Qirg‘iziston va O‘zbekiston iqtisodiyotning beshta tarmog‘ini rivojlantiradi 

Iqtisodiyot 20:19 / 27.01.2023 24662

27 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan strategik savdo-iqtisodiy sheriklik dasturi imzolandi. 

Hujjatni Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov imzoladi. 

Dasturda quyidagi tarmoqlarni rivojlantirish rejalashtirilgan: 

1. O‘zaro savdo. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash statistik ma’lumotlaridagi farqni kamaytirish, to‘qimachilik mahsulotlari, elektrotexnika, oziq-ovqat, farmatsevtika, charm-poyabzal, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, rangli metallar, alyuminiy, ko‘mir, sement yetkazib berish hajmini oshirish. 

2. Sanoat kooperatsiyasi. Bu yo‘nalish O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini jalb qilgan holda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, ikki mamlakat hududida qurilish materiallari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Qora-Bolta shahrida trikotaj mato va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, Jalolobod viloyatida ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqa qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. 

3. Transport-logistika sohasi. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l qurilishini boshlash, yirik shaharlar o‘rtasida avtobus va avtomobil yo‘lovchi tashuvchilar sonini ko‘paytirish, shuningdek, Qoshg‘ar-Irkeshtom-O‘sh-Andijon-Toshkent multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish. 

4. Qishloq xo‘jaligi. Qirg‘izistonda chorvachilik klasteri, intensiv bog‘lar va issiqxonalar tashkil etish. 

5. Energiya. Qirg‘izistonda Qambar Ota-1 GES qurilish loyihasini, Qirg‘izistonda ko‘mir konlarini o‘zlashtirish loyihasini hamkorlikda amalga oshirish, O‘zbekiston korxonalari ehtiyoji uchun ko‘mirni markazlashgan holda xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzish. 

Eslatib o‘tamiz, 26—27 yanvar kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tmoqda. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolanib, qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayoni yakunlandi. 

Ko‘proq yangiliklar: