Bosh prokuratura matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada erkak homilador ayolini mashinaga solib yoqib yuborgani aytilgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Hodisa 24 yanvar kuni taxminan 19:00 larda Farg‘ona shahridagi “Neftchi” stadioni ro‘parasida sodir bo‘lgani aytilmoqda.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, homilador turmush o‘rtog‘ini shifoxonadan olib, “Matiz” rusumli avtomashinasida uyiga kelayotgan erkak yo‘lda rafiqasi bilan janjallashib qoladi. Kelishmovchilikka ayolning erini rashk qilgani sabab bo‘lgan.
Erkak turmush o‘rtog‘i bilan gaplashib olish maqsadida mashinasini Farg‘ona shahridagi “Neftchi” stadioni ro‘parasida to‘xtatganda orqa o‘rindiqda o‘tirgan ayol avval erining, so‘ngra o‘zi va mashina saloni ichiga benzin sepib, o‘t qo‘ymoqchi bo‘ladi. Rasmiy ma’lumotda ayol benzinni plastik idishda, o‘zi bilan uyidan olib chiqqani keltirilgan.
Turmush o‘rtog‘ining ushbu harakatidan qo‘rqib ketgan erkak mashinasidan tushib, tashqariga qochgan vaqtda ayol o‘zini va avtomobilni yoqib yuborgan.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan tezkorlik bilan o‘chirilgan va shifokorlar mashina salonida yotgan, yong‘in oqibatida joni uzilgan homilador ayolning qornidan kesarcha kesish orqali chaqaloqni chiqarib olishgan. Biroq hayoti saqlab qolingan o‘g‘il jinsli go‘dak ko‘rsatilgan zarur tibbiy yordamga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.
“Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi “b” bandi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura tomonidan berilgan bayonotda.
2022 yilning 2 avgust kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining 47 yoshli xodimi korxonaga kirish joyida ustidan benzin sepib, o‘ziga o‘t qo‘ygan, buning oqibatida esa ayol tanasining 60 foizi kuyib ketgandi.