Germaniya Ukrainaga kamida bir rota Leopard 2 tanklarini yuboradi

Jahon 01:37 / 25.01.2023 13238

Germaniya hukumati Ukrainaga A6 rusumli Leopard 2 tanklarini yuborishga qaror qildi. Bu haqda Der Spiegel nashriga tayanib Interfax xabar berdi.

«Qaror qabul qilindi: Germaniya Ukrainaga Leopard 2 tanklarini jo‘natadi. Gap kamida A6 rusumli Leopard 2 tanklaridan iborat rota haqida ketmoqda», deyiladi xabarda.

Bundan oldin Germaniya hukumati har qanday turdagi og‘ir tanklarni Ukrainaga yetkazib berishdan bosh tortib kelayotgan edi.

Shu bilan birga, Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte avvalroq Germaniyadan ijaraga olgan 18 ta Leopard 2 tankini ham Ukrainaga yuborish imkoniyati borligini aytdi.

«Germaniyadan ijaraga olingan 18 ta tankni sotib olib, ularni Ukrainaga topshirishimiz mumkin», dedi u.

Avvalroq The Wall Street Journal nashri AQSh ma’muriyati shu hafta Ukrainaga M1 Abrams tanklarini yetkazib berish rejasini e’lon qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. 

Leopard 2 Bundesverning asosiy jangovar tankidir. U Avstriya, Vengriya, Polsha, Turkiya, Norvegiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Ispaniya, Daniya, Gretsiya, Finlyandiya qurolli kuchlari tarkibida ham bor. U 1979 yilda ishlab chiqilgan va ko‘plab modifikatsiyalarga ega. Jami 3,6 mingdan ortiq tank ishlab chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: