Metan muammo bo‘lib turgan bir paytda: Vazirlik qoidabuzar AYoQShlarga birjani yopib qo‘ydi

Iqtisodiyot 21:52 / 25.01.2023 53978

23 yanvar kuni Energetika vazirligi o‘tkazgan nazorat tadbirlari davomida 109ta tadbirkorlik sub’yektiga tegishli xususiy AYoQShlarda bir qator qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Bu qoidabuzarliklar narxni asossiz oshirib sotish, kamomadga yo‘l qo‘yish, sifatsiz mahsulot tarqatish, kam quyish va boshqa holatlar bilan bog‘liq.

Vazirlik “O‘zbekneftgaz”ga qarashli barcha AYoQShlarda AI-80 markali avtobenzinning 1 litri 5700 so‘mdan sotilayotganini qo‘shimcha qilgan.

“[Qoidabuzarlar soni] Andijon viloyatida 4 ta, Buxoro viloyatida 8 ta, Jizzax viloyatida 4 ta, Qashqadaryo viloyatida 19 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta, Namangan viloyatida 4 ta, Samarqand viloyatida 26 ta, Surxondaryo viloyatida 1 ta, Toshkent viloyatida 5 ta, Toshkent shahrida 7 ta, Farg‘ona viloyatida 22 ta hamda Xorazm viloyatida 4 tani tashkil qiladi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lum qilinishicha, qoidabuzarlik aniqlangan tadbirkorlik sub’yektlariga kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar birja savdolari orqali AI-80 rusumli avtobenzin xarid qilishga cheklovlar o‘rnatilgan.

Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlariga huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan huquqiy baho berilayotgani aytilgan.

Vazirlik xususiy AYoQSh faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslik, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishni so‘ragan.

“Bu – iste’molchini jazolash”

Iqtisodchi Otabek Bakirov metan bilan bog‘liq qat’iy cheklovlar amal qilayotgan bir sharoitda benzin savdosi bilan shug‘ullanadigan AYoQShlarning yopilishi xato ekanini ta’kidladi.

“Chunki o‘zi busiz ham juda ko‘p hududlarimizda benzin sotuvchi AYoQShlar juda kam. Ayrim tumanlarda bitta yo ikkita AYoQSh faoliyat ko‘rsatadi. E’tibor qiling, Samarqand viloyatida naq 26ta, Farg‘ona viloyatida esa 22ta AYoQShga benzin yetkazish to‘xtatilgan. Viloyatlar qirqimida aniq statistika yo‘q, lekin kuzatishlarimga ko‘ra, kamida mazkur viloyatlardagi AYoQShlarning uchdan birini tashkil etishi mumkin. Balki ayrim tumanlarda ishlaydigan birorta AYoQSh ham qolmagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”, – deydi u.

U jazo shakli boshqacharoq, balki moliyaviy bo‘lishi kerak va bu jazo AYoQSh faoliyati to‘xtab qolishi oqibatlarini yaratmasligi zarurligini qo‘shimcha qilgan.

“AYoQShlar faoliyati bir kunda tiklangan” — vazirlik

Energetika vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, kafolat xati yozib bergan tadbirkorlarga qarashli AYoQShlar faoliyati tezda tiklangan.

“Ularning faoliyati uzog‘i bilan bir kunda tiklab berilgan. AYoQShlar “Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymayman, iste’molchilarni aldamayman, qimmat sotmayman” degan kafolat xati beradi. Bizning inspeksiya bu ish bilan shug‘ullandi. Kafolat xati olingach, uzog‘i bilan 1 kunda faoliyati tiklanadi. Uzoq muddatga ularning faoliyatini to‘xtatib qo‘yib bo‘lmaydi, bu – xato bo‘ladi”, – dedi vazirlik matbuot kotibi Obid Dilmurodov.

U vazirlik qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan AYoQShlarga moliyaviy jazolar berilishiga oid alohida ma’lumot berishini qo‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: