NATO bosh kotibi mudofaa budjeti oshirilishini istisno etmadi

Jahon 13:54 / 25.01.2023 4134

NATO davlatlari faqat Ukrainani qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, balki o‘z mudofaa qobiliyati darajasini saqlab qolish haqida ham o‘ylashi qilishi kerak. Bu mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qiladi, deydi Yyens Stoltenberg.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaga qurol yetkazib berish NATOga a’zo davlatlarning mudofaa qobiliyatini zaiflashtirishi mumkinligidan ogohlantirdi. «Bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganimiz NATOning qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar zaxirasini bo‘shatib qo‘ydi», — dedi u 25 yanvar, chorshanba kuni chop etilgan Die Welt gazetasiga bergan intervyusida. Bu qo‘llab-quvvatlash, albatta, to‘g‘ri qadam va Ukraina uchun mutlaqo zarur, dedi Stoltenberg. Ammo ittifoq mamlakatlari o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun ham, Ukrainaga yangi yordam bera olish uchun ham zaxiralarini to‘ldirishi kerak. Shu munosabat bilan, deydi bosh kotib, yaqin kelajakda mudofaa uchun budjet xarajatlarini oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi mumkin. 2014 yilda NATO ittifoqchilari o‘n yil ichida mudofaa xarajatlarini milliy yalpi ichki mahsulotning (YaIM) 2 foiziga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu maqsad endi qayta ko‘rib chiqilishi kerak, dedi Stoltenberg.

NATO davlatlari nafaqat Ukrainani qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlashi, balki bu qurollarning to‘g‘ri ishlashiga ishonch hosil qilishi kerak. Bu, xususan, yetarli miqdordagi ehtiyot qismlarni yetkazib berish, ta’mirlash bazasini yaratish va ukrainalik harbiy xizmatchilarni mos ravishda tayyorlashni nazarda tutadi.

NATO rahbari Rossiya tomonidan tahdid davom etayotganiga ishora qildi. «Prezident Putin Ukrainani zabt etish maqsadidan voz kechganini ko‘rsatuvchi hech narsa yo‘q», dedi Stoltenberg. Aksincha, Rossiya rahbari yangi safarbarlikni istayapti, Eron va Shimoliy Koreya rejimlari bilan qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha faol muzokaralar olib bormoqda va Ukrainadagi urushda o‘n minglab askarlarini qurbon qilishga tayyor, dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: