14 yoshida Qur’oni Karimni yod olgan, arab, fors, hind va o‘zbek tillarida bemalol gaplasha oladigan Mahbub Afzal o‘zbek xalqining og‘aynisiga aylangan. Uning O‘zbekistondagi do‘stlari Mahbub haqida ko‘p joyda iliq so‘zlar aytishadi, o‘zlariga yaqin olishadi. Hindistonga davo izlab borgan bemor borki, Mahbub Afzalni taniydi.
Qahramonimiz bugun ko‘plab hamyurtlarimizning Hindistondan shifo topishida sababchi bo‘lib kelyapti. U bemorlar bilan gaplashib, ularga shifokor topib berish, shifokordan taklifnoma olish, viza olish, boringki, Hindistonda davolanib kelish bo‘yicha maslahati va xizmatini ayamaydi.
«O‘zbek tilini Hindistonda o‘rganganman»
— Hindistondagi «Al Salama Medical» turizm firmasini yuritaman. Va bir paytda Hindistondagi «Aakash» klinikasining O‘zbekistondagi elchisiman.
Mendan ko‘pincha o‘zbekchani qayerda o‘rganganim va o‘zbeklar bilan ishlash faoliyatim haqida so‘rashadi. O‘zbek tiliga muhabbatim madrasada o‘qigan paytimda boshlangan. U yerda Qur’oni Karim bilan birga islom olamida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi manba – Al-Buxoriyning hadislar kitobini ham o‘qiganmiz. Bundan tashqari, yana bir hadisshunos Termiziy, tibbiyot bo‘yicha eng katta olim Ibn Sino ham O‘zbekistondan bo‘lgani, qolaversa, Hindistonda boburiylar sulolasini tuzgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘zbek bo‘lgan. Ana shu shaxslar mening o‘zbek tilini o‘rganishimga turtki bo‘lgan.
Hindistondagi madrasani bitirganimdan keyin Dehlidagi Jamia Millia Islamia universitetiga kirdim. Bakalavriatni shu yerda tugatib, bu universitetda o‘zbek tili o‘rgatilishini bilib qoldim. Hindistonda o‘zbek tilini o‘rgatadigan fakultet faqat Jamia Millia Islamiada bor.
U yerda o‘zbek tilini o‘rganib, 5 yildan beri O‘zbekistonga kelib-ketib, o‘zbeklar bilan ishlab kelyapman.
Nega tibbiyot Hindistonda rivojlangan?
— Dardni bergan Alloh shifosini ham beradi. Biz bir sababchimiz, shifo esa Allohdan. Tibbiyotning Hindistonda rivojlanganiga sabab esa u yerda aholi ko‘p. Aholi ko‘p bo‘lgan joyda kasallik va tabiiyki uni davolash yo‘llari, usullari ham ko‘payadi. Shu bilan birga, kasalliklar ustida tajriba qilish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi.
Bundan tashqari, Hindistonda tibbiyot universitetlariga kirish va o‘qish juda qiyin. Bitta o‘ringa 100 mingtagacha abituriyent to‘g‘ri keladi. Ularning ichidan imtihondan o‘tish yuqori bilimni talab qiladi. Talabalar o‘qishning keyingi bosqichiga o‘tish uchun ham ko‘p o‘qishlari kerak bo‘ladi.
Nega bizda yaxshi mutaxassislar ko‘pligining yana bir sababi – ko‘p shifokorlarimiz AQSh, Yevropada malaka oshirib, so‘ngra Hindistonga kelib ishlarini davom ettirishadi.
Mahbub va o‘zbeklar o‘rtasidagi bog‘liqlik
— Meni tanigan-bilganlar qarindoshlari, do‘stlariga tavsiya qilishadi. Shuningdek, O‘zbekistondagi klinikalar bilan ham hamkorligimiz bor. Ular orqali ham men bilan bog‘lanishadi. O‘zbekistonda davolashning imkoni bo‘lmagan hollarda biz bilan aloqaga chiqishadi.
Bemorlar odatda men bilan bog‘lanib, o‘zlarining kasallik tarixlarini jo‘natishadi. Shunga qarab ularga Hindistondan shifokorlarni tavsiya qilaman. Hozirda bemorlar O‘zbekistondagi klinikalarda turib, Hindistonlik shifokorlardan onlayn konsultatsiya olishyapti. Agar bemor onlayn konsultatsiya bilan shifo topmaydigan bo‘lsa, Hindistonga kelishiga to‘g‘ri keladi.
Yaqin yillar ichida O‘zbekistondan Hindistonga jigar almashtirish, onkologik kasallar, bosh miyada o‘simta, oqqon kasalligi bilan og‘rigan bemorlar kelib ketishi juda ko‘paygan.
Hindistonga davolangani borish haqida
— Men bemorning kasallik varaqalarini olib, Hindistondagi shifokorlarga ko‘rsatib, jarrohlik amaliyoti yoki davolash orqali tuzaladigan kasalligini aniqlab beraman. Bu yerdagi shifokorlarning tavsiyasini olgandan keyin, bemor bilan o‘zimiz bog‘lanamiz va vaziyatni tushuntiramiz. Agar Hindistonga kelish shart bo‘lmasa, buni ham bemorga yetkazamiz. Mabodo bemor o‘zi kelishni, kasalligini qayta tekshirtirishni xohlasa, uni ham qabul qilamiz.
Umuman, Hindistonda davolanishga keladigan bemor avvalo bizga xorijga chiqish pasportini tashlab berishi kerak. Keyin biz unga klinika nomidan taklifnoma jo‘natamiz. Unda klinikaga bemor kelishi kerakligini yozamiz. Taklifnomada bemor qaysi klinikaga kelishi kerakligi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Shu taklifnomaga asosan, onlayn anketa to‘ldiradi. Uni xohlagan vaqt, xohlagan joyida to‘ldirish mumkin. Shu tariqa, hozir 1 kunda ham viza chiqyapti. Chunki vizani onlayn olish imkoni ham paydo bo‘ldi.
Keyin chipta olib kelsa bo‘ladi. Chipta olgandan keyin bizga tashlab beriladi, biz shunga qarab ularni kutib olib, mehmonxonaga joylashtirish, klinikaga olib borish kabi hamma tashkiliy ishlarni qilib beramiz. Bu ish bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanaman. Chunki ko‘p bemorlar ruscha va inglizchani bilmaydi. Qolaversa, begona yurtda bemorlar bilan ularning ona tilida gaplashish, dardini eshitish va yordam qilish bemorlarni ruhan qo‘llab-quvvatlaydi.
Bemorga yordam qiladigan fondlar
— 7 yildan beri shu sohaning ichida bo‘lsam, oxirgi vaqtlarda talab juda ko‘pligi uchun asosan o‘zbeklar bilan ishlayapman. Oldin arablar bilan ishlardim. Ayni damda Hindistondaman. Shuning uchun bemorlar bilan bog‘lanib, viza ishlarini hal qilganimizdan keyin, ularni Hindistonda kutib olish, mehmonxona topib gaplashish, u yerga bemorni joylashtirish va shifokorlar bilan gaplashish, klinikalarga olib borish, xullas, Hindistondagi barcha jarayon uchun men javobgarman.
Lekin bizning ishimiz faqat bu bilan cheklanmaydi. O‘zbekistonda hammada ham Hindistonga kelib davolanish uchun sharoit yo‘q. Shuning uchun O‘zbekistondagi turli fondlarni topib, kasallarga homiylik qilishlarida ham ko‘maklashishga yordam beramiz. Bu bo‘yicha «Ezgu amal», «Ona», «Sog‘lom avlod» kabi fondlar bilan hamkorlik qilib kelamiz.
Odatda bemorlarning Hindistondagi davolanishlari 15-20 kunda bitadi. Agar transplantatsiya bo‘lsa, muddat 2 oyga cho‘ziladi. Bunda Hindistonga bemordan tashqari 2 kishi kelgani ma’qul. Chunki donor ham vaqtincha kasal bo‘lib qoladi. 2 kasalga qaraydigan yana bir kishiga ehtiyoj tug‘iladi. Transplantatsiya bo‘lmasa, 2 kishi yetarli.
O‘zbekistonda odamlar o‘ta og‘ir kasal bo‘lmaguncha harakat qilishmaydi. To‘g‘ri, bunaqalar Hindistonda ham bor. Shuning uchun ulardan kasallik haqida iloji boricha tezroq xabar qilishlarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki kasallikning vaqti o‘tib ketsa, mablag‘ ham ko‘p ketadi, kasalni davolash ham cho‘ziladi.
Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.