Donald Tramp saylovoldi kampaniyasini boshladi 

Jahon 21:50 / 28.01.2023 12248

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp shanba kuni ilk saylovoldi mitinglarini o‘tkazmoqda, ikki oy oldin u davlat rahbari lavozimi uchun kurashda qatnashish niyatini ma’lum qilgan edi. 

Associated Press xabariga ko‘ra, u har kuni ikkita mitingni rejalashtirgan. Hozircha Tramp o‘z partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashish niyatini bildirgan yagona respublikachidir.

Biroq yaqin oylarda uning jiddiy raqiblari paydo bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, saylov poygasida ishtirok etish qarorini Florida shtatining juda mashhur gubernatori Ron DeSantis e’lon qilishi mumkin.

AQSh sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens va BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli ham praymerizda qatnashish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Boshqa respublikachi siyosatchilar ham o‘z nomzodini ilgari surishi mumkin. 

Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozona olmadi va hozirgi davlat rahbari Jo Baydenga yutqazdi. Shu bilan birga, respublikachi hamon ovoz berish paytidagi qonunbuzarliklar uning g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilganini da’vo qilmoqda. Ushbu mag‘lubiyatga qaramay, Tramp bu yillar davomida Respublikachilar partiyasining eng nufuzli vakili bo‘lib qoldi. 

Vaziyat 2022 yil noyabrida, Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qator siyosatchilar AQSh Kongressiga saylovda g‘alaba qozona olmaganida biroz o‘zgardi. Natijada, respublikachilar, ko‘p prognozlardan farqli o‘laroq, Senatda ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadilar va faqat katta qiyinchilik bilan Vakillar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritdilar. O‘shanda AQShdagi ko‘plab ommaviy axborot vositalari aynan Tramp tufayli partiya ishonchliroq g‘alabaga erisha olmaganini taxmin qilgan edi. So‘rovlar sobiq prezident reytingining pasayganini va aksincha, DeSantisning mashhurligi oshganini ko‘rsatdi. 

Biroq, so‘nggi haftalarda vaziyat o‘zgara boshladi: Tramp, bir nechta so‘rovlarga ko‘ra, respublikachi elektorat orasida mashhurlik bo‘yicha DeSantisdan ishonchli tarzda oldinda boryapti. 

AQShda prezidentlik saylovi 2024 yilda bo‘lib o‘tadi. Undan oldin demokratlar ham, respublikachilar ham o‘z nomzodini tanlashi kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: