portugaliyalik futbolchi asrga tatiydigan transferga qo‘l urdi: u ilk bor Yevropani tark etdi, holbuki bunga hech kim ishonmasdi, yana bir muhim jihati portugaliyalik futbolchi Saudiyaning «An-Nasr» klubi bilan ulkan shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishganidir — yiliga 200 million dollar. Krishtianuning jahon chempionati arafasida Pirs Morganga bergan shov-shuvli intervyusini ham yoddan chiqarib bo‘lmaydi — bu qishda demarshlar va mojarolar silsilasini aynan Ronaldu boshlab bergandi. Uning bu intervyusi bo‘lmaganida, ehtimol isyonchilar ham bu qadar ko‘p bo‘lmasdi.

Ronalduning transferi Saudiya Arabistonida futbolga yirik sarmoya kiritish bo‘yicha yana bir tendensiyadan dalolat beradi. Podshohlikdagilar 2030 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqchi va birinchi raqamli sport turi orqali o‘z imijini yaxshilashga umid qilmoqda. Mahalliy grandlardan yana biri «Al-Hilol» Lionel Messini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi ekani haqida mish-mishlar avj olnan. Ammo bu endi keyingi transfer oynalari masalasi.

Ko‘proq yangiliklar: