27 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Shu kuni soat 23:58 da Qarshi shahar FVBga «Xo‘jaxiyol» MFY Qarliqbog‘ot ko‘chasida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Yong‘in sodir bo‘lgan manzilga 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi 00:05 da yetib borgan va soat taxminan 00:33 larda yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Yong‘indan fuqaro X.B.ga tegishli yengil tipda qurilgan kichik hajmli savdo (savdo do‘koni emas) rastasining 6 metr kvadrat va unga yondosh «Qishloqqurilishbank»ga tegishli bo‘lgan bankomat (naqd pul yechish uchun mo‘ljallangan xona) qurilmasining 4 metr kvadrat maydon qismi zarar ko‘rgan.
FVBning qo‘shimcha qilishicha, mazkur yong‘in joyida katta kuchlanishli elektr toki borligi sababli yong‘inga suv berishning imkoni bo‘lmagan. Shunga qaramay, qutqaruvchilar suv berishga uringan, oqibatda mavjud elektr toki qutqaruvchilarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Ushbu manzildan o‘tuvchi elektr liniyasini asosiy tarmoqdan uzish uchun elektr mutaxassislari tomonidan qariyb 30 daqiqa vaqt sarflangan.
Yong‘indan hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.