Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida mast xo‘randa va oshxona egasi o‘rtasidagi janjal o‘lim bilan bilan yakun topdi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Muborak tumanidagi g‘isht zavodida yollanma ishchi bo‘lib ishlagan to‘rt nafar fuqaro ovqatlanish uchun Qoraqum mahallasida joylashgan choyxonaga kelib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Biroz o‘tib ishchilardan biri va choyxona egasi o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Mast xo‘randa derazani urib sindirgach, choyxona egasi ham jahl otiga minadi va xo‘randaga og‘ir tan jarohati yetkazadi. Oqibatda xo‘randa hayotdan ko‘z yumadi.
Qayd etilishicha, Muborak tumanidagi 6-o‘rta maktabda viloyat IIB, tuman IIB rahbar xodimlari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirokida hodisa yuzasidan muhokama o‘tkazilgan. Muhokamada ichkilikbozlik hech qachon yaxshilikka olib kelmasligi ta’kidlangan.