Qishloq xo‘jaligi xodimlari va ularning oila a’zolari bepul sog‘lomlashtiriladi 

Jamiyat 19:57 / 31.01.2023 26378

Joriy yil 1 fevralidan 1 martgacha O‘zbekistonda «Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi» aksiyasi o‘tkaziladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi shunday yangi tashabbus bilan chiqdi.

Bu davrda mamlakatdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon, bog‘bonlar, klaster xodimlari va ularning oila a’zolari, avvalo, profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkaziladi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘riladi.

Buning uchun dastlab agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila a’zolari ro‘yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.

Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi. 

Tibbiy ko‘riklar yakunida: 

  • hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi; 
  • o‘tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, statsionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi; 
  • yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi. 

O‘z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko‘riklar o‘tkaziladi. 

Agrar soha xodimlari va ularning oila a’zolari orasida homiladorlar, yangi farzandli bo‘lgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar bo‘lsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning o‘zida ko‘riklar amalga oshiriladi.

Shuningdek, tibbiy tekshiruv natijalari bo‘yicha mehnatga qobiliyatini turg‘un yo‘qotgan, organizm funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishi aniqlangan qatlamga nogironlikni belgilash uchun tegishli organga yo‘llanmalar beriladi. 

«Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi» qanday tekshiruvlarni qamrab oladi?

Aksiya davrida tekshiruvdan o‘tkazilib, kasalliklar aniqlangan qatlam davlat ko‘magida salomatligini tiklash va mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tibbiy tekshiruvlar davomida:

  • 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholi — oila shifokori profilaktik ko‘rigidan;
  • 40 va undan katta yoshdagi aholi — yuqumli bo‘lmagan kasalliklar skriningidan;
  • 35-55 yoshli ayollar — bachadon bo‘yni saratoni tekshiruvidan;
  • 45-65 yoshli ayollar — ko‘krak bezi saratoni skriningidan;
  • 15-49 yoshli xotin-qizlar — profilaktik ko‘rik, homiladorlikka monelik aniqlash ko‘rigidan;
  • sil kasalligi bo‘yicha xavf guruhiga mansub qatlam  — flyuorografik tekshiruvdan;
  • surunkali kasalligi bor bemorlar — oilaviy shifokor va tegishli tor soha mutaxassislari tomonidan dispanser ko‘rigidan;
  • 1-18 yoshli bolalar — chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan; 
  • 2-10 yoshli bolalar — gelmintozga tekshiruvdan;
  • 3-18 yoshli bolalar — onkogematologik kasalliklar skriningidan o‘tkaziladi. 

Ushbu tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlari bepul amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: