“18 yoshda turmushga bermoqchi bo‘lishgan” – bakalavrni Angliyada, magistraturani Kanadada o‘qiyotgan o‘zbek qizi hikoyasi 

Jamiyat 12:04 / 22.01.2023 57108

“OTMdan 2 marta yiqildim...”

Farg‘onada akademiklar oilasida katta bo‘lganman. Aqlimni taniganimdan boshlab kitoblar bilan birgaman. Oilada o‘qishimizga juda qattiq turishgan. 7-8 yoshlarimdan boshlab onam bitta xonaga kiritib, ingliz tilidan lug‘atni yodlamagunimizcha chiqishga ruxsat bermasdi. O‘shanda xafa bo‘lgan paytlarim ham bo‘lgan, lekin hozir men uchun foydali bo‘lganini his qilaman.

6 yoshimda, hali maktabga chiqmasdan turib ingliz tilini o‘rganish uchun repetitorga berishgan. Onamning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi sabab bizni ham juda erta til o‘rganishga turli kurslarga yuborishgan.

Maktab payti ingliz tilidan turli olimpiada va tanlovlarga qatnashardim. Lekin aksar tanlovlarda tanish-bilishchilik, bilimlilarni o‘tkazmaslik holatlarini ko‘rib xafa bo‘lganman. Yoki maktabda ingliz tili o‘qitilsa ham, nega darslar sifatli emasligi, alohida o‘qituvchiga pul to‘lab o‘rganishga majbur ekanimni tushunmasdim.

Maktabni tugatib xorijiy til yo‘nalishida litseyda o‘qiganman. So‘ng OTMga xorijiy til yo‘nalishiga 2 marta hujjat topshirdim, har safar ingliz tilidan testni to‘liq yechardim, biroq tarix va rus tilidan testim pastroq chiqib kira olmaganman. Kirish imtihonlaridagi nohaqliklar (2012-2013 yillar) – ayrim abituriyentlarning testlarini xonadan olib chiqib ketib ishlab berishganlari kabi holatlar ham kayfiyatimga ta’sir qilgan.

“18 yoshda turmushga bermoqchi bo‘lishgan”

Ingliz tilini yaxshi ko‘rib o‘rganganim uchun chet elga chiqish istagim ham juda kuchli edi. Universitetga kira olmaganimdan keyin bu istagim yanada kuchaygan va shuning uchun imtihondan keyin Farg‘onaga qaytmasdan IELTS o‘qidim. Shu paytlari onamni xorijda o‘qish uchun ketishga ko‘ndirishga tayyorlay boshladim. Lekin onam rozi bo‘lsalar-da, boshqa ko‘p qarindoshlarim: buvim, bobomlar qarshi bo‘lishgan. Xorijda o‘qib nima qiladi, turmushga beramiz, deyishgandi. O‘shanda rosa hayron bo‘lganman, ular hammasi o‘qimishli, akademiklar bo‘la turib chetda o‘qishimni xohlashmagan.

Mening maqsadim esa har kuni nimadir yangi narsa o‘rganish, oldimga qo‘ygan aniq maqsadlarimni amalga oshirish. Chet elda o‘qish maqsadlarim orasida bor edi.

Shunday qilib 18 yoshimda Londonga ketdim. Bir yillik biznesga tayyorlov maktabida o‘qib, keyin Londondagi Southampton Solent University’ning xalqaro biznes boshqaruvi yo‘nalishiga o‘qishga kirganman. Shartnomam uchun uydan pul so‘ramasdim. Onam O‘zbekistondan kelayotganimda bag‘riga bosib “sizni otasiz katta qildim, o‘zingiz bildingiz qancha qiyinchiliklardan o‘tdik. Har bir ishni qilayotganingizda mana shular, sizni qancha qiynalib katta qilganim esingizda tursin, mening yuzimni yerga qaratmang”, deb jo‘natgan. Mana shu narsa doim yodimda bo‘lgan.

“O‘qish pulini to‘lash uchun kechasi ishlardim”

Kursdoshlarim darsdan so‘ng turli to‘garaklarga borsa, aylanishlarga chiqishsa havasim kelardi. Ular o‘sha yer fuqarosi bo‘lgani uchun shartnomasini davlat to‘lab berardi. Menda esa bunaqa imkon bo‘lmagan. O‘qishdan keyin uyga kelib 2-3 soat uxlab olib kechki payt ishga ketardim. Kechki 8 dan ertalabki 7 gacha do‘konda peshtaxtalarga tovarlarni taxlab chiqardik. O‘qish davomida 3 yil do‘konda shunday ishladim.

Esimda bir marta uyning ijarasiga 1 oylik, o‘qishimga 1 oylik to‘lov qilib, yonimda atigi bir funt tanga qolgan. Ishga esa avtobusda borishim kerak edi. O‘shanda o‘zimga esdalik bo‘lishi uchun yig‘lab kichik video olib qo‘ygandim: “Mana hozir oldimda faqat bir funtlik tanga bor xolos. Ishga piyoda ketyapman. Lekin xafamasman, o‘qish va uy pulini to‘ladim”, degan ekanman o‘sha videoda.

O‘qishni bitirgach Londondagi “Fortnum and Mason” kompaniyasida bir yil ishladim. Har bir ishni yaxshi ko‘rib qilishga harakat qilganim uchun kompaniyadagi bir yillik faoliyatimda ketma-ket bir necha oy “Eng yaxshi ishchi” sifatida e’tirof etishgan.

Karantin payti O‘zbekistonga qaytib, turmush o‘rtog‘im bilan tanishib oila qurdik va Kanadaga keldik. Hozir bu yerda magistraturada o‘qiyman.

To‘yimda kelin ko‘ylak kiymaganman, lekin bu baxtli bo‘lishimga xalaqit bermagan

To‘yimiz 2020 yilda qattiq karantin boshlanadigan paytga to‘g‘ri kelib qolgan. Turmush o‘rtog‘im bilan boshqa-boshqa viloyatlardan bo‘lganimiz uchun karantin kuchli bo‘lgani sababli meni Farg‘onadan Samarqandga olib kelishgan  va shu orada xalqqa osh berilgan. Viloyatdan chiqish imkoni bo‘lmagani uchun qarindoshlarim to‘yda qatnasha olishmagan. To‘yda kelin-kuyov bo‘lib yasanib o‘tirish imkonimiz ham bo‘lmagan. Bundan hecham afsuslanmayman, oq ko‘ylak kiymaganim baxtli bo‘lishimga xalaqit bermagan. To‘yga ishlatishimiz mumkin bo‘lgan pulni esa Kanadaga kelish xarajatlariga sarflaganmiz.

“Kitoblarimni Kanadaga ham olib keldim”

Kitoblarni juda yaxshi ko‘raman. Angliyada pulsiz qolib ketgan kunlarim ham bo‘lgan. O‘shanda ham yonimda 200 dan ortiq kitoblarim bor edi. Qayerga ko‘chsam ham, o‘zim bilan olib yurardim. Onam “agar puling tugagan bo‘lsa, kitoblaringni sot” deb aytgan, lekin ularni hech qachon sotish haqida o‘ylamaganman. Angliyadan Toshkentga kelgach, u yerga qaytmasligim aniq bo‘lgach turmush o‘rtog‘imga kitoblarimni O‘zbekistonga olib kelishimga 500 dollar kerak bo‘lishini aytganimda hayron qolgandi. Lekin hozir Kanadaga o‘sha kitoblarimning yarmini olib kelolganman.

Hozir o‘g‘limning ham kichik kutubxonasi bor. Unga kitoblar o‘qib beraman. Hatto o‘g‘lim qaysi kitobni yaxshi ko‘rishini ham o‘qib berganimda bildiradigan reaksiyasiga qarab bilib olganman.

“Til o‘rganish uchun xohish kuchli bo‘lishi kerak”

Dunyoning 10 ga yaqin davlatlarida bo‘ldim. Bu dunyoqarashga ham ta’sir qiladi. Sayohat bilan insonning o‘rganuvchanligi oshadi.

Shu paytga qadar 4 ta tilni: ingliz, rus, turk, ispan tilini o‘rganganman. Ularda erkin gaplasha olaman. Ispan tilini o‘rganishimga Real Madrid’ga muxlisligim sabab bo‘lgan. 13 yildan beri fanati bo‘lganim uchun Ispaniyaga borib ular bilan o‘z tilida gaplashaman deb shu tilni o‘rganganman va bu maqsadimga yetganman. Til o‘rganishga insonda eng birinchi navbatda xohish bo‘lishi kerak. Hozir til o‘rganishga yordam beradigan turli video kontentlar bor. Ularni titr bilan tomosha qilish, ko‘proq o‘qish va o‘qiganlari haqida yozib borish orqali bir oyda ham tilni ancha o‘rganib olish mumkin.

Hozir

Hozirda juda bandman: Kanadada magistraturada o‘qiyman, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ulman. O‘zbekistonda o‘zimning kichik xayriya loyiham ham bor.

Farzand tarbiyasi, albatta, eng mas’uliyatlisi. Hozir arab tilini o‘rganyapman. Sababi bolamga arab tilini o‘zim o‘rgatishni xohlayman.

Kanadada o‘z shaxsiy biznesimni ochish rejam bor. Bundan tashqari, o‘qish istagida bo‘lgan onalarga yordam beradigan loyihalar boshlashni rejalashtiryapman. Hozircha farzand parvarishi va tarbiyasi haqida blog yurita boshladim.

Ta’lim

O‘zbekistonda universitet ta’limini olmaganman, lekin maktab va litseyda o‘qiganimdan kelib chiqib aytishim mumkin bo‘lgani: o‘quv dasturlaridan ortiqcha fanlarni olib tashlash kerak. Bu bolalarning vaqtini o‘g‘irlash xolos. Ukam O‘zbekistonda OTMda o‘qiydi. Uning yo‘nalishiga matematika kerakmas, lekin shu fanni ham o‘qishadi. Xorijda faqat o‘z yo‘nalishiga kerakli fanlar dasturga kiritiladi va ulardan ham yoqmagan fanlarni talaba o‘zi o‘zgartira olish huquqiga ega. Unda tanlov imkoniyati bor.

Bundan tashqari, Londondagi universitetda juda ko‘p to‘garaklar bor. Basketbolmi, til o‘rganishmi, istalgani bilan professional darajada bepul shug‘ullanish imkoni bor. Shu tajriba O‘zbekiston OTMda ham bo‘lishini xohlardim.

Qizlarga maslahat

Londonga ketayotgan paytim onamga shartnoma pulimni o‘zim to‘layman deb so‘z berib ketgandim. Sababi kichikligimdan onam bizni mehnatga o‘rgatgani uchun eplay olishimga ishonganman.

O‘zbekistonda universitetga 2 marta topshirib kira olmaganimdan xursandman, agar o‘sha payti kirganimda hozirgi darajaga yetib kelmagan bo‘larmidim.

Qizlarga maslahatim: agar o‘qish va turmushga chiqish tanlovi bo‘lsa, birinchi o‘rinda o‘qishni tanlang. Sababi farzandli bo‘lgach unga o‘rgatish uchun ham o‘qish kerak. Men ham 18 yoshda emas, sal keyinroq o‘qib, ilmli bo‘lib turmushga chiqdim. 6 oylik o‘g‘limga hozirdan o‘zim bilgan narsalarni o‘rgatishni boshladim. Ilm olish, albatta, farzand tarbiyalash uchun muhim. Vaqtni keraksiz narsalarga sarflash kerak emas.

Qiz o‘stirayotgan onalarga esa o‘z ustida ishlashlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Sababi farzand birinchi navbatda onadan o‘rganadi. O‘zida yo‘q narsani boladan talab qilish xato. Qolaversa, ona ilmli bo‘lsa, bolada faxr tuyg‘usi bo‘ladi. Bu ham juda muhim narsa bo‘lsa kerak.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: