Moskva: «Admiral Gorshkov» «Tsirkon» bilan zarba berish mashqini amalga oshirdi

Jahon 13:51 / 25.01.2023 13799

Rossiyaning «Sovet Ittifoqi floti admirali Gorshkov» fregati Atlantikaning g‘arbiy qismida «Tsirkon» gipertovushli raketasi bilan 900 kmdan ortiq masofadagi dengiz nishoniga «zarba berish mashqi»ni amalga oshirdi. Bu haqda TASS agentligi Rossiya Mudofaa vazirligiga tayanib xabar bermoqda

Ekipaj «kompyuter modellashtirishi orqali gipertovushli raketa qurollaridan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazdi», deb ta’kidladi idora. 

Avvalroq ushbu kema Xitoy va Janubiy Afrika harbiy-dengiz kuchlari bilan 17—27 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etishi xabar qilingandi.

Avvalroq «Admiral Gorshkov» fregati gipertovushli «Tsirkon» raketalari bilan qurollangan holda Atlantika hamda Hind okeanlari bo‘ylab jangovar sayohatga chiqqandi. 

«Admiral Gorshkov» oxirgi yillarda rus OAVda tez-tez tilga olinayotgan fregat bo‘lib, Rossiya harbiy dengiz kuchlariga 2018 yilda qabul qilingan. Kema «Tsirkon» gipertovushli raketasi sinovida ko‘p marta qatnashgan.

Ko‘proq yangiliklar: