Germaniya nega Ukrainaga tank yetkazib berishni kechiktirmoqda va bu NATO birligiga qanday tahdid tug‘diradi?

Jahon 20:21 / 24.01.2023 30052

20 yanvar kuni AQShning Germaniyadagi Ramshteyn aviabazasida NATOga a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish masalasi bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kiyevning Rossiyaga qarshi urushdagi eng yirik donorlari yangi yordam paketlarini (AQShdan 2,5 milliard dollarlik, Germaniyadan esa bir milliard yevrolik qurol-yarog‘) e’lon qilgan bo‘lsa-da, tomonlar ramziy ahamiyat kasb eta boshlagan asosiy masala bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Bu Germaniyaning Leopard-2 tanklarini Ukrainaga yetkazib berish masalasi.

Germaniya hukumati hali ham na o‘z tanklarini yuborish, na boshqa davlatlarning Leopard’larni yuborishiga ruxsat berish bo‘yicha qaror qabul qilgani yo‘q. Ramshteyndagi yig‘ilishdan so‘ng Germaniya mudofaa vazirligining yangi rahbari Boris Pistorius Germaniya bu qarorga to‘sqinlik qilayotgan yagona mamlakat degan taxminni noto‘g‘ri deb atadi va hamkorlar ham bu borada hali umumiy fikrga ega emasligini ma’lum qildi.

Matbuotda, agar AQSh o‘zining Abrams rusumli tanklarini Ukrainaga topshirsa, Germaniya ham Leopard’larni yetkazib berishni tasdiqlashi haqida mish-mishlar faol ravishda tarqalgan. Ammo Germaniya hukumati vakillari buni rad etmoqda. Garchi ba’zi amerikalik siyosatchilar hech bo‘lmasa bitta Abrams tankini Ukrainaga yuborish AQSh tashabbusini kutayotgan Berlinning qo‘lini yechib yuborishini ochiqcha aytayotgan bo‘lsa-da, Pentagon o‘z yordam paketiga tanklarni kiritmadi.

Germaniya rasmiylari, agar uchinchi davlatlar Kiyevga Leopard-2 tanklarini yetkazib berishga qaror qilsa, ularning qaroriga aralashmasligi haqida aniq tushuncha berdi. Bularning barchasi Yevropa Ukrainani Germaniya va uning tanklarisiz «kichik koalitsiya» bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi haqidagi bayonotlari fonida ro‘y berdi.

AQShning eng yirik nashrlari bo‘lmish The Wall Street Journal va The New York Times Germaniya hozirda qanday vaziyatga tushib qolgani haqida maqola yozdi.

WSJ: «Rossiya energiya urushida mag‘lub bo‘lmoqda. ‘General Qish’ dezertirlik qildi»

Leopard-2’ni Ukrainaga yetkazib berishning qanchalik maqsadga muvofiqligi harbiy ekspertlar o‘rtasida savollar tug‘dirmoqda, biroq bu tanklar Yevropa Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qanchalik jiddiy tayyor ekanligining siyosiy ramziga aylandi.

Yevropalik hamkorlar Germaniyaning Kiyevni qurollantirish borasidagi ehtiyotkorona yondashuvidan g‘azabda, bu ham ichki siyosatni, ham mojaroning yadro qurolini qo‘llashgacha borishidan xavotirni aks ettiradi. Ittifoqchilar qish oxirigacha yuz berishi mumkin bo‘lgan Moskva va Kiyevning ehtimoliy hujumi oldidan Ukrainani tezroq qurollantirmoqchi.

Boshqalar, NATO Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda AQShga haddan tashqari qattiq tayanayotganidan xavotirda. Chunki, AQShda respublikachilar Jo Bayden ma’muriyatini ko‘p milliard dollarlik harbiy yordamni davom ettirayotgani uchun tobora ko‘proq tanqid qilmoqda.

Ayni paytda Yevropa yetakchilari yanada qat’iyroq strategiyani kelishib olish uchun aniq iqtisodiy va siyosiy muhlatga ega bo‘ldi. Bir necha oy oldin Rossiya qish mavsumi uchun tabiiy gaz ta’minotini to‘xtatganda, Yevropa energiya inqirozi va retsessiyani kutayotgan edi.

Ammo Putinning qishdan o‘zining geosiyosiy manfaatlari yo‘lida foydalanish rejasi samara bermadi: Yevropa energiyaning muqobil manbalarini topdi, gaz narxi vaqtincha ko‘tarilganidan so‘ng arzonlasha boshladi, mintaqadagi iliq qish esa yevropaliklarning muzlashiga imkon qoldirmadi.

«Rossiya energiya urushida yutqazmoqda. ‘General Qishʼ bir necha oy oldin dezertirlik (jang maydoni, yoki harbiy qismni tashlab qochish) qildi», deydi Parijdagi Strategik tadqiqotlar jamg‘armasining maxsus maslahatchisi Fransua Eysbur.

Londonda joylashgan Capital Economics konsalting kompaniyasining Yevropa bo‘yicha bosh iqtisodchisi Endryu Kenningemning aytishicha, u Yevropa iqtisodiyotining bunchalik mustahkam bo‘lib chiqqanidan hayratda qolgan.

«Ammo buni amalga oshirish uchun kuch va omad birgalikda kerak bo‘ldi. Qulay ob-havo energiya sarfini kamaytirishga yordam berdi, hukumatlar esa uy xo‘jaliklari va sanoatning yuqori talabini kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi.

Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lib qolayotgan Germaniyada o‘tgan yilgi gaz narxining oshishi metallurgiya va kimyo kabi energiyani ko‘p talab qiluvchi sohalarga qattiq zarba berdi. Ammo Germaniya sanoatining boshqa tarmoqlari global ta’minot zanjirlaridagi kovid cheklovlari olib tashlanganidan keyin faol ravishda tiklanmoqda.

Inflatsiya ko‘plab Yevropa davlatlarida norozilik namoyishlari va ish tashlashlarga sabab bo‘ldi, biroq Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamning ommaviy qo‘llab-quvvatlashini kamaytirgani yo‘q. So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Yevropaning barcha yirik davlatlarida saylovchilarning mutlaq ko‘pchiligi (Yevropa Ittifoqining har to‘rt fuqarosidan uch nafari) Kiyevni qurollantirish va moliyalashtirish siyosatini, shuningdek, Moskvaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Fuqarolar Putin bilan muzokaralar olib borish kerakligini aytishdan to‘xtamoqda, chunki ular Putin tinchlik kelishuviga emas, harbiy g‘alabaga intilayotganini tushunyapti va nega ularning hukumatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq harakat qilmayotgani haqida savollar berishni boshlamoqda», deydi Rimdagi Xalqaro munosabatlar instituti rahbari Natali Tochchi.

Germaniya kansleri Olaf Shols uning maqsadi Ukraina g‘alabasini ta’minlash emas, balki Rossiya g‘alabasining oldini olish ekanligini bir necha bor ta’kidlagan. Bunday ehtiyotkorona qarash Ukraina bu urushda g‘alaba qozonishi kerakligini allaqachon ochiqchasiga aytayotgan Yevropa yetakchilari orasida kam uchraydi.

Kuzatuvchilar Berlin so‘nggi lahzada katta xalqaro bosim ostida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishini kutmoqda. «Agar Germaniya taslim bo‘lmasa, NATOda jiddiy inqiroz yuzaga keladi», deydi Fransua Eysburg.

Kiyev qarshi hujumga o‘tish uchun 300 ta tank talab etilishini ma’lum qilgan
Foto: Pierre Crom / Getty Images

NYT: «Azovstalni bundan oldin kim egallagandi? Bu nemislar edi»

Rossiya va Ukraina urushi Germaniyani Yevropadagi o‘z o‘rni, Moskva bilan munosabatlari va harbiy kuch ishlatish haqidagi o‘n yillik g‘oyalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Germaniya ongli ravishda o‘z siyosatini tinchlik va Yevropa integratsiyasi g‘oyalarini ilgari surishga yo‘naltirdi. Ammo urushdan keyingi nemis iqtisodiyoti asosan arzon rus energetika resurslari hamda SSSR va Xitoy bilan savdo-sotiq asosiga qurildi, chunki Berlindagilar o‘zaro aloqalarni rivojlantirish avtoritar rejimlarni yumshatishi mumkinligiga ishondi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi hozirgacha nemislar uchun nafaqat siyosiy, balki Rossiya haqidagi qarashlarni buzib yuborgan psixologik zarba ham bo‘lib qolmoqda. Bu noto‘g‘ri yaqinlashuv Germaniyaning Leopard-2 asosiy jangovar tanklarini Ukrainaga jo‘natishni xohlamayotgani va boshqa mamlakatlarga ham ruxsat berishni istamayotganida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Nemis jamiyatidagi ko‘pchilik Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ular bu qo‘llovning harbiy yetakchisi bo‘lish va buning ortidan Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga borish xavfi sabab chuqur ikkiga bo‘lingan. Ijtimoiy so‘rovnomalar shuni ko‘rsatdiki, nemislarning yarmi Ukrainaga tank yetkazib berilishini istamaydi.

Buni tarixiy xotira bilan izohlash mumkin. «Nemislar ularni agressor emas, balki sherik sifatida ko‘rishlarini xohlaydi. Va ular tarixda nemis qurollari millionlab odamlarni o‘ldirish uchun ishlatilgan mintaqalarga yana qurol-yarog‘ yetkazib berishga ayniqsa hayajon bilan yondashadi. Insonlar nemis qurollari bu mintaqalarda odamlarni o‘ldirish uchun qo‘llanishini xohlamaydi», deya fikr bildirgan Germaniya bo‘yicha Amerika kengashi prezidenti Stiven Cokol. U bunday mintaqalar sirasiga Rossiya, Ukraina va Polshani kiritgan.

Inqirozli davrda qat’iyatsizlik qilishda ayblanayotgan kansler Shols ichki siyosat haqida ham o‘ylashga majbur. Uning hukmron koalitsiyasidagi sotsial-demokratlar va «Yashillar» partiyasi orasida ko‘plab patsifistlar bor.

«Germaniyalik saylovchilar o‘z rahbarlari tinchlik varianti deya atalgan yo‘ldan yurishini, oxirgi yoki koalitsiyaning bir qismi sifatida harakat qilishini xohlaydi. Bu siz urushni alangalatmayotganingizni va harbiy kun tartibni ilgari surmayotganingizni ko‘rsatadi», deydi Berlindagi Germaniya Marshall fondi vakili Tomas Klyayne-Brokhoff.

Sholsning rejasi asta-sekin harakat qilish, saylovchilarni o‘z tomoniga og‘dirish va nihoyat, bu harakat tinchlik olib kelishi va Rossiyani muzokaralarga undashiga jamoatchilikni ishontirishi bilanoq tanklarni Ukrainaga yuborishdir.

Bunday yondashuv Ukrainadagi ko‘plab jang maydonlarining nomlari bir necha avlod nemislariga yaxshi ma’lum bo‘lgan mamlakatdagi tarixiy xotiraga hurmatni saqlaydi.

«Nega biz Azovstal haqida bilamiz? Ruslardan oldin Azovstalni oxirgi marta kim egallagan edi? Bu nemislar edi. Yoshi kattaroqlarning bari bu o‘lim maydonini eslaydi. Bu nom ularga tanish. U yerga gaubitsa va tanklarni yuborish kerakmi? Ko‘pgina keksa insonlar uchun bu hali ham og‘riqli savol», deydi Klyayne-Brokhoff.

«Nemislar SSSRning huquqiy vorisi bo‘lmish Rossiya oldida Ikkinchi jahon urushi uchun o‘zlarini aybdor his qiladi, ammo fashistlar Ukraina va Belarusda Rossiyadagidan ham ko‘proq odamlarni o‘ldirganini unutmasligimiz kerak», deya xotirlaydi Germaniya xalqaro munosabatlar va xavfsizlik instituti xodimi Klaudiya Meydjor.

«Berlin va Moskva o‘rtasidagi bir necha yillik munosabatlar majburiy xususiyatga (obsessive nature) ega. Germaniyaning Rossiya oldidagi qo‘rquvi va hayrati Ukrainaga nisbatan ko‘rlikka va yadroviy qo‘rquvga sabab bo‘ldi», deydi Oksforddagi Sent-Entoni kolleji tarixchisi Timoti Garton Esh.

Shu sabab ham Shols, Rossiya hammasiga Germaniyani ayblamasligi uchun birinchi bo‘lib tashabbus ko‘rsatmaydi va AQSh tank yetkazib berishini kutadi. Nemislarning ko‘pchiligi Ukrainadagi mojaro tugaganidan keyin ham Moskva bilan o‘rnatilgan munosabatlar saqlanib qolishini istaydi.

Sholsning o‘zini oqlash uchun aytgan so‘zlariga ko‘ra, Germaniya urishayotgan davlatga qurol-yarog‘ yetkazib bermaslik bo‘yicha o‘z tabusini buzib, Kiyevga uchinchi eng yirik harbiy yordam transhini taqdim etgan.

Ba’zi nemis siyosatchilari jamoatchilik fikri allaqachon o‘zgarib bormoqda, deya hisoblaydi. Sobiq nemis generali, hozirda Germaniya tashqi aloqalar kengashida ishlovchi Genrix Braussning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi mag‘lubiyati GFR manfaatlariga mos keladi, chunki ukrainaliklar Yevropa xavfsizligi uchun kurashmoqda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga tanklar yetkazib berishdan bosh tortish Germaniya obro‘si uchun halokatli oqibatlarni keltirib chiqaradi.

«Bu NATOdagi ittifoqchi sifatida Germaniyaga nisbatan ishonchning sezilarli darajada pasayishiga sabab bo‘ladi» deydi Brauss.

Ko‘proq yangiliklar: