“Maktabni bitirar-bitirmas uzatib yuborishdi, qo‘limda na hunarim, na diplomim bor” - besh go‘dagi bilan eridan beva qolgan ayol hikoyasi

Jamiyat 17:58 / 29.01.2023 62788

Beshinchi farzandimga homiladorligimda turmush o‘rtog‘im olamdan o‘tdi... Bag‘rimda besh bola. Kattasi 2-sinf, qolganlari hali kichkina. Qo‘limda na diplomim na hunarim bor”.

O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin, deyishadi. Hayotda shunday insonlar borki, ushbu gapni o‘zlari uchun shior qilib olishgan. Ehtiyojmand odamlarga beminnat yordam berishadi.

Hatto yordam olayotgan inson ham uning ehson ekanini bilmaydi. Bu galgi hayotiy hikoyamiz ham xuddi shunday saxovatpesha inson haqida.

“18 yoshimda, maktabni bitirar-bitirmas uzatib yuborishdi. Qo‘limda na hunarim na diplomim bor. Faqat uy ishlari, pishir-kuydirni bilardim xolos.

To‘yimiz 1990 yil kech kuzda bo‘lib o‘tdi. Turmush o‘rtog‘im yolg‘iz farzand edi, ota-onalari 15 yil farzand kutib, tilab-tilab olgan o‘g‘illari. To‘ydan keyin turmush o‘rtog‘im 2-3 ta o‘rtoqlari bilan biznes qilaman deb Moskvaga qatnay boshladilar.

Men uyda, qaynona-qaynotam bilan qoldim. Menga munosabatlari yaxshi edi, hech kim xafa qilmasdi. Ko‘nglimga qarashardi. Tezroq farzand ko‘rishimni judayam xohlashardi.

Turmush o‘rtog‘im ham, men yolg‘izman, shuning uchun bolalarimiz ko‘p bo‘lishini xohlayman, kamida beshta bo‘lsin, uyimiz bolaga to‘lishi kerak, derdilar. Birin-ketin farzandlarimiz tug‘ildi, turmushimga yetti yil bo‘lganda to‘rt nafar ketma-ket tug‘ilgan 3 qiz bir o‘g‘ilning onasi edim.

1999 yil. Beshinchi farzandimga homilador vaqtimda dadasi yana biznes uchun Moskvaga ketgandilar. Har safar bir oy qolib ketardilar. Bu gal esa 15 kunda keldilar. Aniqrog‘i jasadlarini olib kelishdi...

Kechasi rulga o‘tirib, uxlab qolganlar, mashina katta yuk mashinasining tagiga kirib ketgan. O‘sha kunlarni yaxshi eslolmayman, dodlayverganimdan tinchlantiruvchi ukol qilib uxlatib qo‘yaverishgan. Vaqtidan avval tug‘ib qo‘yadi deb janozadan keyin tug‘uruqxonaga yotqizishdi.

Hecham yashagim kelmasdi, hayotim mazmuni yo‘qoldi, endi menam o‘lsam bo‘ladi, bolamam tug‘ilmasayam mayli, degan shakkok fikrlargayam borardim. Lekin ko‘nglimning bir chetida 4 ta qorako‘zim ham otasiz, ham onasiz qoladimi, degan fikr tinchlik bermasdi.

Yig‘layverganimdan ko‘zimda yosh qolmasdi, majburlab ovqat yedirishardi. Xullas, beshinchi farzandim, o‘g‘lim, dadasidan yodgorim tug‘ildi. Bir o‘zim bolamni bag‘rimga bosib tug‘uruqxonadan chiqdim. Chol-kampir cho‘kib qolishgan, ikkovlashib pana-panada yig‘lashadi.

Bag‘rimda besh bola. Kattasi 2-sinf, qolganlari hali kichkina. Qo‘limda na diplomim na hunarim bor. Ota-onam yordam berib turishdi, lekin ular ham keksa pensiyaga qaragan odamlar edi.

Qiyinchiliklar boshlandi, qaynona-qaynotamning nafaqasi o‘zlarining dori-darmonidan ortmaydi, bu yoqda bolalarim yeyman, ichaman deydi. Kechasi bilan yig‘lab chiqaman, bu bolalarimni qanday boqaman, o‘qitaman, uyli-joyli qilaman, deb.

Janozadan 3 oy o‘tib, erimning do‘stlaridan biri mehmonga keldi. Bir mashina ro‘zg‘or qilib. Chol-kampir, men kutib oldik, rahmatli turmush o‘rtog‘imni esladik. Haqqiga duo qildik.

Ketar mahali erimning do‘sti gap boshladi: “Kelin, endi buyog‘iga bardam bo‘ling, 5 nafar farzandingiz uchun ham kuchli bo‘lishingiz kerak. Eringizdan katta qarzim bor edi, biznes qilaman deb olgandim, hamma pulni tovarga tikib qo‘yganman, yuk mashinalari olganman. Shuning uchun oyma-oy uzaman qarzimni, mayli desangiz”, dedi.

Yig‘lab yubordim, insofi borligiga, o‘ldi-ku, kim bilib o‘tiribdi qarzim borligini, demaganiga xursand bo‘lib yig‘ladim. Mayli, oyma-oy bersangiz ham, bolalarim bilan ro‘zg‘orga, kiyim-kechakka qiynalmasdim, dedim.

Xullas har oy besh yuz dollardan berib uzaman dedi, pulni har oy ayolim olib keladi, deb chiqib ketdi. Har oy ayollari keladi, pul bilan somsami, pirogmi pishirib keladi, gaplashib o‘tiramiz. Dardimni eshitadi, dalda bo‘ladi. Eng yaqin dugonamga aylandi.

O‘sha pullarga farzandlarimni bekamu-ko‘st boqdim, katta hovlining to‘lovlari, gaz, svet, soliqlar, hech qaysisidan qarz bo‘lmadim. Tejab ishlatardim. Qizlarimning sepiga deb ul-bul olib tashlab qo‘yishga ham imkon topardim.

Qaynona-qaynotam olamdan o‘tishganda ham hamma ma’rakalarini chiroyli o‘tkazdik. Farzandlarimning hammasi maktabda o‘qib, baravar yeyman, ichaman, kiyaman, degan paytda ham o‘sha pullar sabab qiynalmadim.

Har oy pul kelganda o‘sha erimning do‘stining ayolidan so‘rardim, eringizga ayting, qancha qarz olgan, uzilishib qolgandir. Nega aytmaydilar, aniq summani, deb so‘rardim. Katta pul olganlar, hali-beri uzilmaydilar, deb kulib qo‘yardi.

Qizlarim katta bo‘lib, bo‘y cho‘zib qolishdi. O‘zim o‘qimaganimga ularni o‘qitaman deb niyat qilib, repetitorlarga berdim. Birin-ketin ikki qizim institutga o‘z kuchi bilan kirdi, uchinchisi tikuvchilikka qiziqib, hunarni tanladi.

Tejagan pullarimga sep yig‘gandim, mebellarini erimning do‘sti qarzimiz hisobiga deb olib berdi. Qizlarimni bekamu-ko‘st uzatdim. Erimning do‘sti olgan qarzlarini 2015 yilgacha to‘ladi. Haligacha to‘layotgan bo‘lardi balkim.

Lekin aynan 2015 yil bahorda to‘satdan yuragi xuruj qilib olamdan o‘tdi. Janozasida qatnashdim, rosa ezilib yig‘ladim. Ayni o‘g‘illarini uylantirib, rohat ko‘raman degan payti edi.

Ayoli meni quchoqlab rosa yig‘ladi, rozi bo‘ling ulardan, roziman deng deb. Men qarzni aytyapti deb, roziman, qanaqa haqqim qolgan bo‘lsa ham mingdan ming roziman deb aytdim.

Keyin bilsam, u kishining erimdan hech qanday qarzi bo‘lmagan ekan. Ey voh, qanaqa ahvolga tushganimni bilsangiz edi. Ayolining oldiga bordim. Rostmi, shu deb.

Avvaliga gapirgisi kelmadi. Keyin hammasini ro‘yi-rost aytdi. Erimning do‘sti, 4 bola bilan homilador ahvolimda beva qolganimni ko‘rib, qanday yordam bersam ekan, deb rosa o‘ylagan. Yosh bolalarim bilan ishlay olmasligimni tushungan, turmush qura olmasligimniyam bilgan.

Har oy yordam berib tursam, xayoliga yomon fikr kelmasin, deb shu qarz masalasini o‘ylab topgan. Erimning puli deb bemalol olaverishim uchun. Xotirjam bo‘lishim uchun.

Agar shu pullar bo‘lmaganida, bolalarimni boqish uchun beva boshimni qayerlarga urardim, kimlarning eshigida xoru-zor bo‘lardim. Chet elga ketarmidim, bolalarim ona mehrisiz, tarbiyasisiz katta bo‘larmidi?

Qizlarim yomon yo‘llarga kirib ketarmidi, yonida har qadamini tekshirib turuvchi onasi bo‘lmaganda. Erimning do‘sti shu amali bilan olti nafar odamning hayoti izdan chiqib ketmasligining oldini oldi. Besh nafar farzand o‘qib, ilm olib, yaxshi insonlar bo‘lib yetishishiga sababchi bo‘ldi.

Har kuni haqqiga duo qilaman. Ko‘pchilik ishonmaydi, aytib bersam yo‘g‘-ye, oshirvordiz, bunaqa odamlar yo‘q, o‘zining jigariga yordam bermaydi-ku, yetti yot begonaga shuncha yil pul berib yordam berarkanmi, deb istehzo qilishadi.

Lekin bu haqiqat, bu odam shunday yaxshilikni qilib ketdi. Ilohim oxirati obod bo‘lsin, shunaqa beminnat, beg‘araz yetimlarning boshini silaydigan, beva ayolga yomon ko‘z bilan qaramasdan, yaxshilik qiladigan insonlar ko‘paysin.

O‘g‘illarim ham shunday saxiy, yaxshi insonlar bo‘lishsin, deb duo qilaman har kuni. Odamlar bilishsin, shunaqa insonlar borligini, haqqiga duo qilib qo‘yishsin.

Charos Mannonova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: