Yevropada qishki transferlar oynasining so‘nggi kuni. Asosiy intrigalar

Sport 18:40 / 31.01.2023 33078

Yevropa klublari transfer bozorida maksimum harakat qilishga kirishdi. 31 yanvar kuni qit’adagi aksar ligalarda qishki transferlar «oynasi» yopiladi, shundan keyin jamoalar tarkibni faqat yozga borib kuchaytirishi mumkin. Odatda bo‘lgani kabi, bir qator katta transferlar taqdiri so‘nggi kunda hal bo‘ladi. Quyida — bugun amalga oshishi mumkin bo‘lgan asosiy transferlar haqida.

Enso Fernandes, «Benfika» → «Chelsi»

Enso Fernandes. Foto: OCTAVIO PASSOS/GETTY IMAGES

Ensoning «Chelsi»ga o‘tishi yanvar oyi boshidayoq ro‘y berishi mumkin edi: argentinalik yarimhimoyachi Qatardagi jahon chempionatida yorqin ishtirok etgach, unga ko‘plab top-klublar nazari tushdi, ular qatorida «Liverpul» va «Chelsi» yaqqol ajralib turdi. Mersisaydliklar ko‘p o‘tmay poygani tark etdi, bu qishda eng faol klub bo‘lib turgan London jamoasi esa «Benfika»ga futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 120 mln yevro miqdoridagi badal pulini to‘lashga ham tayyorligi aytildi.

Keyin barchasi chalkashib ketdi. «Chelsi» goh buncha katta mablag‘ sarflashga ikkilandi, goh yana shu g‘oyaga qaytdi. Bir hafta oldin bu masala yopilgandek ko‘ringandi: Fernandesning agentlari va  «Benfika» vakillari futbolchi klubda qolishiga ishora qilishdi. Bunga parallel ravishda Enso klubga sadoqati uchun 2 mln yevro miqdorida mukofot puli olishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Yanvar oyi oxirida esa barchasi qaytadan boshlandi. Qayerdandir ushbu futbolchiga «Manchester Yunayted» va «Nyukasl»dan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar chiqdi, shundan keyin «Chelsi» yana Ensoni sotib olishni istab qoldi, ammo bu safar futbolchi uchun so‘ralgan pulni to‘lashga chindan tayyor. The Guardian nashrining so‘nggi xabari shunday: London klubi APL uchun rekord darajadagi transfer amalga oshiradi, transfer uchun to‘lanadigan jami mablag‘ miqdori 130,5 mln yevroni tashkil etadi.

Nikolo Zaniolo, «Roma» → «Milan» / «Bornmut» / «Tottenhem»

Nikolo Zaniolo. Foto: ALESSANDRO SABATTINI/GETTY IMAGES

Zanioloda bu qishda odatiy transfer ertagi o‘rniga qandaydir kriminal drama kuzatilmoqda. Italiyalik 23 yoshli futbolchiga muntazam ravishda qaysidir klubdan qiziqish bo‘lardi, ammo shu vaqtgacha bunday xabarlar mish-mishlar darajasida qolib ketardi, bu qishda esa muayyanlik paydo bo‘ldi. Zaniolo Italiyada qolish va mahalliy top-klublardan biriga o‘tishni istaydi, ammo «Roma»ga Angliyaning kamtargina «Bornmut» klubi keldi va stolga 35 million yevrolik taklif tashladi. Futbolchi va uning agentini bunday istiqbol qoniqtirmaydi, rimliklar klubi bosslarining esa puldan boshi aylandi. Calciomercato.com xabariga ko‘ra, «Roma» xo‘jayini Den Fridkin Zanioloning qaroridan darg‘azab bo‘lgan va futbolchini klubdan chetlashtirish bilan tahdid qila boshlagan.

«Bornmut» ortidan «Roma»ga «Milan» 25 mln yevrolik taklif bilan keldi. Zanioloni bu klubga o‘tish qiziqtiradi, ammo klubni bunday summa qoniqtirmayapti. Ko‘p o‘tmay poygaga «Tottenhem» qo‘shildi.

Zaniolo uchun eng yomoni Fridkinning bosimlari emas, balki muxlislar bilan uchrashuv bo‘ldi. «Roma» fanatlari «Napoli»ga qarshi o‘yindan keyin Nikoloni uyigacha ta’qib qilib borishgan va uni o‘lim bilan qo‘rqitishgan. Zaniolo politsiya chaqirishiga to‘g‘ri kelgan. Bu voqeadan keyin futbolchi Rimni tark etishni yanada qattiqroq istashi tabiiy. Savol: aynan qayerga?

Moyses Kaysedo, «Brayton» → «Arsenal»

Moyses Kaysedo (o‘ngda). Foto: GARETH COPLEY/GETTY IMAGES

Kaysedo avvaliga mavsumning birinchi qismida «Brayton» tayanch zonasida yorqin futbol namoyish etdi, keyin Qatarda Ekvador jamoasi safidagi ishonchli o‘yinlari bilan top-klublar e’tiborini tortdi. Enso Fernandes bilan bo‘lgani kabi, ushbu futbolchi uchun birinchi bo‘lib «Liverpul» faol qiziqish bildirdi. Ammo «Brayton» 21 yoshli yarimhimoyachisi uchun juda katta pul so‘ramoqda — 85 mln yevrodan ortiq.

«Liverpul»dan keyin Kaysedo uchun «Chelsi» tomonidan qiziqish paydo bo‘ldi, ammo bu qishda istagan transferini amalga oshirayotgan ushbu klub ham futbolchini ololmadi. Uchinchi da’vogar kelishi bilan haqiqiy ertak boshlandi. «Arsenal» «Brayton»ga bir necha bor taklif jo‘natdi va har safar summa miqdorini oshirib bordi, ammo har safar rad javobi oldi. Qaysidir pallada Kaysedoning sabri yetmadi va ketmoqchiligini aytib post yozdi:

«Brayton» tarixidagi rekord transferga aylanishim, klub bu pullarni qayta investitsiya qilishi va muvaffaqiyatga erishishda davom etishiga yordam berishim mumkinligi — men uchun faxr. Fanatlar meni yaxshi qabul qilishdi, ular doimo qalbimda. Shuning uchun umid qilamanki, ular men nima uchun bu ajoyib imkoniyatdan foydalanishni istayotganimni tushunishadi».

Kaysedoning vaziyati, aftidan, vaziyatni og‘irlashtirgan. The Independent nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Brayton» endi Moyses uchun 102 mln yevro so‘ramoqda. «Arsenal» bahorda kerakli ochkolar olishi va nihoyat chempion bo‘lishi uchun tarkibni kuchaytirishga zarurat sezayotgani intrigani saqlab qolmoqda. Tez orada londonliklar ushbu transfer uchun yana nimalarga tayyorligini bilib olishimiz mumkin.

Milan Shkrinyar, «Inter» → «PSJ»

Milan Shkrinyar. Foto: MARCO LUZZANI/GETTY IMAGES

Shkrinyar 2017 yildan buyon «Inter» safida o‘ynab kelmoqda va o‘tgan vaqt davomida uning nomi ko‘plab boshqa klublar bilan bog‘langan. «PSJ» — ham unga anchadan buyon qiziqib keladi. «Inter» bungacha badavlat parijliklarning takliflarini rad etib, slovakiyalik futbolchini qolishga ko‘ndira olardi.

Ammo hozir vaziyat boshqacha. Shkrinyarning shartnomasi muddati shu yil yozda tugaydi, «PSJ» esa unga «Inter»dagidan ancha ko‘proq maosh taklif etmoqda. Futbolchi rozi bo‘lgan. U transferning ayrim jihatlari qolganini aytgan. «PSJ» yozni kutmasdan, Shkrinyarni qishdayoq olmoqchi va transfer uchun 10 mln yevro taklif etgan, ammo «Inter» rad etmoqda.

Endi «PSJ» 15 mln yevro taklif etmoqchi, Shkrinyar ham Parijga yanvar oyidayoq ko‘chib o‘tishni istaydi, ammo «Inter» fanatlari reaksiyasidan cho‘chimoqda. Yaqin vaqtlar ichida milanliklar klubida qanday qarorga kelishgani haqida bilib olamiz. Ular tezda unga o‘rinbosar topishga ham ulgurishi kerak.

Pedro Porro, «Sporting» → «Tottenhem»

Pedro Porro. Foto: JULIAN FINNEY/GETTY IMAGES

Antonio Konte va «Tottenhem» rahbariyati ham uxlamayapti. APLning boshqa top-klublari qimmatbaho Kaysedo uchun kurash olib borayotgan mahalda, londonliklar o‘zlari uchun yangi o‘ng qanot himoyachisi topishgan va muzokaralarda qattiq raqobatga duch kelmayapti. Londonliklar 23 yoshli ispaniyalik Porroni tanlashgan, u avvalroq «Manchester Siti» tizimida bo‘lgan, keyingi ikki yarim yilni esa «Sporting»da o‘tkazgan (avvaliga ijaraga olingan, keyin to‘laqonli transfer bo‘lgan).

To‘g‘ri, shunday sharoitda ham «Tottenhem»ga oson kechayotgani yo‘q, chunki «Sporting» o‘z shartlarini qo‘ymoqda. Asosiy muammo 45 mln yevro qanday to‘lanishida. Fabritsio Romano xabariga ko‘ra, tomonlar baribir qo‘l tashlashishgan va tez orada transfer e’lon qilinishi kutilmoqda.

Keylor Navas, «PSJ» → «Nottinghem Forest» / «An-Nasr»

Keylor Navas. Foto: JEAN CATUFFE/GETTY IMAGES

Navas — o‘ynashga munosib bo‘lgan sovrindor darvozabon, ammo hayot unga adolatsizlik qilmoqda. Chempionlar ligasidagi ketma-ket g‘alabalardan keyin kostarikalik posbon nisbatan yosh raqobatchi Tibo Kurtua sotib olingach, «Real»ni tark etishga majbur bo‘lgandi. «PSJ»da ham shu tarix takrorlandi: klub yosh Janluidji Donnarumma bilan shartnoma imzoladi va Keylor o‘rinbosarga aylandi.

Bu qishda Navasning sabri tugadi va u ketish taraddudiga tushgan. Ushbu tajribali darvozabonni yaqinda unga yaxshi tanish bo‘lgan Krishtianu Ronaldu transferini amalga oshirgan «An-Nasr» o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Ammo 36 yoshli futbolchi Saudiya Arabistoniga yo‘l olishni istamayapti. Unda Angliyadan variant bor. Rahbariyati so‘nggi yil ichida o‘nlab transferlarga mablag‘ ayamagan, yaqinda asosiy darvozaboni Din Henderson jarohat olgach, saviyali darvozabonga ehtiyoj sezayotgan «Nottinghem Forest» Navasni ijaraga olishga qaror qilgan va futbolchi bilan kelishib qo‘ygan. Ammo muammo bor. Jurnalist Santi Aunaning xabar qilishicha, «PSJ» inglizlar taklifiga e’tiborsizlik bilan qaramoqda. Shunday ekan, kunning qolgan qismida «Nottinghem» yaxshiroq taklif bilan chiqishi yoki Keylor bilan shartnoma imzolashdan umid uzishi kerak.

Jorjino, «Chelsi» → «Arsenal»

Jordino. Foto: MIKE HEWITT/GETTY IMAGES

Bu — qishki transferlarning eng so‘nggi kunlarida paydo bo‘lgan tarix va uning atrofidagi voqealar shiddat bilan rivojlanmoqda. «Chelsi» Jorjino bilan xayrlashishga qarshi emasligi haqidagi gaplar yanvar oyi o‘rtalaridayoq ma’lum bo‘lgandi. Mavsum yakunida ushbu yarimhimoyachining shartnomasi muddati tugaydi va yangi kelishuv bo‘yicha hech qanday signallar yo‘q. 30 yanvar kuni esa The Athletic nashri «Arsenal» Kaysedo bo‘yicha «Brayton» bilan kelisha olmasa, transferlar oynasining so‘nggi soatlarida Yevropa chempionini o‘z safiga qo‘shib olishi va u bilan ikki yillik shartnoma tuzishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi.

Bu xabar navbatdagi mish-mishligicha qolib ketishi mumkin edi, agar «Chelsi»ning reaksiyasi bo‘lmaganida. Sky Spors jurnalisti Florian Plettenberg klub Jorjinoni «Arsenal»ga sotishga va jamoadagi kelajagi so‘roq ostida bo‘lib turgan yana bir futbolchi Konor Gallaherni qoldirishga qaror qilgani haqida yozdi. Agar kelishuv amalga oshsa, «Chelsi» bu futbolchisini tekinga qo‘yib yubormaydi va qo‘shnisidan 12 mln funt oladi. Aftidan, bu kelishuvdan barcha, jumladan APLda 10-o‘rinda borayotgan jamoa bilan mavsumning qolgan qismida nimagadir erishishi ehtimoli deyarli yo‘q bo‘lgan futbolchi ham.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, ushbu 31 yoshli futbolchi transferiga «kanonirlar» bosh murabbiyi shaxsan qiziqmoqda. Mikel Arteta — Jorjinoning muxlisi. Ispaniyalik mutaxassis ushbu tayanch yarimhimoyachisi londonliklar taktik tizimiga mos tushadi deb hisoblamoqda.

Jorjino 2018 yildan buyon «Chelsi» safida o‘ynab kelmoqda. U joriy mavsumda londonliklar safida APLning 18 o‘yinida maydonga tushib, 2 gol urgan. Transfermarkt portali futbolchini 35 million yevroga baholagan.

Isko, «Sevilya» → «Union»

Isko. Foto: Global Look Press

30 yoshli Isko Berlinning «Union» klubi bilan 2024 yilga qadar shartnoma tuzishga kelishib oldi, unga ko‘ra shartnoma yana bir mavsumga uzaytirilishi mumkin. Muzokaralar yakuniy bosqichda turibdi, ispaniyalik futbolchi bugunning o‘zida tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Futbolchi ayni vaqtda erkin agent maqomida. Isko 2022 yil yozida «Sevilya» safiga qo‘shilgan, 2022 yil dekabrida shartnomani bekor qilgandi. Sevilyaliklar safida ushbu yarimhimoyachi 19 o‘yinda maydonga tushdi, bir gol urdi va uch golga uzatma berdi. Isko 2013 yildan 2022 yilga qadar Madridning «Real» klubi safida o‘ynagan, jamoada jami 350 uchrashuvda maydonga tushib, besh karra Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgandi.

Malkom, «Zenit» → «PSJ»

Malkom. Foto: RIA Novosti

Rossiya chempionatidagi asosiy transfer intrigasi. «PSJ»ning shu kunlarda «Lion» hujumchisi Rayan Sherki bo‘yicha taklifi rad etildi va parijliklar endi e’tiborini Malkomga qaratdi. Fransuz klubi futbolchi bilan kelishib olgan va «Zenit»ga sotib olish huquqi bilan ijaraga olish bo‘yicha taklif bilan chiqmoqchi. Hozirda muzokaralarda murakkablik yuzaga kelgan, chunki rossiyaliklar klubini bunday kelishuv qoniqtirmaydi, braziliyalik futbolchi ham ketish uchun oyoq tirab olmayapti.

Natijada Malkomning «PSJ»ga o‘tishi ehtimoli kamaygan. Relevo nashri jurnalisti Matteo Moretto esa bu transfer bo‘lmasligi aniq ekanini yozdi. Ammo transferlar oynasining oxirgi kunida har qanday ishni kutish mumkin. Qolaversa, Parij klubi kerakli futbolchi uchun kerakli mablag‘ni to‘lay oladi. Hozirgi vaziyat Leandro Paredesning Parijga ketishi bilan bog‘liq holatni yodga solmoqda.

Hakim Ziyosh, «Chelsi» → «PSJ» / «Milan»

Hakim Ziyosh. Foto: JUSTIN SETTERFIELD/GETTY IMAGES

Katta ehtimol bilan, eng chalkash vaziyat Ziyosh bilan bog‘liq. Marokashlik futbolchi jahon chempionatidagi ajoyib ishtirokiga qaramay Jorjino kabi «Chelsi» shu qishda xayrlashishi mumkin bo‘lgan futbolchilar safida. Hakimga «Nyukasl» va «Roma» qiziqish bildirayotgandi, keyin esa «Everton» 30 mln yevro to‘lashga tayyorligi haqida xabarlar chiqdi. «Chelsi»ni bunday taklif qoniqtirishi mumkin, ammo hozircha rasmiy taklif bo‘lmagan.

Hozir Ziyosh juda noodatiy vaziyatda qolgan. Unga ikki top-klub da’vogar — «PSJ» va «Milan». Lekin bu ikki klubda boshqa variantlar ham bor. Fransuzlar uchun Hakim — Malkom uchun muqobil, italyanlar esa marokashlik yoki Zaniolodan birini tanlaydi. L’Equipe nashrining so‘nggi xabariga ko‘ra, Ziyosh «PSJ»ga o‘tishga yaqin. Klub «Chelsi» bilan muzokara o‘tkazmoqda, futbolchining o‘zi ham Parijga ko‘chib o‘tishni istaydi. Barchasi qanday yakunlanishini yaqin vaqtlar ichida bilib olamiz.

Ko‘proq yangiliklar: