Gullayotgan dorixonalar: «Tilla tuxum tug‘ib turgan tovuq» qachon so‘yiladi?

Jamiyat 18:09 / 19.01.2023 53899

O‘zbekistonda dori-darmon savdosi o‘ta bemalol: dorixonalar retsepsiz ham dori sotishadi. Shamollash, ich og‘riq, bosh og‘riq kabi dardlarga mubtalo bo‘lganlar shifokor huzuriga borib ham o‘tirmasdan, «aptekachi»dan dori xarid qilib, iste’mol qilaverishadi.  

Dori-darmonlar reklamasi esa hamma yoqni – internet, TV, ko‘chalar va hattoki kasalxonalarni bosib ketgan. Garchi barcha reklamalarda dori vositalarini vrach bilan maslahatlashib iste’mol qilish tavsiya etilayotgan bo‘lsa-da, aksariyat odamlar buni so‘rab o‘tirmaydi.

Albatta, bularning barchasi vrachlarning tamagirligi, keraksiz va qimmat dorilarni ham qo‘shib yozib berishi, kasalxonalardagi navbatlar va sifatsiz xizmatlarga borib taqaladi. Aksariyat rivojlangan xorijiy davlatlarda bunday emas: dorixonalardan dori xarid qilish uchun vrach retsepti kerak bo‘ladi.

Axborot asrida yashamoqdamiz. Tibbiyot va farmatsevtika sohasini allaqachon raqamlashtirib, tartibga solsa bo‘lar edi. Hozirgi kunda har qanday dasturchi yagona va samarali elektron tizimni yaratib bera oladi.

Bu qanday tizim va u qanday ishlashi kerak?

Yagona savdo tizimi

Bunday tizimga dorixonalar rasman ekspertizadan o‘tgan, tavsiya etilgan, litsenziya va ruxsatnomalarga ega bo‘lgan va realizatsiyaga chiqarilayotgan dori-darmon vositalarining maxsus kodini kiritib boradi. Jumladan, dorilarni joyida tayyorlaydigan dorixonalar ham. Jarayon dorilarning ulgurji realizatsiya punktlarida yoki bojxona maskanidayoq boshlanadi. Bu dorilarni kamroq boj to‘lash uchun bojxonadan arzon narx ko‘rsatib olib kirib, aslida ularni juda qimmat narxda sotishning ham oldini oladi.

Qolaversa, umumiy reyestr shakllanadi. Inson uchun zarur bo‘lgan ma’lum bir dori-darmonlar unga yaqin bo‘lgan hududdagi dorixonalarda bor-yo‘qligi, narxi ham osongina shakllanadi.

Bu dori vositalarining reyestrini shakllantirish uchun umumiy bir manzara edi. Buni bemalol qilsa bo‘ladi. Balki qandaydir ko‘rinishda allaqachon bordir ham.

Ko‘plab aptekalar 1S buxgalteriya dasturlaridan foydalanayotgani, telegram botga ma’lumotlar uzatishini bilamiz. Lekin bu noaniq ishlaydigan tizim. Telegram botlardan biri orqali oddiygina «Aktrapid» insulinini izlab ko‘rganimizda Samarqanddagi ko‘plab «apteka»larda borligi ko‘rsatildi. Lekin borib ko‘rganimizda bu joylarda insulin yo‘qligi yoki bor bo‘lsa ham narxi botda ko‘rsatilganidan qimmatroq ekani ma’lum bo‘ldi.

Bizga yanada aniq ishlaydigan tizim kerak.

Bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish raqamlashtirilishi kerak

Endi dorilarni shifoxonalarda yozib berish va ularni dorixonalarda xarid qilish jarayoniga to‘xtalamiz.

Avvalo, Sog‘liqni saqlash vazirligi Xalq ta’limi vazirligining kundalik.com tizimiga o‘xshash, har bir vrach uchun (u davlat shifoxonasi bo‘ladimi yoki xususiy shifoxona, qat’i nazar) umumiy portal va shaxsiy kabinet tashkil qilishi kerak. Keling, misol tariqasida vrach.uz deb ola qolaylik.

Bemor oilaviy shifokorlik punkti yoki oilaviy poliklinikaga borganda u dastlab vrach.uz portalida elektron tarzda qayd etiladi va kerakli vrachga yo‘naltiriladi. Poliklinikadagi vrach esa tizimga ulanib, bemorning kasalligi haqida ma’lumotlarni qayd etadi hamda elektron retsept tuzadi. Ukol oladigan bo‘lsa hamshiraga topshiradi yoki boshqa ixtisoslashgan shifoxonaga chuqur ko‘rikka yo‘llanma yozib beradi.

Hozir bu protseduralarning barchasi qog‘ozda amalga oshiriladi. Aslida, shu jarayonni elektron ko‘rinishga keltirish haqida gap bormoqda. Chunki hammasi shu yerdan boshlanadi. Bu ishni dasturchilar bemalol qilishi mumkin. Nainki kompyuter yoki noutbuk, vrach mobil gadjetidan foydalanib ham bemorni ko‘rikdan o‘tkazish haqidagi ma’lumotlarni kiritish mumkin.

Tizimda davolanish kursini tayinlagan vrachning ism-familiyasi, qabul qilingan soatlargacha qayd qilib qolinadi. Tashxis yoziladi. Belgilangan davolash choralari kerakli bo‘limlarga to‘ldiriladi. Ukol uchun hamshiralarga yo‘naltiriladi. Bemorga tegishli ma’lumotlar, o‘zi va yaqinining telefon raqamlari ham kiritiladi.

Bu orqali vrach kuniga qancha bemor qabul qilayotgani, fuqarolar qanday kasalliklar bilan murojaat qilayotgani, qayerda qanday kasalliklar ko‘proq urchiyotgani, davolash protokollari haqida ham eng real ma’lumotlar shakllanadi. Shuningdek, davlat tomonidan shifoxonalarga bepul berilayotgan vaksinalar va dori-darmonlarning ham soni nazoratga olinadi.

Retsept faqat QR kod orqali

Vrach tomonidan elektron retsept tuzilganida retseptning maxsus unikal kodi va QR-kodi shakllanadi. Uni qog‘ozga chop etish yoki SMS ko‘rinishida bemorning mobil telefoniga tashlab berish mumkin.

Bunday retsept bilan ishlash «apteka»lar uchun ham qulay. Ular ham retsept kodini kiritadi yoki skaner qiladi. Bemor yoki uning yaqini telefoniga tasdiqlash kodi SMS orqali keladi. Kodni kiritib, retseptni ochib, kerakli dorilarni yozilgan miqdoriga qarab beradi. Agar ko‘rsatilgan dorilarning birortasi dorixonada bo‘lmasa, o‘sha dori keyingi dorixonada xarid qilinmagunga qadar retsept ochiq turadi.

Bu tizim fuqarolar va davlat organlari uchun har tomonlama qulay aslida. Hisobga olinmagan dorilarni savdoga chiqarish imkonsiz bo‘ladi. Dorilarning hisob-kitobini yuritish ham osonlashadi. Xaridorlarga xaridi uchun chek berish masalasi to‘liq yechiladi.

Retsepsiz sotiladigan dorilar

Albatta, retsepsiz beriladigan, nojo‘ya ta’siri yo‘q va o‘ta ahamiyatsiz bo‘lgan an’anaviy dori vositalari ham bor. Masalan, vitaminlar, vazelin kabi turli surtmalar. Yoki paxta, bint, shprits kabi narsalar. Bunday dori-darmonlar va buyumlar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ular dorixonalarda retsepsiz beriladi.

Qolgan dori vositalari retsept asosida berilishi qat’iy nazoratga olinishi, bunga amal qilmaganlarga litsenziyasidan mahrum etishgacha qat’iy jazo belgilanishi kerak.

Buning uchun joylardagi dorixonalarda tinimsiz «nazorat xaridlari» o‘tkazib turiladi. Nachora, islohot to‘liq yurib ketishi uchun mana shunday qat’iy choralarni ayamasdan qo‘llab turish kerak bo‘ladi.

Yodingizda bo‘lsa savdo shoxobchalarida xaridni amalga oshirganlik uchun keshbek tizimi joriy qilingach, bunday chekni bermagan sotuvchilarga chora ko‘rish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya boshlandi: otning kallasiday jarima, shikoyat qilgan xaridorlarga jarima summasidan mukofot belgilandi. Ko‘rilgan choralar samara berdi, do‘kondorlar asta-sekin QR kodli chek berishni odat tusiga aylantirishdi.

Ushbu chorani aynan retsepsiz dori sotuvchilarga nisbatan ham qo‘llash zarur. Retsepsiz berish mumkin bo‘lmagan dorilarni tartibga zid tarzda sotgan dorixonalar va ularning sotuvchilariga jazoni keskin kuchaytirish kerak. Bu borada tinimsiz nazorat reydlari o‘tkazib borish zarur. Shunda albatta samarasini beradi.

Dorilarning reklamasi

Bu choralardan so‘ng odamlarning o‘zini o‘zi davolashiga qarshi kurashish birinchi planga ko‘tarilib, bemorlarga davolanish uchun dori vositalarini belgilashda vrachlarning mas’uliyati ortar ekan, dori vositalarining televideniye, radio, bosma nashrlar, internet nashrlari, shifoxonalar, transport va ko‘chadagi bilbordlardagi reklamasini to‘liq taqiqlash kerak bo‘ladi. Buning uchun eng avvalo reklama to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish zarurati tug‘iladi.

Farmatsevtika kompaniyalari faqat seminarlar, taqdimotlar uyushtirib dori vositalarini vrachlar uchun tavsiya qilishlariga ruxsat berish kerak. O‘sha yuqorida tilga olib o‘tilgan meditsina portalida ham dori-darmon vositalari reklama qilinishi mumkin (bu portalni mablag‘ bilan ta’minlashning ham bir yo‘li). Ammo bunday reklamalar keng jamoatchilik uchun targ‘ib ishlariga nuqta qo‘yilishi lozim.

Inson salomatligi – bebaho boylik. Kimlardir mo‘may daromad orttirish ilinjida odamlarning salomatligini xavf ostiga qo‘yishining barcha yo‘llari qirqilishi kerak. Ammo yurtimizda hukumatni ham, parlamentni ham o‘z izmiga yurita oladigan leviafandek dori-darmon mafiyasi borligi aniq. Deputatlarimiz, senatorlarimiz, hukumatimiz a’zolari, xususan Sog‘liqni saqlash vazirligida mana shunday — soatdek aniq ishlaydigan tizim yaratish uchun siyosiy iroda bormikan, bor bo‘lsa yetarmikan? Yoki «tilla tuxum tug‘ib turgan tovuq»ni so‘yib yuborishga ko‘zlari qiymasmikan? Bunisini endi vaqt ko‘rsatadi. 

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: