28 marta operatsiya bo‘lgan hunarmand ayol

Jamiyat 18:54 / 30.01.2023 34872

Nargiza Qarshiyeva hozirda turli hunarmandlik va esdalik buyumlarini yasaydi. Bunda u yangi, o‘ziga xos, noodatiy usullardan foydalanadi. Xususan, yaqin yillar ichida suyuq yelim (epoksi qatroni)dan buyumlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan. Hunarmandning ustaxonasida bo‘lib, u bilan suhbatlashdik.

“Chiroyli narsalarni ko‘rsam, o‘sha narsalarning har birini o‘zim yasab ko‘rgim keladi. Boshida bu narsani internetda ko‘rib, yasashga uringanman, lekin eplay olmaganman. Uch-to‘rt marta harakat qilganimda ham uddalay olmadim. Keyin esa eronlik ustadan onlayn dars olganman, shundan so‘ng esdalik buyumlari yasashga kirishib ketdim”, – deydi hunarmand.

O‘zbekistonda bu san’at ikki yildan beri ommalashdi. Nargiza Qarshiyevaning aytishicha, suyuq yelimdan buyumlar yasash jarayonida turli ranglar bilan ishlash insonni ruhan tinchlantiradi. Shuning uchun ko‘pchilik bu hunarni qiziqib o‘rganadi.

“Psixologlarning tavsiyasi bilan kelgan shogirdlarim ham bor. Chunki bu san’at bilan shug‘ullanish kishini depressiya holatidan chiqaradi. Bir necha yil ilgari o‘zim ham ko‘zimning bittasi ko‘rmay qolgach, ikkinchi ko‘zing ham ko‘rmay qolishi mumkin, deyishganida 8 oy mobaynida depressiyaga tushib qolganman. Shu holatdan chiqib ketish uchun foyda bergan bu ish”, – deydi qahramonimiz yangi buyum yasash jarayonida.

Ko‘z nurini saqlab qolish uchun yillar davomida kurashgan ayol hunarini ham tashlab qo‘ymadi. Salomatligini biroz yo‘qotgan bo‘lsa-da, boriga shukr qiladi.

“Qismatimda bor ekan, bundan qochib qutulolmaysiz. 28 marta operatsiya bo‘lganman. Ko‘z qorachig‘ining tomirlari yorilishidan aziyat chekkanman. Xudoga behisob shukr, yaxshi doktorlar bor ekan, bir ko‘zimni asrab qolishdi. Bundan battari ham bo‘lishi mumkin edi. 2018 yilda o‘g‘lim «Talant» shousida qatnashgan. O‘shanda o‘g‘limdan «220 millionni yutsang, nima qilasan?» deb so‘rashganida, u «Onamning ko‘zlarini davolataman», degan. Sahna ortida edim, o‘g‘limdan bunday javob kutmagandim. Yig‘lab yuborganman”, – deya xotirlaydi u.

Nargiza Qarshiyeva 18 yildan buyon hunarini boshqalarga o‘rgatib keladi. O‘zining aytishicha, shu vaqtgacha mingdan ortiq shogirdlar yetishtirgan.

“Juda ko‘p joydan kelishadi o‘rganish uchun. Hatto Qozog‘istonning Olmaota shahridan 64 yoshli ayol kelib kelin ko‘ylak tikishni o‘rganib ketgan. Ba’zida hunarga qiziqqan shogirdlarimga mablag‘i bo‘lmasa tekin o‘rgatgan paytlarim ham bo‘ladi.

Bu hunar men uchun nafaqat daromad manbai, ham sog‘lig‘im uchun foydali, hunarim ortidan atrofimda shogirdlarim ko‘p – shundan xursand bo‘laman. Menga eng ko‘p zavq beradigani – turmush o‘trog‘imning qo‘llab-quvvatlashi. Chunki kimdir sizga ishonsa, faqat oldinga harakat qilasiz”, – deydi Nargiza Qarshiyeva.

Ilk ishini tikuvchilikdan boshlagan qahramonimiz bugungi kunda o‘nga yaqin hunar o‘zlashtirgan. Eng muhimi, u o‘rganishdan to‘xtamaydi. Kelgusida o‘z hunarini atrofdagilarga ko‘proq ulashish maqsadida o‘quv markazi ochishni maqsad qilgan.

Maqsuda Abduqayumova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: