26 yanvar kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2023 yilda narxlar oshishiga ta’sir qiluvchi asosiy inflyatsion xatarlarni sanab o‘tdi.
“Markaziy bankning asosiy qiladigan ishi – inflyatsion xatarlarni o‘rganish. Joriy yilda inflatsiyaga ta’sir qiluvchi qanday xatarlar kutilmoqda?
Birinchidan, asosiy xatarlardan biri aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari oshib borayotgani bilan bog‘liq.
Ikkinchidan, bazaviy inflatsiya darajasining yuqori ko‘rsatkichlarda shakllanayotgani. Uchinchidan, budjet taqchilligining 4 foiz darajasida shakllanishi ham ma’lum jihatdan inflyatsion xatarlarni keltirib chiqaradi”.
Mamarizo Nurmurodovning qo‘shimcha qilishicha, taklif bilan bog‘liq bo‘lgan inflyatsion xatarlar ham bor.
“Bugungi kunda metan gazining uzib qo‘yilganligi benzinga nisbatan taqchillikni vujudga keltirdi. Markaziy bank metan zapravkalari ochiladigan bo‘lsa, mahsulot narxining oshishi mumkinligini xatar sifatida ko‘rmoqda.
Shuningdek, anomal sovuq meva-sabzavot hosildorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin . Bu narsa narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatadi. Asosiy savdo hamkorlarimiz tomonidan eksportga proteksionizm cheklovlarining kiritilishi ham narxlar qimmatlashishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, qurilish materiallari narxining oshishi. Hozirgi tabiiy gaz uzilishlari qurilish materiallari taklifida tanqislik keltirib chiqarib, kelgusida bu mahsulotlar narxlari oshishiga olib kelishi mumkin. Pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi ham inflatsiyaga bosim o‘tkazuvchi xatar hisoblanadi”, dedi Markaziy bank raisi.
Avvalroq, 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5–5 foizga o‘sishi va yillik inflatsiya 8,5–9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinayotgani xabar qilingandi.