“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi

Jamiyat 17:26 2937

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida ayolini xo‘rlab kelgan erkak va uning ota-onasi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Koson tumanining Xalqobod mahallasida yashab kelgan Bahodir Tojiyev 2017 yilda Maftuna Omonova bilan turmush qurgan. Ular 3 nafar farzandli bo‘lgan.

Bahodir Tojiyev xotinidan qutulish maqsadida otasi Botir Sanoyev hamda onasi Shoyira Boymurodova bilan til biriktirgan. Ular Maftuna Omonovaga nisbatan muntazam ravishda rahmsiz muomalada bo‘lishib, muttasil ravishda unga jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazib kelishgan. Hatto o‘zi ishlab topgan pulini tortib olishgan.

Jumladan, 2024 yil mart oyida ayol o‘zi ishlab topgan pullarini so‘raganida Bahodir Tojiyev “Sen qulsan, seni yo‘qota olmadim”, deya uni kaltaklagan. So‘ngra ketishini talab qilib, ota-onasining uyiga haydab yuborgan.

2024 yil may oyida kelin turmush o‘rtog‘i hamda qaynota va qaynonasidan farzandini davolatish uchun pul so‘ragan. Ammo “uchlik” Maftunaga “Sening ukang nogiron bo‘lsa, farzanding ham urug‘ingga tortgan, shunday yuraversin. Farzandlaring ham alkash otang va nogiron ukangga o‘xshagan”, deya uni urishib berishgan. Keyin ayolni yana xo‘rlab, urib-do‘pposlagan holda ota-onasining uyiga haydagan.

Qaynota-qaynona va o‘g‘il Maftuna Omonova ota-onasinikidan qaytib kelgach, uning pullari va farzandlari uchun davlat tomonidan beriladigan pul mablag‘lari tushadigan plastik kartasini tortib olgan. 2024 yil 26 iyunda kelin pullarini va plastik kartasini qaytarib berishlarini so‘ragan. Shunda Botir Sanoyev keliniga “Sen hali gap qaytaradigan va pullaringni so‘raydigan bo‘ldingmi, haromi” deya baqirgan. So‘ngra uchovlashib yana ayolni kaltaklab, ota uyiga haydab yuborishgan.

Kelin turmush o‘rtog‘i, shuningdek, qaynota va qaynonasi shaxsiga oid hujjatlarni va pul mablag‘larini tortib olgani holati yuzasidan 2024 yil 27 iyun kuni Koson tuman IIBga murojaat qilgan. Bahodir Tojiyev, Botir Sanoyev va Shoyira Boymurodova javobgarlikdan qutulish maqsadida Maftuna Omonovani da’vosidan voz kechishga va yarashishga ko‘ndirgan. To‘plangan hujjatlar 2024 yil 9 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tumani sudida ko‘rib chiqilgan. Sud qarori bilan Bahodir Tojiyev MJtKning 592-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. U MJtKning 21-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod qilinib, ogohlantirilgan.

Biroq erkak bundan tegishli xulosa chiqarmasdan, ota-onasi bilan birgalikda turmush o‘rtog‘iga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazishda davom etgan. Buning oqibatida Maftuna Omonova 2024 yil 19 iyul kuni o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan.

Bahodir Tojiyev, Botir Sanoyev va Shoyira Boymurodova sudda aybiga iqrorlik bildirmagan.

Qaynota o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:

Kelinim va o‘g‘lim o‘rtasida o‘zaro tortishuv va janjallar bo‘lib kelgan. Ammo men va turmush o‘rtog‘im kelinimni haqorat qilmaganmiz. Kelinimga tegishli bo‘lgan plastik kartani mashinamda saqlashimdan maqsad – pul tushganidan so‘ng naqdlashtirish, ba’zida esa dori-darmon sotib olish va ro‘zg‘orga ishlatish bo‘lgan.

Kelinim fermer xo‘jaliklari yer maydonlarida ishlab, kuniga 60 ming-70 ming so‘m atrofida pul topgan. Kelinimga biron-bir narsa kerak bo‘lganida o‘g‘lim unga o‘zi ishlab topgan pullarga olishini aytgan”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining 2025 yil 3 fevraldagi hukmi bilan Bahodir Tojiyev, Botir Sanoyev va Shoyira Boymurodova Jinoyat kodeksining 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi “a, v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Bahodir Tojiyevga 7,5 yil, Botir Sanoyevga 4 yil hamda Shoyira Boymurodovaga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shoyira Boymurodovaga tayinlangan jazo shartli hisoblangan va unga 2 yil sinov muddati berilgan.

1993 yilda tug‘ilgan Bahodir Tojiyev oldin ham jinoyat sodir qilgan. U jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining 2012 yil 2 martdagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli topilib, Jinoyat kodeksining 85-moddasi qo‘llangan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudining 2013 yil 22 avgustdagi ajrimi bilan o‘talmay qolgan 2 yil 9 oy 11 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: