Kun.uz jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan kattaqo‘rg‘onlik 2 yashar Mardonbekka Hindistonda jigar ko‘chirib o‘tkazilgani xabar bergan edi.
Bolaga onasi donorlik qilgan, lekin hali chet eldan qaytmay turib, ahvoli og‘irlashgan go‘dakning sog‘ayishi uchun qo‘shimcha ko‘mak zarur.
Kun.uz'ning bu haqdagi xabari ortidan, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov holatni o‘z nazoratiga olganini ma’lum qildi.
“Sal avval Hindistonda bo‘lib turgan Mardonbekning onasi Yulduz Baratova bilan telefon orqali shaxsan gaplashib, unga bunday damlarda yolg‘iz emasligini aytdim. Biz onaning ham, bolaning ham qisqa muddatda sog‘ayib, oyoqqa turishi uchun barcha tezkor choralarni ko‘ramiz.
Qolaversa, ular O‘zbekistonga qaytgach, davolanishi va reabilitatsiyasi bilan bog‘liq jarayonlarni to‘liq o‘z zimmamizga olamiz. Ular yurtimizdagi eng nufuzli klinika va tajribali mutaxassislar nazoratida bo‘ladi.
Nafaqat jigar, balki inson boshqa a’zolarining transplantatsiyasi – hozircha yurtimizda yangi o‘zlashtirilayotgan soha. Shunga qaramay, davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, buyrak, jigar, yurak kabi organlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislarimiz mahorat va tajriba to‘playapti.
Hozir bu borada mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solib, xorijning ilg‘or klinikalari bilan hamkorlik o‘rnatganmiz. Chet elda mutaxassislarimiz malakasini oshiryapmiz.
Shuni ishonch bilan aytamanki, bu sa’y-harakatlarimiz yaqin kelajakda o‘z natijasini ko‘rsatib, bolalarning bunday murakkab va noyob operatsiyalar uchun vaqt va mablag‘ sarflab, xorijiy davlatlarga borishiga hojat qolmaydi”, – deya Amrillo Inoyatovning so‘zlarini keltirmoqda vazirlik matbuot xizmati.