Instagramʼda faoliyat yurituvchi o‘zbek vaynerlaridan biri notanish ayolga qo‘pol munosabatda bo‘lgani, uning qarshiligiga qaramay qo‘lidan ushlab mashinasiga o‘tirg‘izmoqchi bo‘lgani aks etgan video internet foydalanuvchilarining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
“Prank deb nomlab xohlagan ishimizni qilsak bo‘ladimi? Hurmatli IIBB, samosud qilishga ruxsat yo‘q ekan, nima, bu xohlagan ishini qilib yuraveradimi?” deb yozadi dasturchi va bloger Abdusattor Abdurahimov.
Uning fikricha, ushbu videoda vayner shaxsning ruxsatisiz unga tegingan, shaxsga tahdid qilgan, shaxsni o‘g‘irlashga uringan, shaxsni qo‘rqitgan, shaxsiy daxlsizlik chegarasini va ikki kishi, ayniqsa, qarama-qarshi jins vakili bilan o‘rtada saqlanishi shart bo‘lgan “shaxsiy oraliq” masofasini buzgan.
Fikr bildirganlarning aksariyati prankchining harakatlarini qoralagan. Norozilikka sabab bo‘lgan video qachon olingani noma’lum. Vaynerning Instagramʼdagi sahifasida ushbu video mavjud emas. Biroq sahifada shaxsiy daxlsizlik chegarasi buzilgan bundan boshqa videolar ham talaygina (1, 2, 3, 4, 5, 6).
Garchi bu videolarning aksariyatida hazil ekani matnda eslatilgan bo‘lsa-da, videoda bu haqda bir og‘iz so‘z ham yo‘q. Eng yomoni, bunday kontentni ko‘rayotganlar notanish ayolga gap otish, uni haqoratlash, sevgan qizi yoki rafiqasi bilan birga sayr qilib yurgan yigitni noqulay ahvolga tushirib obro‘sizlantirish, istalgan odamga o‘ng‘aysiz savollar berishni tabiiy holat deb qabul qila boshlashi mumkin.
Qolaversa, vayner o‘z videolarda turli jargon va haqoratomuz so‘zlarni bemalol ishlatishi obunachilari tomonidan tanqid qilib kelinadi.
Avvalroq «prank» video olish uchun sog‘lom qo‘lini singan deb shifokorlarni aldab sog‘lom qo‘lini gips qildirgan xorazmlik o‘smir uzr so‘rab chiqqandi.
Toshkentda ikki nafar prankchi ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgani uchun 15 sutkaga qamalgandi.
Samarqandda tramvaydagi yo‘lovchilar yuziga suyuqlik sepib qochish o‘smirlarning pranki bo‘lib chiqqan va ular bu qilig‘i uchun kechirim so‘rashgandi. Bu voqeaga aloqador o‘quvchilarga psixologlar biriktirilgandi.